Siyosat
Shavkat Mirziyoyev 25-oktabr — Oʻzbekiston Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan soha xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi. Tabrik matni Prezident matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilindi.
Davlat rahbarining tabrigida taʼkidlanishicha, soʻnggi yillarda ichki ishlar organlarini chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish, aholi uchun barcha shahar va qishloqlarda xavfsiz yashash va mehnat sharoitini yaratish maqsadida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Eng quyi boʻgʻindagi vaziyat va muammolarni chuqur oʻrganish asosida har qaysi mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda 350 dan ziyod mahallada huquq-tartibot maskanlari tashkil etilgan, 9,5 mingga yaqin mahallada profilaktika inspektorlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Ushbu ishlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yildan boshlab “mahalla yettiligi” tizimi tashkil etilgan. Endi profilaktika inspektori ana shu tizimning eng faol aʼzosiga aylanib, vaziyatni xonadonlar kesimida oʻrganadi. Birinchi navbatda, huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabr koʻrish ehtimoli yuqori boʻlgan fuqarolarni aniqlab, ularning ijtimoiy-maishiy muammolarini “mahalla yettiligi” imkoniyatlaridan foydalangan holda hal etish choralarini koʻradi.
“Eng muhimi, joylarda voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqiy ongini oshirish, ularni sogʻlom turmush tamoyillari asosida tarbiyalash orqali ijtimoiy jihatdan xavfli xatti-harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish boʻyicha amaliyot yoʻlga qoʻyiladi.
Biz Yangi Oʻzbekiston sharoitida “Barcha islohot va oʻzgarishlar – inson qadrini yuksaltirish uchun” degan ezgu tamoyilga sodiq qolgan holda, shu yoʻlda boshlagan ishlarimizni yangi bosqichga koʻtarishimiz zarur. Bu borada oʻtgan davrda jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yaratilgan mustahkam huquqiy bazaga tayanamiz”, — deyiladi tabrikda.
Shuningdek, prezident ichki ishlar organlari sohasiga raqamli texnologiyalar, xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribalariga asoslangan zamonaviy ish yuritish vositalari, sunʼiy intellekt yordamida faoliyat koʻrsatadigan axborot-maʼlumot tizimlari jadal tatbiq etilayotganini taʼkidladi.
“Keyingi yillarda ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash boʻyicha samarali tizim yaratildi. Jumladan, boʻlajak xodimlarni bolaligidan boshlab vatanparvarlik ruhida, yuqori malakali huquqshunos sifatida tayyorlash amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Har bir xodim navbatdagi unvonni olishi uchun majburiy tarzda kasbiy malakasini oshirishi, rahbarlik lavozimiga tayinlanishi uchun Ichki ishlar vazirligi akademiyasining boshqaruv magistraturasida tahsil olishi belgilangan va bunday tajriba oʻz ijobiy samarasini bermoqda”, — deya qayd etadi davlat rahbari.
Shu bilan birga, taʼkidlanishicha, ichki ishlar organlari tomonidan koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarining 80 foizi elektron shaklga oʻtkazilib, tizimda byurokratiya va fuqarolarni sarson qilish holatlari bartaraf etiladi. Har bir faoliyat yoʻnalishi boʻyicha ijtimoiy fikrni oʻrganish va jamoatchilik tomonidan monitoring qilib borish amaliyotini “mahalla – tuman – viloyat – respublika” tamoyili asosida tashkil etish choralarini koʻrish lozim.
“Muxtasar aytganda, ichki ishlar tizimidagi islohotlarimizning amaliy natijasini sohaning har bir xodimi, birinchi navbatda, xalqimiz oʻz kundalik hayotida sezishi shart”, — deydi prezident.
Maʼlumot uchun, “Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, 25-oktabr Oʻzbekiston Ichki ishlar organlari xodimlari kuni etib belgilangan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q