“Shaxsning tarixdagi roli yoxud Shavkat Mirziyoyev fenomeni va uning Oʻzbekiston hamda Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlarga ta’siri haqida” – maqola atrofidagi muhokamalar

Saqlash
04:36 / 27.07.2023 1822 0

Bugun Iste’dodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasida “Ishonch” gazetasining 2023-yil 24-iyuldagi 89-sonida e’lon qilingan siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Shaxsning tarixdagi roli yoxud Shavkat Mirziyoyev fenomeni va uning Oʻzbekiston hamda Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlarga ta’siri haqida” maqolasi muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

 

 

Yigʻilishda Toshkent shahrida joylashgan oliy ta’lim muassasalari prorektorlari, boʻlim boshliqlari, shuningdek, yosh professor-oʻqituvchilar, doktorant va tadqiqotchilar bevosita, hududlardagi OTMlari professor-oʻqituvchilari va ilmiy izlanuvchilari esa ZOOM platformasi orqali ishtirok etdilar.

 

 

Yigʻilishda soʻzga chiqqan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, Senat a’zosi Minhojiddin Hojimatov ushbu maqolaning dolzarbligi va ahamiyati xususida batafsil fikr yuritdi. Ma’ruzachi e’tirof etgandek, ushbu maqolada Oʻzbekistonning tarixi, buguni va kelajagi toʻla-toʻkis qamrab olinishi bilan birga har bir tarixiy davr obyektiv baholanib, uning ijobiy va salbiy jihatlari ilmiy nuqtai nazardan tizimli tahlil qilingan. Shavkat Mirziyoyevning qisqa vaqtda mamlakatimiz va mintaqada kechayotgan barcha jarayonlarga favqulodda ta’sir koʻrsata olgani hamda Markaziy Osiyo, qolaversa, global geosiyosatda muhim rolni bajargani fikrimizning tasdigʻidir.



 

Shaxslarning tarixdagi roli hamisha turli tarzda talqin qilib kelinishini yaxshi bilamiz. Rus-fransuz faylasufi Sharl Rappoport “Tarix falsafasi uning asosiy oqimlarida” (1899) asarida shaxsning tarixdagi oʻrni haqida marksizm asoschilarining qarashlari bilan bir qatorda, shunday yechim ham borligini ta’kidlagan: “Shaxs – tarixiy taraqqiyotning ham sababi, ham mahsulidir”.

 

Mazkur maqola muallifi shaxsning tarixdagi roliga shu nuqtai nazardan yondashgani holda, Shavkat Mirziyoyev fenomenini yanada chuqurroq ochishga harakat qilgan. Darhaqiqat, bugungi davrda ham birgina siyosiy yetakchi, ya’ni Shavkat Mirziyoyev ulkan hududdagi geoiqtisodiy landshaftni oʻzgartirishga qanday kuchli ta’sir koʻrsata olishi mumkinligiga aniq misollarda guvoh boʻlib turibmiz.

Xalqaro ekspertlar Oʻzbekiston rahbari siyosiy kursining oʻta ijobiy ta’sirini inobatga olib, uni “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” deya atay boshladilar. Va bu yangicha siyosiy sifatlov  endilikda “Yangi Oʻzbekiston” atamasi bilan bir qatorda, nafaqat mintaqa, balki xalqaro siyosat maydonlarida ham baralla yangray boshladi.

 

Davlatimiz rahbari Uchinchi Renessans davri boʻsagʻasida turgan Oʻzbekiston yana Markaziy Osiyoda mintaqaviy taraqqiyot markaziga aylanishi zarurligini qayd etib, “Buning uchun maktabgacha ta’lim, maktab, oliy va oʻrta maxsus ta’lim tizimini eng yuqori sifat darajasiga koʻtarish, yangi Renessans davri shakllanishida ilmiy muassasalarni “oʻzaro bogʻliq boʻlgan toʻrtta boʻgʻin”ga aylantirish maqsadida ularni modernizatsiya qilish zarur” deya ta’kidladi. Ilm-fan taraqqiyoti Uchinchi Renessans poydevorini qisqa muddatda tiklashimizga imkon berishiga hech shubha yoʻq.

 

 

Yigʻilishda soʻzga chiqqan jamgʻarma raisi akademik Oqil Salimov, siyosiy fanlar doktori Narzulla Joʻrayev va boshqalar ham mazkur maqola xususida oʻzlarining fikr-mulohozalarini bildirib oʻtdilar.

 

Mazkur maqola matni bilan batafsil Oyina.uz saytida tanishishingiz mumkin.
 


“Oyina.uz”ning Telegram'dagi rasmiy kanaliga a’zo bo’ling!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//