Adabiyot
Ehtimol, maqola sarlavhasidanoq qanday fikr-mulohazalarni aytmoqchi bo‘lganim ayondir. Lekin Yangi O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq ushbu mavzu bo‘yicha hali mamlakatimizda biron-bir ilmiy izlanish olib borilmagan. Demak, masalaga yondashuvimda ham ko‘proq publitsistik ruh ustun bo‘lsa, ma’zur tutgaysiz.
U yoki bu buyuk shaxsni vujudga keltirgan har bir tarixiy davrning o‘ziga xos ijobiy va salbiy tomonlari bo‘ladi. Shu bois shaxsning tarixdagi roli kabi o‘ta jiddiy masalani tizimli yondashuv yoxud tizimli tahlilsiz tadqiq etish, menimcha, ilmiylikdan yiroq va ancha jo‘n xulosalarga yetaklaydi.
Masalaning mohiyati
Shu o‘rinda aytish joizki, ehtimol, rivojlangan demokratik davlatlarda kollektiv boshqaruvga asoslangan hokimiyatlar bo‘linishi, o‘zaro tiyib turish va muvozanatni ta’minlash tizimi barqarorlik hamda xavfsizlik garoviga aylangani barobarida allaqachon o‘zining avj nuqtasiga yetgandir. Boshqa bir tomondan, aynan jamoaviy boshqaruv fonida siyosiy rahbarning yetakchilik roli, haqiqatan ham, zaifroq namoyon bo‘ladi.
So‘nggi paytlarda bunday vaziyat G‘arbda nafaqat ko‘rib chiqilayotgan mavzuga, balki umuman falsafa faniga, jumladan, tarix nazariyasiga ham qiziqish pasayishiga olib kelmoqda. Bu esa, vaqt o‘tib, jamoaviy boshqaruvning ba’zan jamiyat taqdiriga jamoaviy mas’uliyatsizlikdek o‘ta jiddiy yana bir muammosini yuzaga keltirishi mumkin.
Biroq ijtimoiy-siyosiy rivojlanishning biroz o‘zgacha manzarasi mavjud dunyoning boshqa hududlarida shaxsning roliga qiziqish ancha yuqoriligicha qolmoqda. Xususan, rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga kiruvchi Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekistonda ham siyosiy yetakchining roli inkor etib bo‘lmaydigan hamda hal qiluvchi omil bo‘lib, model tanlash va islohotlar sur’atiga o‘z ta’sirini o‘tkazayotir.
Klassik falsafa qonunlari ham, zamonaviy siyosatshunoslik fani ham buyuk shaxslarning tarixda tutgan beqiyos rolini inkor etmaydi. Ayniqsa, Osiyo mamlakatlarida birinchi rahbar, uning shaxsiy mavqei va malakasi, shak-shubhasiz, u yetakchilik qilayotgan davlatning muvaffaqiyati yoki kamchiligini belgilab beradi.
Ochig‘i, o‘zbeklarga ham xos bo‘lgan sharqona mentalitetni hisobga olsak, davlatning birinchi shaxslari haqida fikr yuritganda yoki yozganda, me’yorni saqlash juda qiyin. Men xalqimizning ma’naviy-axloqiy kodeksiga “andisha” tushunchasi bilan kirgan milliy o‘zligimizga xos nazokat, xushmuomalalik, ehtiyotkorlikni nazarda tutyapman. Nazarimda, bu milliy xarakterimizni bugungi global va o‘zgaruvchan dunyoga moslashtirish vaqti keldi. Ayniqsa, narsalarni o‘z nomi bilan atash talab etiladigan katta siyosiy va tarixiy ahamiyatga ega masalalar muhokama qilinayotganda zehniyatimizda mudom yashab kelayotgan “taysallash”ni yengib o‘tishimiz zarur bo‘ladi.
Jumladan, mamlakat ichida hatto shaxsning tarixda tutgan o‘rni kabi masalani muhokama qilayotganda ham hanuz eskirgan yondashuvlar (“andisha”) paydo bo‘lmoqda. Bu esa tariximizdagi qandaydir muhim voqeaning yoki taniqli siyosiy yetakchilarning rolini xolisona baholashni oshkora buzib talqin qilishdan, undan ham yomoni, oddiy xushomadgo‘ylikdan ajratishga imkon bermaydi.
Umuman olganda, aksar postsovet jamiyatlari kabi bizda ham tarix fani uzoq yillar “qirmizi mafkurachilar” va ularning mahalliy gumashtalari diktati bilan “yo‘lga” solib kelindi. Qo‘ldan yasalgan “xonaki tarix”ning mavjud fakt o‘laroq, fanga, jamiyatga millat va milliy davlatchilik nufuzi hamda sha’niga yetkazgan ma’naviy zararini bugun biz ko‘rib turibmiz. Ehtimol, shuning uchundir, bugun jamiyatda “haqiqiy va chin tariximiz”ni xalqqa ko‘rsatish kerakligi haqidagi xitoblar balandroq yangray boshladi. Ayni “chaqiriq” bugungi o‘tayotgan kunlarimizni ham bevosita ifodalay oladi. Zotan, biz O‘zbekistonning yangi tarixi yaratilayotgan chorrahada turibmiz.
