O‘zbek ismlarining izohli imlo lugʻati hamda Yuridik atamalar elektron lugʻati taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Saqlash
23:40 / 12.10.2023 2818 0

Adliya vazirligida 21-oktabr – “Oʻzbek tili bayrami” kuni munosabati bilan “Davlat tilini rivojlantirishda innovatsion yechimlar” mavzusida tadbir oʻtkazildi.

 

Tadbirda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti va Adliya vazirligi masʼullari, tilshunos olimlar, huquqshunoslar va OAV xodimlari ishtirok etdi.

 

Tadbirda ikki muhim loyiha – Yuridik atamalar elektron lugʻati (tezaurus) va oʻzbek ismlarining izohli imlo lugʻati jamoatchilikka taqdim etildi.

 

Bugun yuridik terminlar tizimini tartibga solish (unifikatsiyalash va standartlashtirish) hamda shu asosda mamlakatimizda barcha huquq-sudlov tizimi uchun yuridik terminlar tezaurusining yagona elektron platformasini ishlab chiqish ehtiyoji mavjud edi. Ushbu vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida “Yuridik terminlar elektron tezaurusi va innovatsion multimedia portali” ishlab chiqildi.

 

 

Loyihada Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti, “Adolat” MHAM va boshqa adliya muassasalari mutaxassislari ishtirok etdi. Bugungi kunda jami 3236 ta yuridik termin va tushunchaning tezaurus lugʻat maqolasi tayyorlangan, ulardan 2116 tasi thesaurus.tsul.uz platformasiga joylangan, 1126 ta termin ekspertiza bosqichida.

 

Platforma orqali fuqarolarga huquqiy yordam koʻrsatish darajasini oshirish, markazlashgan elektron bazalarni yaratish, boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan elektron tarzda maʼlumot almashishni tashkillashtirish boʻyicha bir qator natijalarga erishish kutilmoqda.

 

Jumladan, ushbu platforma “Qonun hujjatlari maʼlumotlari Milliy bazasi” (Lex.uz tizimi) yanada rivojlantirilishiga hissa qoʻshadi. Shuningdek, uning “Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari yagona elektron arxivi”, “Notariuslar maʼlumotlarining avtomatlashtirilgan tizimi” va Sud departamentining “E-ijro” axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi ularda qoʻllaniladigan yuridik terminlar unifikatsiyasiga xizmat qiladi.

 

 

Hozirgi kunda Davlat xizmatlari tizimida, xususan, FHDY boʻlimlarida, shuningdek, fuqarolik pasportlarini rasmiylashtirish jarayonida oʻzbek ismlarining lotin hamda kirill alifbosidagi imlosi, ismlar maʼnosi izohi, shuningdek, pasport tizimida ularning ingliz tilidagi variantining toʻgʻri yozilishida qator muammolar mavjud. Shuningdek, tilimiz yangi ismlar bilan boyitilgan bir jarayonda ularning imlosi bilan bogʻliq muammolarga yechim sifatida “Oʻzbek ismlarining izohli imlo lugʻati” hamda uning mobil ilovasi yaratildi.

 

 

Loyiha Adliya vazirligi tashabbusi va taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Alfraganus universiteti, Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasi olimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan yaratildi.

 

Hozirda portalda 10 ming atrofida ismlar mavjud. Xususan, arabcha, oʻzbekcha, turkcha, tatarcha, moʻgʻulcha, yunoncha, suryoniycha, pahlaviycha, yahudiycha, soʻgʻdcha, oʻzbekcha-qadimiy turkcha ismlar keltirilgan.

 

– Loyiha natijalari oʻzbek ismlari lugʻatini qadriyatlarimizga mos ismlar bilan boyitish va zaxirasini tartibga solishga yordam beradi. Davlat xizmatlari tizimi, FHDY boʻlimlari, fuqarolik pasportini qayd qilish sohalari mutaxassislarining ismlarni til qoidalari va qonuniyatlariga mos tarzda qayd qilishlari uchun muhim qoʻllanma boʻlib xizmat qiladi. Lugʻatning zamonaviy elektron shakllarini yaratish kelgusida uni muntazam boyitib borish imkonini beradi va ulardan istalgan paytda foydalanish uchun qulayliklar yaratadi, – deydi adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova. – Ushbu elektron lugʻatda ismlarning oʻzbek tili lotin alifbosida hamda ingliz tilida yozilishi va maʼnosi (izohi) aks etgan. Lugʻat FHDY elektron tizimiga integratsiya qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//