Jamiyat
2021-yil mart oyida boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan avtotransport olib berishni vaʼda qilib firibgarlik sodir etgani uchun 8 yilga qamalgan Avto 60 oy asoschisi Jamshid Bahodirov ozodlikka chiqdi. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.
Eslatib oʻtamiz, Avto 60 oy MCHJ taʼsischisi va boshqa mansabdorlari fuqarolarga foizsiz, pulini 5 yil davomida boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan avtotransport olib berishni vaʼda qilib, odamlardan transport vositasi turiga qarab 2 mln soʻmdan 10 mln soʻmgacha pul olgan, 16 mingdan ortiq mijozdan jami 57 milliard 412 million soʻm yigʻilgan.
2021-yil 29-mart kuni Bahodirov 8 yil, kompaniyaning boshqa mansabdor shaxslari esa 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.
Bugungi kunga qadar 34,15 milliard soʻm undirilgan, 23,26 milliard soʻmlik zarar yopilmagan. Kun.uz maʼlumotlariga koʻra, ozodlikka chiqqan Bahodirov fuqarolarga “arzon va qulay shartlarda avtomobil hamda kvartiralar olib berish xizmat”larini taklif qilib, yuzlab odamlar bilan shartnoma tuzishda ishtirok etgan.
Oliy sud izohi
Oliy sud matbuot xizmati Bahodirovning ozodlikka chiqarilishiga izoh berdi. Qayd etilishicha, jinoyat ishi birinchi instansiya sudining hukmi ustidan apellyatsiya yoki protest keltirilmagani uchun apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilmagan.
“J.Bahodirov sud hukmi bilan tayinlangan jazoning toʻrtdan bir qismidan koʻprogʻini oʻtagani sababli jinoyat ishlari boʻyicha Nishon tuman sudining 2021-yil 8-noyabrdagi ajrimi bilan oʻtalmay qolgan 5 yil 11 oy 7 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtash uchun Jinoyat-ijroiya kodeksining 113-moddasiga asosan manzil-koloniyaga oʻtkazilgan va 2021-yil 12-noyabrdan boshlab, mahkum 43-son manzil-koloniyada jazoni oʻtab kelgan”, — deya qayd etdi Oliy sud.
Eslatib oʻtamiz, Bahodirovga nisbatan jinoyat ishi 2019-yil 12-oktyabrda qoʻzgʻatilgan, tergov va sud ishi davomida u hibsda boʻlgan, shuning uchun unga tayinlangan 8 yildan hibsda oʻtirgan vaqti chegirib tashlangan.
43-son manzil-koloniyasi tomonidan 2022-yil 13-iyun kuni berilgan tavsifnomada, mahkum J. Bahodirovga nisbatan Jinoyat kodeksining 74-moddasini qoʻllash tayinlangan jazoning uchdan bir qismi oʻtalganidan keyin, 2022-yil 15-iyun kuniga toʻgʻri kelishi, u oʻrnatilgan tartib-qoida talablarini bajarib, mehnatga halol munosabatda boʻlganligi hamda jazoni oʻtash davrida tuzalish yoʻliga oʻtganligi koʻrsatilib, ijobiy tavsiflangan.
Jinoyat-protsessual kodeksining 536-moddasiga asosan mahkumning advokati tomonidan berilgan iltimosnoma jinoyat ishlari boʻyicha Boʻka tuman sudining 2022-yil 21-iyun kungi ajrimi bilan qanoatlantirilib, shu vaqtda amalda boʻlgan Jinoyat kodeksining 74-moddasi 3-qismi “b” bandiga asosan J. Bahodirovga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining oʻtalmagan 5 yil 3 oy 24 kun muddati shu muddatga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.
Sud mahkum J. Bahodirovning ogʻir jinoyat uchun 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, ushbu jazoning uchdan bir qismidan koʻprogʻi, yaʼni 2 yil 8 oy 6 kunini oʻtaganligi hamda manzil-koloniya maʼmuriyati tomonidan berilgan tavsifnoma inobatga olib, advokat tomonidan berilgan iltimosnoma qanoatlantirilgan. Ajrim ustidan xususiy shikoyat (xususiy protest) berilmagan.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q