Qurgʻoqchilik, shoʻrlanish va kasalliklarga chidamli gʻoʻza navlari namoyish etildi

Saqlash
21:37 / 27.11.2021 1449 0

Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligida 22-27-noyabr kunlari boʻlib oʻtgan “InnoWeek.Uz-2021” xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligida Genomika va bioinformatika markazi ham oʻz ilmiy ishlanmalari bilan munosib qatnashdi.

 

Markaz olimlari tomonidan yaratilgan yangi Porloq-1, Porloq-3, Porloq-4, Porloq-5, Porloq-7, Ravnaq-1 va Ravnaq-2 gʻoʻza navlari qurgʻoqchilikka, shoʻrlanishga chidamli hamda tola sifati va hosildorligi yuqori boʻlganligi sababli, ushbu innovatsion gʻoyalar haftaligiga tashrif buyurgan paxta yetishtiruvchi fermerlar va agroklasterda katta qiziqish uygʻotdi. Mazkur yarmarkada ushbu gʻoʻza navlari urugʻlik chigitlarini 2022-yil hosili uchun yetishtirish boʻyicha fermer xoʻjaliklari va agroklasterlar bilan 220 million soʻmlik shartnomalar imzolandi.

 

Porloq-4 gʻoʻza navi 2021-yilda Qashqadaryo viloyatida fermer xoʻjaliklari va agroklasterlar tomonidan 25 ming gektar maydonda yetishtirilib, viloyat boʻyicha eng yuqori koʻrsatgichga yaʼni, gektaridan oʻrtacha 50-55 sentnergacha hosil olishga erishildi. Bu esa Porloq-4 gʻoʻza navini yetishtirgan fermerlaring yuqori daromadga erishishiga olib keldi. Bundan tashqari viloyatda gʻoʻzaning yangi Porloq-3, Porloq-5, Porloq-7 gʻoʻza navlari elita avlodli urugʻliklari yetishtirilib, keng qamrovli sinov ishlari olib borildi va urugʻlik paxta xom ashyosi jamgʻarildi. Ushbu gʻoʻza navlari ham Qashqadaryo viloyatining noqulay issiq garmsel sharoitiga oʻzining bardoshliligini koʻrsatib, gektaridan 40-45 sentner hosil olishga erishildi. Viloyatning koʻplab fermerlari va agroklasterlari qiziqish bildirib, kelgusi 2022-yil hosili uchun ushbu gʻoʻza navlarni yetishtirish taklif va talablarini bildirdi.

 

Bulardan tashqari, Porloq-4 gʻoʻza navi joriy yilda Namangan viloyatida “Porloq Chust” brendini yaratish maqsadida qariyb 500 gektar maydonda yetishtirilib, yuqori hosil olishga erishildi. Ayniqsa, Chust tumanida ushbu navdan boshqa navlarga nisbatan gektaridan 10 sentnergacha yuqori hosil olishga muvaffaq boʻlindi. Bu esa fermerlar va agroklaster qiziqishi ortishiga hamda kelgusi 2022-yil hosili uchun tumanning oʻzida 2000 gektar maydonda Porloq-4 gʻoʻza navi yetishtirish boʻyicha taklifini berdi.

 

Maʼlumki, Buxoro viloyatida paxtachilikda vilt kasalligi katta zarar keltiradi. Ushbu viloyatda yetishtirilgan Porloq-2 gʻoʻza navi fuzariozli vilt patogeniga chidamli boʻlganligi sababli, ekilgan maydonlardan toʻliq gʻoʻza nihollari olishga erishildi. Gʻoʻza nihollarining sogʻlom va baquvvat rivojlanishi Porloq-2 navidan yuqori hosil olishga zamin yaratdi. Shuningdek, Genomika va bioinformatika markazida vilt patogeniga yuqori darajada chidamli yangi biotexnologik “Bardosh” gʻoʻza navi yaratilgan boʻlib, ushbu navni ham Buxoro viloyatida ekilib, sinov ishlari olib borildi va ijobiy natijalarga erishildi. Hozirda Buxoro viloyati fermerlariga taqdim etish maqsadida, ushbu navning urugʻlari koʻpaytirilmoqda.

 

Markaz olimlari tomonidan DNK markerlariga asoslangan seleksiya usulida yaratilgan tola sifati va hosildorligi yuqori boʻlgan, ertapishar Ravnaq-1 va Ravnaq-2 gʻoʻza navlari yaratilgan boʻlib, joriy yilda Ravnaq-1 navi Toshkent, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida yetishtirilib, yuqori hosil olishga erishildi. Ushbu nav ertapisharligi va hosildorligi yuqori boʻlganligi sababli, kelgusi yilda ham yetishtirish boʻyicha fermerlar takliflarini bildirmoqda. Shuningdek, Ravnaq-2 gʻoʻza navi ham tola chiqimi yuqori ertapishar nav boʻlib, joriy yilda Respublikamizning shimoliy hududi hisoblangan Qoraqalpogʻiston Respublikasida elita avlodli urugʻliklari yetishtirilib, gektaridan 40 sentnerdan yuqori hosil olindi. Kelgusi yilda ushbu navni yetishtirish uchun fermer xoʻjaliklari va agroklasterlar tomonidan takliflar bildirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//