Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha vazifalar ijrosi yuzasidan yigʻilish oʻtkazmoqda.
Kun tartibiga oʻtishdan oldin davlatimiz rahbari hozirgi kunda butun dunyoda katta tashvish va xavotir uygʻotayotgan masalaga toʻxtalib oʻtdi.
“Maʼlumki, Isroil armiyasi va Hamas harakati oʻrtasida davom etayotgan qurolli toʻqnashuvlar gumanitar inqirozni chuqurlashtirmoqda, tinch, begunoh aholi orasida koʻp sonli qurbonlarga olib kelmoqda.
Bolalar va ayollar halok boʻlmoqda, odamlar boshpanasidan ayrilmoqda, oʻz uylarini tashlab ketishga majbur boʻlmoqda.
Biz Falastin va Isroil tomonidan qurbon boʻlgan barcha insonlarning oilalariga chin dildan taʼziya va hamdardlik izhor etamiz.
Men Gʻazo sektori aholisiga baholi qudrat yordam koʻrsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratish haqida qaror qabul qildim.
Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qatʼiy bildiramiz va uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq oʻz mustaqil davlatini barpo etishga boʻlgan huquqini qoʻllab-quvvatlaymiz”, — dedi Prezidentimiz.
“Zoʻravonlik yanada avj olaversa, bu xalqaro vaziyatning keng miqyosda izdan chiqishiga, qurolli toʻqnashuvlarga yangi kuchlar tortilishiga olib keladi.
Bularning barchasi Yaqin Sharq mintaqasi bilan cheklanmay, uzoq oʻlkalarga ham tarqalib ketadigan, oqibatini bashorat qilib boʻlmaydigan fojialarga olib kelishi mumkin.
Aynan shuning uchun ham biz har ikki tomonni zudlik bilan gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga, jangovar harakatlarni toʻxtatib, nizoni tinchlik yoʻli bilan hal etishga chaqiramiz.
Maʼlumki, biz yashayotgan Markaziy Osiyo mintaqasi turli millat va konfessiyalar vakillarining oʻzaro tinch-totuv hayot kechirishi boʻyicha noyob tajribaga ega.
Bu zaminda asrlar davomida musulmon, xristian va yahudiylar doʻstlik va hamjihatlikda yonma-yon yashab kelyaptilar.
Men bugungi fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizga, avvalo, yoshlarimizga murojaat qilib, ularni turli yolgʻon tashviqotlarga berilmaslikka, qonunga zid xatti-harakatlar sodir etmaslikka chaqiraman.
Bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz boʻlgan tinch va osoyishta hayotimizni, oʻzaro birlik va hamjihatligimizni barchamiz birgalikda asrashimiz zarur”, — dedi davlatimiz rahbari va kun tartibidagi masalalar muhokamasiga oʻtdi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q