To‘g‘ri, men avvallari ham Prezident Shavkat Mirziyoyev faoliyati haqida yozganman. Biroq bu gal uning qisqa vaqtda mamlakatimiz va mintaqada kechayotgan barcha jarayonlarga favqulodda ta’sir ko‘rsata olgani hamda Markaziy Osiyo, qolaversa, global geosiyosatdagi rolining muhim tarixiy ahamiyati haqida gapirmoqchiman.
Tarixiy-falsafiy nuqtai nazardan shaxsning roli
Shaxsning tarixdagi rolini tusmollash keng fanlararo tadqiqga oid ish. Negaki bu mavzu bir vaqtning o‘zida tarix, falsafa, sotsiologiya, siyosatshunoslik, madaniyatshunoslik va boshqa fanlar doirasida ko‘rib chiqiladi.
O‘tmish yoki hozirgi tarixiy burilishlarni o‘rganish, shuningdek, bu jarayonlarda qudratli shaxslarning rolini hisobga olsak, ko‘pchilik “agar shunday bo‘lsa-chi...” deya fikrlashni yoqtiradi. Bahslashmayman, ayni mushohada tarzi o‘ta qiziqarli jarayon. “Shaxsning tarixdagi roli” qadimdan ko‘pchilikni, jumladan, katta ijtimoiy-siyosiy ta’limotlarga asos solgan buyuk zotlarni ham qiziqtirgan, xayollarini “o‘g‘irlagan”. Shu havasmandlik “mevasi” ular hatto bir qator ta’limotlarni ishlab chiqqanlar, turli tarixiy jarayonlarda qonuniylik va tasodifiylik kabi falsafiy kategoriyalar o‘rtasidagi munosabatlar haqida bahslashganlar. Bu yana aynan shaxsning roli masalasi bilan bog‘liq.
Chunonchi, XVII asrda yashab o‘tgan buyuk fransuz olimi va faylasufi Blez Paskal o‘zining “Fikrlar” (Blaise Pascal, “Pensées”, 1670) nomli asarida “Kleopatraning burni” haqidagi tarixiy paradoksni keltiradi: “Kleopatraning burni biroz qisqaroq bo‘lganida edi, yer yuzi boshqacha bo‘lardi”.
Majoziy ma’noda aytganda, agar Misr malikasining burni aytaylik, sal qiyshiqroq bo‘lganida, Rim sarkardasi Antoniy unga qiziqmagan, alaloqibat, Oktavianga qarshi jangda yutqazmagan bo‘lardi. Ya’ni, agar Kleopatra kabi nufuzli shaxs bo‘lmaganida, Mark Antoniy va Yuliy Sezar boshqa siyosiy qarorlar qabul qilishlari va shunda Rim imperiyasidagi buyuk fuqarolar urushi boshqacha yakunlanishi yoki umuman boshlanmasligi mumkin edi. Eng muhimi, Rim tarixi butunlay o‘zga o‘zanda rivojlanishi mumkin edi.
Bu tarixiy syujet o‘ta istehzoli bo‘lishi bilan birga, shaxsning moziydagi o‘rni borasidagi qarashlarga arzirli misol bo‘la oladi. O‘ylaymanki, ko‘hna o‘tmish g‘aladoni titkilansa, ayni mavzuda bundan boshqa ham ko‘plab misollarni keltirish mumkin.
Garchi ayni pallada ba’zilarning iqi suymasa-da, mulohazalarimni ilmiy bir obyekt sifatida Rossiya tarixidan misol bilan izohlamoqchiman. Pyotr I o‘z mamlakati taraqqiyotida ulkan burilish yasaganiga, uni feodal davlatdan qudratli imperiyaga aylantirganiga urg‘u beradilar. Pyotr I ilg‘or g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan islohotlarni amalga oshirdi va mamlakat rivojiga to‘siq bo‘layotgan eski an’analarni buzdi. Bu esa Rossiya uchun misli ko‘rilmagan darajada yuksalish imkonini berdi hamda o‘sha paytdagi G‘arbiy Yevropaning ilg‘or davlatlaridan qoloqlikni sezilarli darajada kamaytirdi. Agar Pyotrning o‘rnida g‘ayrati sustroq bir hukmdor bo‘lganida, shubhasiz, Rossiyadagi islohotlar davri uzoq vaqtga qoldirilishi va bugun butkul o‘zgacha qiyofadagi Rossiyani ko‘rib turgan bo‘lardik.
