Reklamada davlat tili talablarini buzganlik uchun jarima belgilanadi

Saqlash
15:00 / 30.10.2023 1229 1

Reklama tarqatishda davlat tiliga doir talablarga rioya qilmaganlik uchun 5–7 BHM maʼmuriy jarima (1,7 mln – 2,3 mln soʻm) belgilash taklif etilmoqda. “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, reklama davlat tilida tarqatilishi kerak. Reklamaning tarjimasi berilsa, u davlat tilidagi asosiy maʼnoni saqlashi, shuningdek, tarjima matni harflarining oʻlchami kichikroq boʻlishi kerak.

Oʻzbekistonda reklama tarqatishda davlat tiliga doir talablarga amal qilmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilash rejalashtirilmoqda.

Bunday huquqbuzarlik uchun BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha (1 mln 650 ming soʻmdan 2 mln 310 ming soʻmgacha) maʼmuriy jarima qoʻllash taklif etilyapti.

Tegishli qonun loyihasi Raqobat qoʻmitasi tomonidan muhokamaga qoʻyildi. Jamoatchilik muhokamasi 10-noyabrgacha davom etadi.

Maʼlumot uchun, “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi hududida reklama Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi.

Reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin:

reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning davlat tilidagi asosiy maʼnosini buzib koʻrsatmasligi kerak;

tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining 40 foizidan oshmasligi kerak;

reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining oʻlchami davlat tilidagi reklama matni harfining oʻlchamidan kichik boʻlishi kerak;

tele va radiokanallarda, shuningdek bosma nashrlarda tarqatiladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining 20 foizidan oshmasligi kerak.

Yuqoridagi talablar:

faqat chet tillarda eʼlon qilinadigan bosma nashrlarda va noshirlik mahsulotining boshqa turlarida joylashtiriladigan reklamaga;

koʻrsatuvni (eshittirishni) chet tillarda amalga oshiruvchi ommaviy axborot vositalarining tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlarini namoyish etish (eshittirish) jarayonida joylashtiriladigan reklamaga;

Internet jahon axborot tarmogʻidagi materiallarni faqat chet tillarda joylashtiradigan veb-saytlarning axborot resurslariga joylashtiriladigan reklamaga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Bundan tashqari, “Davlat tili haqida”gi qonunga asosan, lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar va boshqa koʻrgazmali hamda ogʻzaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtirilishi va eʼlon qilinishi belgilangan.

Raqobat qoʻmitasiga koʻra, respublika hududlarida joylashgan tashqi reklama obyektlaridagi reklamalarning davlat tili qoidalariga mosligini oʻrganish yuzasidan jami 9 435 ta monitoring oʻtkazilgan.

Shundan 3 252 ta (35 foiz) reklamalar davlat tili qoidalariga muvofiq emasligi aniqlangan va ularni tezkor bartaraf etish choralari koʻrilgan, 1 483 ta (16 foiz) reklamaning matni boshqa tillarda (asosan rus tilida) berilgani aniqlangan.

Shuningdek, 1 618 ta (17 foiz) reklama va eʼlonlar matnida imloviy va lugʻaviy xatolar mavjudligi kuzatilgan.

1 Izoh

Diyor Saidqulov

17:10 / 30.10.2023

Juda to'g'ri fikr, shu kabi choralar ko'rilmasa bu bazi g'o'ddaygan tadbirkorlar tushunishni xoxlamaydi

Izoh qoldirish

//