Buxoroda shayboniylar davriga oid qadimiy hovuz topildi

Saqlash
21:53 / 16.10.2023 1454 0

Buxoroning gʻarbidagi Registon maydoniga yaqin boʻlgan hududda joylashgan Somoniylar madaniyat va istirohat bogʻiga kirish darvozasi yonida XVI asrga – shayboniylar davriga oid “Mavlono Asiriy” hovuzi topildi.

Xabar nashriga koʻra, Buxoro viloyati hokimligi tashabbusi bilan yer ostida koʻmilib qolgan hovuzlarni qayta tiklash boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

“Qadim Buxoroning ostida ham, ustida ham buyuk meros bor. Bugun yer ostida qolib ketgan ana shunday tarixiy meros – Buxoroda mavjud boʻlgan 114 ta hovuzlardan biri – “Mavlono Asiriy” hovuzi qoldiqlari topildi. Arxeologik qazishma ishlari natijasida topilgan ushbu hovuzning zinalari 5 metr chuqurlikda ekani aniqlandi. Hovuzlarning topilishida asosan, eski va yirik tut daraxtlari guvohlik beradi. Qayerda shunday tutlar boʻlsa, bilingki, u yerda hovuz boʻlgan.

 

Shuningdek, Mavlono Asiriy madrasasi oldidagi bu hovuzda oʻtgan asrlarda puxta ishlangan qadimiy kartalar asosida qazilma ishlarini boshladik. Hovuz qadimda gʻishtlar bilan yopilgan tazarlar, yaʼni yer osti yoʻllari orqali kelgan suvlar bilan toʻldirilgan. Ushbu hovuz xoʻjalik hovuzi sanalib, bir tomonidan zinapoyali boʻlgan. Vertikal devorlari gulganj bilan bezatilgan. Zinalarning pishiq, mustahkam boʻlishi uchun toshlar osti va orasiga tut yogʻochi qoʻyilgan. Hovuz sathini begona oʻtlar qoplamasligi uchun ham zarur choralar koʻrilgan. Shuningdek, tut daraxtlari ildizlarining hovuz devorlari mustahkamligini ushlab turishi inobatga olinib, uning atrofiga tut daraxtlari oʻtqazilgan. Negaki, hovuz atrofida oʻstirilgan tut hamda gujumlar yerosti sizot suvlarining yuqoriga koʻtarilishiga gʻov boʻladi va atrofidagi madrasa-yu masjidlarning poydevorlarini ham zaxlanishdan himoya qiladi”, – deydi arxitektor Zoyirshoh Qilichev.

Samarqand arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, Buxoro arxeologik ekspeditsiyasi boshligʻi Jamoliddin Mirzaahmedovning soʻziga koʻra, “Mavlono Asiriy” hovuzining suvlari xalqqa toʻlov asosida tarqatilgan.

“Buxoro sharoitida qadimdan suv juda moʻl boʻlgan. Zarafshon daryosi oqimlari minglab yillar davomida pastga quyilib kelgan. Suv shu qadar koʻp boʻlganki, Zarafshon suvlari Amudaryoga qoʻshilgan. Keyinchalik Samarqand tarafda aholi soni oʻsib, suvga ehtiyoj oshgach, yuzlab yillar mobaynida suv kamayishni boshlagan. Suv kamayishi bilan suvni tejash uchun shahar aholisi uchun hovuzlar qurilgan. Bu hovuzdan oʻrta asrlardan, bundan taxminan ming, bir yarim ming yil ilgari foydalana boshlangan. Aynan “Mavlono Asiriy” hovuzi suvlari aholiga bugungi singari shartnoma, yaʼni toʻlov orqali tarqatilgan”, – dedi Jamoliddin Mirzaahmedov.

Maʼlum boʻlishicha, Shayboniyxon I davrida Abdulloxon tomonidan katta shaharsozlik ishlari amalga oshirilgan. Suvni asrab, toʻplab turadigan hovuzlar soni va sifati talab darajasida maromiga yetkazib barpo etilgan.

Arxitektor Zoyirshoh Qilichev “Mavlono Asiriy” hovuzi topilguniga qadar “Ismoil Somoniy”, “Gavkushon”, “Hafzi nav” kabi hovuzlarning ham topilganini bildirdi.

Maʼlumot oʻrnida, Mavlono Asiriy XVI asrning 2-yarmi – 1640-yillarda yashab oʻtgan shoir boʻlib, uning ijodi va hayotiy faoliyati, deyarli, tadqiq etilmagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//