Beruniy ilmiy merosiga bagʻishlangan konferensiyaning uchinchi kuni – Toshkent

Saqlash
00:48 / 28.09.2023 1633 0

Buyuk mutafakkir, yetuk olim, hech bir millatdan “tashqarida” bo‘lmagan Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Abu Rayhon ilmiy merosining jahon fani rivojidagi o‘rni” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasining uchinchi kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi.







Ma’lumot uchun, qator mamlakatlardan tashrif buyurgan mehmonlar va konferensiya ishtirokchilari uchun 25-sentabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga, 26-sentabr kuni Xorazm viloyatiga sayohat uyushtirilgan edi. O‘ylaymizki, bugungi qizg‘in jarayonlar ham mehmonlarni befarq qoldirgani yo‘q. Azim poytaxt ham o‘nlab beruniyshunoslarga unutilmas taassurotlarni hadya etdi.

Kun avvalida konferensiya ishtirokchilari “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga tashrif buyurdilar va Mustaqillik monumenti haykali ostiga gul qoʻydilar. Ramziy monumentda aks etgan mustaqillik va Uchinchi Renessans g‘oyasi mehmonlarga atroflicha tushuntirildi.

 

 




 

Keyingi navbatda konferensiya a’zolari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida kutib olindi. Oʻrta Osiyo va Xorijiy Sharq mamlakatlari tarixi, madaniyati, Sharq mamlakatlari rivojining zamonaviy muammolari, shuningdek, bu mamlakatlarning mustaqil Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali aloqalarini oʻrganadigan yirik ilmiy tekshirish muassasasiga uyushtirilgan ekskursiya tarixchi olimlar uchun ayni muddao bo‘ldi. Chunki bu yerda 80 mingga yaqin alohida asarlarni oʻziga jamlagan 26 mingdan ortiq qoʻlyozma kitoblar mavjud. Konferensiya ishtirokchilari tarixiy qo‘lyozmalarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Ahamiyatlisi, ayrim olimlar tarixiy manbalarni asl nusxasidan o‘qish baxtiga muyassar bo‘ldilar.
 

Mazkur institut direktori, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov o‘z jamoasi bilan konferensiya ishtirokchilarini munosib kutib oldi. Shuningdek, mehmonlarning qo‘lyozmalarga oid savollariga batafsil javob berishga harakat qildi.

 

Uning fikriga ko‘ra, mehmonlar uchun eng qiziqarli manba Beruniyning “At-Tahfim” asari bo‘ldi. Qo‘lyozmalar namoyishida ushbu asar bilan bog‘liq muhim ma’lumotlar ham taqdim etildi. Aslida konferensiyadan maqsad ham shu – yangi bilimlar, yangi tanishuvlar va yangi tadqiqotlar sabab O‘zbekiston mehmonlarimiz xotirasida abadiy qoladi.







Dasturga ko‘ra, konferensiya ishtirokchilari Adiblar xiyoboniga ham tashrif buyurdilar. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov xiyobondagi haykallar bilan mehmonlarni birma-bir tanishtirdi. Ziyoli olimlar adabiyotga ham befarq emas ekan, ular katta qiziqish va iliqlik bilan har bir yozuvchi-shoirlarimizga hurmat bajo keltirdilar. Minhojiddin Hojimatov Abdulla Oripov haykali qoshida ommaga shoirning quyidagi misralarini o‘qib berdi:

 

Amerika – sehrli diyor,

Uxlar edi Kolumb ham hali,

Dengiz ortin yoritdi ilk bor,

Beruniyning aql mash’ali.

Kolumbda bor alamim manim,

O‘zbekiston, Vatanim manim.







Adiblar xiyobonidagi adabiy muhit tobora alangalandi. Xorijlik olimlar o‘zlariga tanish yozuvchi-shoirlar haykali qarshisiga oshiqdi. Xususan, Hindiston va Pokiston mamlakatlaridan kelgan olimlar Zahiriddin Muhammad Bobur haykaliga alohida e’tibor qaratishdi. Shuningdek, buyuk shoir Alisher Navoiy haykali poyiga guldasta qo‘yildi. Bu orada Italiyadan tashrif buyurgan yosh olim Borini Massimilyanoni suhbatga tortdik va yevropalik mutaxassis hech ikkilanmasdan o‘z taassurotlarini so‘zlay ketdi:

 

“O‘zbekistonga tashrif bizga juda manzur bo‘lmoqda. Toshkentning manzarasidagi daraxtlar ko‘proq e’tiborimni tortdi. Ayniqsa, Adiblar xiyoboni juda chiroyli qurilgan ekan.

