Oʻzbekiston qonunchiligida 1-noyabrdan nimalar oʻzgaradi?

Saqlash
17:59 / 30.10.2023 1436 0

Oʻzbekiston qonunchiligida 2023-yil 1-noyabrdan bir qator oʻzgarish va yangiliklar kuchga kiradi. Norma portali milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar sharhini taqdim etdi.

 

Psixologik yordam olish osonlashadi

 

Tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish markazlarida ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan shaxslar uchun psixologik yordam koʻrsatish tizimi joriy etiladi.

 

Davlat organlarining kadrlarga oid hujjatlari hrm.argos.uz platformasida saqlanadi

 

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida inson resurslarini boshqarishga oid barcha maʼlumot va hujjatlar “hrm.argos.uz” elektron platformasida shakllantiriladi va yuritiladi.

 

Xonadonlarga internet tarmogʻini olib borish dasturi amalga oshiriladi

 

“Oxirgi milya” tamoyili asosida tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda aholi xonadonlariga internet tarmogʻini olib borishga qaratilgan hamkorlik dasturini amalga oshirish boshlanadi.

 

Hokimlar shaharsozlik boʻyicha kurslarda oʻqishadi

 

Qurilish vazirligi tomonidan mahalliy hokimiyat va hududiy tashkilotlar rahbarlari uchun shaharsozlik sohasida bilimlarni oshirishga qaratilgan oʻquv mashgʻulotlari oʻtkaziladi.

 

Avtoraqamlarni berish uchun toʻlov miqdorlari oshadi

  

Avtotransport vositalari uchun davlat raqami belgilari berilganligi uchun toʻlov BHMning 3,5 baravarini (hozirda 1,5 baravari), mototransport uchun – BHMning 1,75 baravarini tashkil etadi (hozirda – 0,75 baravari).

 

“Umra” xizmatini tashkil etuvchilar uchun yangi litsenziya talablari 

 

“Umra” xizmatlarini koʻrsatish faoliyati boʻyicha quyidagi qoʻshimcha litsenziya talablari kuchga kirmoqda:

 

  • 100 ming AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdordagi mablagʻlarni Turizm qoʻmitasining Xavfsiz turizm jamgʻarmasiga zaxira qilib qoʻyish;
  •  
  • “Umra” xizmatlarini koʻrsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha respublika taʼlim muassasasi yoki Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi boʻlgan kamida bir nafar mutaxassisning boʻlishi.

 

Yongʻin nazorati sohasida yangi talablar

 

Davlat yongʻin nazorati organlarining ijobiy xulosasini olmasdanqishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini auksionga chiqarish, qurilish obyektlari loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda qurilish-montaj ishlari tugallangan obyektlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berish taqiqlanadi.

 

Davlat yongʻin nazorati organlari qurilish obyektlarida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish jarayonida shaharsozlik normalari va qoidalarining yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qiladi.

 

Aholi gavjum boʻladigan obyektlarda yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan majburiy tartibda idoraviy yongʻin nazorati oʻrnatiladi. 

 

Davlat ishtirokidagi korxonalarda davlat vakillarining ishtirok etish tartibi kuchga kiradi

 

16-noyabrdan davlat ishtirokidagi korxonalardagi davlat vakillarining faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida Nizom kuchga kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//