“Isroilda 10,5 mingdan ortiq oʻzbekistonlik bor, Falastin boʻyicha maʼlumotimiz yoʻq” – Oʻzbekiston TIV

Saqlash
22:07 / 31.10.2023 1296 0

30-oktabr kuni Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining yigʻilishida Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Bahromjon Aʼloyev vazirlikning 2023-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar boʻyicha axborot berdi.

TIV rasmiysi, shuningdek, Isroil-Hamas mojarosi hududidagi oʻzbekistonliklar haqida ham maʼlumot berdi.

“Bizdagi maʼlumotlarga koʻra, Isroilda 10,5 mingdan ziyod Oʻzbekiston fuqarolari yashaydi. Ularning aksariyati, Samarqand viloyatidan. Fuqarolarimizning 95 foizdan ortigʻi Isroildagi qariyalarga xizmat koʻrsatadi. Ushbu mojarolar boshlangach, Isroildagi Oʻzbekiston elchixonasi fuqarolarimiz bilan yaqindan, doimiy aloqada boʻlib turibdi.

Isroilda oʻqiyotgan 70 nafar talabalarimiz vatanga qaytarildi. Shundan SamDUdan borgan 6 nafar talabamiz qaytishni xohlamadi, hozir ular bilan ham ishlar olib borilyapti, imkon boʻlsa qaytaramiz.

Oʻzbekiston havo yoʻllari [Isroilga] haftasiga 3 ta reysni amalga oshiryapti. Xohlaydiganlar qaytyapti, lekin koʻpchilik ishlagani borganlar qaytmoqchi emas. Ochigʻini aytish kerak, chunki ular qarzlar olib ketishgan, ishlamasa boʻlmaydi. Moddiy sharoit tufayli shu yerda ishlashga tayyor.

Biz diplomatlarimizning oilalarini ham Oʻzbekistonga qaytardik. Hozir 5 nafar diplomatimiz oʻz faoliyatini olib boryapti.

Falastinda esa qancha oʻzbekistonlik borligi haqida bizda aniq maʼlumot yoʻq. Baʼzi bizdagi maʼlumotlarga tayanib aytishim mumkinki, u yerga turmushga chiqqan baʼzi ayollarimiz boʻlishi mumkin”, — degan vazir oʻrinbosari Bahromjon Aʼloyev.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//