Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosiga bag‘ishlangan konferensiyaning ikkinchi kuni – Xorazm

Saqlash
18:50 / 26.09.2023 1604 0

Ulug‘ mutafakkir, qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligi munosabati bilan mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Abu Rayhon ilmiy merosining jahon fani rivojidagi o‘rni” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasining ilk kuni Qoraqalpog‘istonda o‘tganidan xabaringiz bor. Konferensiya bugundan eʼtiboran Xorazm viloyatida davom etmoqda.





 

 

“Olamshumul kashfiyotlari bilan jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim, Ilk Renessans davrining yorqin namoyandasi Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-maʼrifiy merosini yanada chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yilning 25-avgust kuni “Buyuk olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi buyuk ajdodimizga bo‘lgan chuqur ehtirom sifatida tarixiy qadam bo‘ldi.

 

Ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan yuksak ilmiy-maʼnaviy merosni har tomonlama tadqiq qilish Yangi O‘zbekistonning irfoniy va ruhiy asoslarini mustakamlash, yangi tadqiqotlar va ilmiy maktablarni yaratish va rivojlantirishning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi” – deya taʼkidladi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo.

Darhaqiqat, mamlakatimiz Prezidenti qarori bilan buyuk alloma hayoti va faoliyati yanada eʼtiborga tushdi, uning o‘zbek tilida bor ilmiy asarlari 8 jildlik kitobda yig‘ildi, hali o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan asarlari olimlar tomonidan qisqa muddatda nashrga tayyorlandi, yana qancha original kitoblarining faksemile variantlari yaratildi.

 



 



Xorazm hududida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov ham bevosita ishtirok etdi. U buyuk olim Beruniy tavalludining 1050 yilligi munosabati bilan anjuman ishtirokchilarini samimiy tabrikladi va ishtirok uchun mahalliy va dunyo olimlariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Mezbonning fikriga ko‘ra, Xorazm hududidan ko‘plab qomusiy olimlar yetishib chiqqan, Beruniyni esa ilm-fan osmonidagi “yo‘lchi yulduz” deyish mumkin.






Xorazm viloyati Maʼnaviyat va maʼrifat markaziga tashrif buyurgan ishtirokchilar hamda mehmonlarga mutafakkir hayoti va ilmiy faoliyatiga oid sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Beruniyning ilmiy merosi matematika, filologiya, astronomiya, jug‘rofiya, mineralogiya, xronologiya, falsafa va boshqalarga doir 150 dan ortiq kitoblarni o‘z ichiga oladi va ushbu asarlar yaratilishi avvalo bobokalonimizning keng dunyoqarashi va o‘zi bog‘langan ildizlarni anglab yetishi bilan bog‘liq ekanligi sahnada aktyorlar jamoasi tomonidan ko‘rsatib berildi.
 

 



 

“Beruniy jahon fan rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan mutafakkirdir. U hind madaniyati haqida yozarkan, bu madaniyatni yunon tamadduni bilan solishtirdi. Hindistonda 14 yil yashagan olim juda ko‘p asarlar yozgan bo‘lsa-da, ularning eng buyugi Hindiston asaridir” – deydi xalqaro anjuman ishtirokchisi, Qohira universiteti tillar kafedrasi professori Jalal Alsaid Alhefnaviy.


 


 



Kun tartibiga koʻra, tadbir ishtirokchilari Nurillaboy saroyida kutib olindi. Xivadagi bu meʼmoriy yodgorlik Asfandiyorxonning sobiq rasmiy qabulxonasi hisoblanadi. Saroy 9 ta katta-kichik xonalar, darvozaxona, saroy, qabulxona, arzxona, Madrasa, xizmatchilar uchun turar joy, bogʻ, gulzorli hovlilardan iborat. Bir qarashda, Xorazm milliy uy-joy qurilishining anʼanaviy xususiyatlarini oʻzida ifoda etgan. Mehmonlar, xususan xorijliklar yodgorlikning me'moriy xususiyatlarini ijobiy baholadilar.







Nurillaboy saroyidagi taassurotlar tarqamay turib, ishtirokchilar afsonaviy ochiq osmon ostidagi muzey – Ichanqalʼada hozir boʻldilar. Oʻrta Osiyodagi yirik va noyob meʼmoriy yodgorliklardan biriga uyushtirilgan tashrif hamma uchun kutilmagan va unutilmas boʻldi deyish mumkin. “Anjuman mazmunan juda boy va qiziqarli oʻtmoqda. Markaziy Osiyo olimlari bizga ham begona emas, aslida. Beruniyning ilmiy merosini biz ham katta qiziqish bilan o‘rganamiz. Anjuman doirasida buyuk olimga nisbatan hurmatimiz yanada oshib bormoqda. Mezbonlik qilayotgan o‘zbek xalqiga, jumladan xorazmliklarga katta rahmatimizni aytamiz. Ichanqalʼaga uyushtirilgan sayohatni esa bir umr unutmasam kerak, – deydi Tojikiston Respublikasidan tashrif buyurgan mutaxassis Abdulhay Komiliy. Qizgʻin muhokamalar va qaynoq fotosessiyalardan soʻng mehmonlar yangi manzilga yoʻl oldilar.







Anjuman bevosita Beruniy va XI asr ilm-fan tamadduniga bag'ishlangan, shunday ekan, Xorazm Maʼmun akademiyasiga kelmaslikning iloji yoʻq edi. Bu dargoh oʻz davrining akademiyasi boʻlgan va koʻplab olimlarni bir nuqtada birlashtirib, haqqoniy ilmiy muhitni taʼminlagan. Aynan mana shu muhitga sayohat qilish bugungi kun olimlari uchun oʻzgacha hissiyot ulashgani aniq.







Shu tariqa, konferensiyaning Xorazm viloyatidagi qismi yakuniga yetdi va rejaga muvofiq, ishtirokchilar bugun oqshomda Toshkentga qaytadilar va ilmiy-amaliy anjuman poytaxtda davom etadi.


Eslatib o‘tamiz, ushbu anjumanda AQSH, Italiya, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Misr, Rossiya, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston, va Qozog‘istondan kelgan mutaxassislar, shuningdek, yurtimizning taniqli olimlari, ziyolilar, sanʼat va madaniyat vakillari, “Maʼrifat” targ‘ibotchilari, jurnalist va blogerlar ham ishtirok etmoqdalar.

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//