“Markaziy Osiyo madaniy brendi” yaratiladi

Saqlash
11:18 / 16.11.2025 30 0

13-noyabr kuni Islom sivilizatsiyasi markazida boshlangan “Markaziy Osiyo: umumiy ma’naviy-ma’rifiy meros – umumiy kelajak” mavzusidagi xalqaro kongress ish o‘z ishini 14-noyabr kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon madaniyat vazirlarining ilk uchrashuvi bilan davom ettirdi.

 

Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva, Qirg‘iz Respublikasi madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri Mirbek Mambetaliyev, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Matluba Sattoriyon, Turkmaniston madaniyat vaziri Atageldi Shamiradov va faxriy mehmon sifatida Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Kerimli ishtirok etishdi.

 

Majlis qamrovi va darajasi jihatida ilk bora o‘tkazildi.

 

Xabarga ko‘ra, majlisda ko‘p tomonlama hamkorlikning turli masalalari ko‘rib chiqilib, madaniyat va san’atning turli yo‘nalishlaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilingan.

 

Uchrashuv kun tartibidan quyidagi masalalar o‘rin olgan:

▪️ Mintaqaviy madaniy hamkorlikning joriy holati va istiqbollari;

 

▪️ Mintaqadagi madaniyat arboblari o‘rtasida madaniy almashinuvni kengaytirish;

 

▪️ Markaziy Osiyo uchun madaniy brendni rivojlantirish.

 

Markaziy Osiyo davlatlari madaniyat vazirlari Toshkentda mintaqaviy madaniy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

 

Vazirlar Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va ma’naviy yaqinlik mintaqaviy birdamlikni mustahkamlovchi muhim omil ekanini ta’kidladi.

 

Tomonlar 2022-yilda imzolangan “XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yo‘lida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma” tamoyillariga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.

 

Uchrashuv davomida madaniy aloqalarni yanada kengaytirish, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va bag‘rikenglikni mustahkamlash, shuningdek, mintaqada tinchlik va o‘zaro tushunishni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Tomonlar san’at, adabiyot, kino, teatr va musiqa sohalarida qo‘shma tadbir va festivallarni o‘tkazishni ham qo‘llab-quvvatladi.

 

Madaniy merosni o‘rganish, tiklash va raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni kengaytirish, yosh ijodkorlar o‘rtasidagi almashinuv dasturlarini rivojlantirish, seminarlar, konferensiyalar va yozgi maktablarni tashkil etish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, madaniyat va san’at yo‘nalishida kadrlar tayyorlash va malaka oshirish borasida hamkorlikni kuchaytirish niyati bildirildi.

 

Shu bilan birga, vazirlar “Markaziy Osiyo madaniy brendi”ni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

 

Uchrashuv yakunida, hamkorlik yuzasidan teng kuchga ega besh nusxada bayonnoma imzolandi.

 

Kunning kechki qismida madaniyat vazirlari poytaxtdagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Qozog‘iston Respublikasining teatr vakillari tomonidan sahnalashtirilgan va ijro etilgan “Xan Sultan. Oltin O‘rda” spektaklining namoyishida ishtirok etishdi.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//