 

Buyuk olim Abu Rayhon Beruniy sabab shu manzillarga keldik. Aytishim o‘rinliki, sizlarning ajdodingiz juda qobiliyatli va juda zehnli bo‘lgan. Uning ko‘p yillar oldin yaratgan asarlari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Biz ham uning ilmini o‘rganishga astoydil harakat qilayapmiz. Biroz oldin Sharqshunoslik institutida uning arab tilida yozilgan qo‘lyozmalarini o‘qib ko‘rdim – bu jarayon meni hayajonga soldi…”







Tushdan so‘ng, mehmonlar uchun xizmat ko‘rsatayotgan avtobus Talabalar shaharchasi hududida joylashgan Beruniy haykali tomon jo‘nadi. O‘z o‘rnida, buyuk mutafakkirning haykali poyiga gullar qo‘yildi. Olimning shaxsiyati va xotirasiga yana bir bora hurmat ko‘rsatildi.

 

Beruniy haykaliga yondosh ilm maskani O‘zbekiston Milliy universiteti konferensiya ishtirokchilari uchun navbatdagi manzil bo‘ldi. Bu yerda universitet olimlari hamda konferensiya ishtirokchilari o‘zaro fikr almashdilar va qomusiy olimlarimizning ilmiy merosi xususida atroflicha fikrlar bildirildi.

 

Shundan so‘ng, mehmonlar Toshkentning ko‘hna qiyofasini o‘zida aks ettirgan Hazrati Imom majmuasiga yetib keldilar. Bu kun davomida kutilgan tashrif bo‘ldi deyish mumkin. Boisi Toshkent shahri hududidagi tarixiy obyektlar mehmonlarni ko‘proq qiziqtirayotgan edi. Bu borada AQShdan tashrif buyurgan Nensi xonimning fikrlariga e’tibor qaratamiz:

 

“Toshkent shahri meni ko‘proq qiziqtirayotgan edi. Shu sababdan kelgan kunimdan boshlab shu shaharni, uning tabiatini va odamlarini ko‘proq kuzatishga harakat qildim. Bildimki, bu yerdagilar tozalikni juda yaxshi ko‘rishadi, doim ko‘chalarni supurishadi, zinalarni yuvishadi, gullarga suv quyishadi... Biz yashayotgan mehmonxonada ham mehnatkash ayollar ko‘p va ular hamma joyni ozoda tutishadi... Xuddi shunday, Toshkentning tarixiy yodgorliklariga ham borishni xohlagandim, niyatimga yetdim! Hozir mening qiladigan ishim tabassum qilish va bu yerda mazza qilib suratga tushish...”

 

Nihoyat, olimlar uchun kechki tuhfa – Temuriylar tarixi davlat muzeyidagi “Kitab al-saydana fi-t-tibb” kitobi taqdimoti bo‘ldi. Beruniyning ushbu asari tabobat dorishunoslik ilmiga bag‘ishlangan va dunyo miqyosida o‘zining qimmatli ahamiyatiga ega. Eronlik olim Arman Zargaronning ilmiy maqolasi aynan mana shu asarga bag‘ishlangan. U Toshkentdagi sayohat haqida iliq fikrlar bildirdi va uning fikriga ko‘ra “bu mamlakatda buyuk shaxslar va shaxsiyatlar juda ko‘p”. Shuningdek, Beruniyni o‘rta asrlar davridagi dorixonaning kashshofi deyish mumkin. U tarixda shifokor sifatida tanilmagan, biroq “Kitab al-saydana fi-t-tibb” asari orqali dorixona sohasini rivojlantirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.

Biroz avval Oyina.uz ham Abu Rayhon Beruniyning mana shu asariga oid material e’lon qilgan edi


Yana bir kun nihoyasiga yetdi. Konferensiyaning to‘rtinchi kunida eng muhim jarayon – sho‘balar yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi hamda belgilangan tartibda konferensiyaga yakun yasaladi.

 

Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz

 

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//