Sergelidagi portlash bo‘yicha hukumat komissiyasi axboroti e’lon qilindi

Saqlash
14:35 / 20.10.2023 1306 0

Hukumat komissiyasining Toshkent shahridagi omborxonada sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat sabablarini o‘rganish, ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish hamda jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axboroti e’lon qilindi.

 

Qayd etilishicha, favqulodda vaziyat sabablarini o‘rganish jarayonida yong‘in boshlangan joy va portlash o‘chog‘i metall va “sendvich” panellardan qurilgan omborda yuz bergani aniqlangan. Yong‘in va portlash oqibatida omborning metall konstruksiyalari deformatsiyaga uchrab, qulab tushgan.

 

Yong‘in sodir bo‘lgan omborxonada katta miqdorda kimyoviy moddalar, qurilish va boshqa mahsulotlar belgilangan talablarga rioya qilinmasdan aralash holda saqlab kelingan. Hodisa joyidan olingan namunalar asosida o‘tkazilgan kimyoviy tadqiqotlar natijasida poliefirlar, ksilol, uglevodorodlar, natriy gidroksid, vodorod peroksidi, etilen glikol va yuqori molekulyar karbon kislota efirlari kabi kimyoviy moddalar mavjudligi aniqlandi. Bu moddalar omborxonada saqlanayotgan vodorod peroksidi, alkid smolasi, alkilbenzolsulfon kislotasi, lateks, poliefir smolasi, kaustik soda moddalari va lak mahsulotlarining tarkibiy qismlari bo‘lib, yong‘in va portlash xavfi yuqori hisoblanadi.

 

Hodisa joyi o‘rganilganda aynan vodorod peroksidi saqlangan joy yaqinida gulqog‘ozlar va boshqa yonuvchi materiallar saqlangani aniqlandi. O‘rganish natijasiga ko‘ra, omborxonada saqlanayotgan kimyoviy modda va materiallarning o‘zaro ta’sirlanishi va kimyoviy o‘z-o‘zidan yonishi yuzaga kelib, portlash sodir bo‘lgan.

 

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha 4 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish, 1 nafariga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hodisa sodir bo‘lgan omborxona hududida 12 ta ijarachi kompaniyaning katta miqdordagi turli xil nomenklaturadagi tovarlari saqlangani hamda jinoyat ishi doirasida mutaxassislar tomonidan bir nechta turdagi ekspertiza tadqiqotlari (sudga oid kimyoviy, yong‘in-texnik, portlash, tovarshunoslik, qurilish va h.k.) o‘tkazilayotganligi uchun yong‘in va portlash sabablari, shuningdek yetkazilgan zarar miqdori bo‘yicha yakuniy xulosaga kelish muayyan vaqtni talab etmoqda.

 

Holat yuzasidan kompleks sud ekspertiza xulosalari va tergov natijalariga ko‘ra yakuniy xulosa qilinadi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//