Va yana bir misol: Turkiya tarixida turk davlatchiligi hayot-mamoti hal bo‘layotgan pallada tarix maydoniga chiqqan Mustafo Kamol Otaturkning beqiyos o‘rnini bugun hech kim ham inkor eta olmaydi. 1919-yilning may oyida mamlakatni bosib olgan bosqinchi qo‘shinlarga qarshi safarbarlik e’lon qilgan Mustafo Kamol turk xalqining mustaqillik harakatiga boshchilik qildi. Keyin zamonaviy turk davlati asoschisi sifatida Usmonli imperiyasi xarobalari uzra yangi respublika yaratdi. Shuningdek, turk jamiyatining bir necha o‘n yilliklar davomida taraqqiyot sari jadal harakatlanishini ta’minlagan yirik islohotlarni boshlab berdi.
Ko‘rib turganingizdek, bunday tarixiy voqealarni tushunish, muqarrar ravishda, ma’lum bir shaxs tarix yo‘nalishini qanchalik o‘zgartira olgani haqidagi munozaralarga sabab bo‘ladi. Jumladan, nemis mutafakkiri Gegel (1770–1831)ning fikricha, “jahonshumul tarixiy shaxslar a’moli umumbashariy ruhning mahrami bo‘lishdir”. U inson o‘zicha tarixiy voqelikni yarata olmaydi, deb hisoblaydi va shu bois buyuk shaxsning ishi odamlarga dunyo taraqqiyoti uchun zarur bo‘ladigan navbatdagi qadamni tushunish va ochib berishdir, deydi. Ingliz faylasufi Tomas Karleyl esa, aksincha, shaxsning tarixdagi rolini mutlaqlashtirgan. U o‘zining “Qahramonlar, qahramonlarga sig‘inish va tarixdagi qahramonlik to‘g‘risida” (1840) nomli asarida “dunyo tarixi buyuk shaxslarning tarjimai holidir” deya ta’kidlagan.
Karleyl buyuk odamlarda qaysidir ma’noda ilohiylikni ko‘radi – Xudo ular faoliyatiga “o‘z xohish-irodasi”ni “joylaydi”. Karleylning fikricha, dunyo taraqqiyoti qonuniyatlari faqat “tanlanganlar” yoki “qahramonlar”gagina ayon bo‘ladi, ular “tarixning yagona haqiqiy ijodkorlari”dir.
Marksizm asoschilari ham shaxsning tarixdagi o‘rni masalasini e’tibordan chetda qoldirmagan. Xususan, K.Marks va F.Engels idealistik yondashuvlarni va shaxs rolini teologik asoslashni tanqid qilishgan hamda shaxsning tarixdagi rolini xaspo‘shlab, uning harakatlarini tashqi moddiy omillarga qat’iy bog‘lab qo‘yishgan. Ularning fikricha, tarixiy qonunlar o‘zgarmasdir, ya’ni ular har qanday vaziyatda (erta yoki kech, oson yoki qiyin, ko‘p yoki kamroq) amalga oshadi.
Biroq XIX asr oxiriga kelib, faylasuflar tarixda shaxsning rolini baholashda o‘ta qarama-qarshi yondashuvlardan uzoqlasha boshladilar. Masalan, rus-fransuz faylasufi Sharl Rappoport “Tarix falsafasi uning asosiy oqimlarida” (1899) asarida shaxsning tarixdagi o‘rni haqidagi yuqorida tilga olingan qarashlar bilan bir qatorda, shunday yechim ham borligini ta’kidlagan: “Shaxs – tarixiy taraqqiyotning ham sababi, ham mahsulidir”.
Shaxsning tarixda tutgan o‘rni bilan bog‘liq zamonaviy qarashlar haqida gapirganda, amerikalik faylasuf Sidney Xuk va uning “Tarixdagi qahramon. Cheklovlar va imkoniyatlar tadqiqi” (Sidney Hook, “The Hero in History”, 1943) monografiyasini yodga olish kerak.
Sidney Xuk shaxsning tarixdagi rolini shubha ostiga qo‘ymaydi. Qolaversa, u buyuk shaxslarni tarix rivojiga ta’sir darajasiga ko‘ra tartiblaydi. Chunonchi, ularni voqealarga ta’sir ko‘rsatadigan yetakchilar hamda faqat ta’sir qilibgina qolmay, tarixiy voqealarni o‘zi yaratadigan, voqealarni shaxsan o‘zi boshlab, jarayonlarni harakatga keltiradigan yetakchilarga ajratadi (misol uchun xuddi shu yo‘lni tanlagan Den Syaopinni olaylik).
Maqolaning ushbu qismini yakunlab, shuni ta’kidlamoqchimanki, XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab kuzatilgan shaxsning roli muammosiga ilmiy qiziqishning susayishi shaxsning tarixdagi roli pasayganini anglatmaydi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, dunyoning ko‘plab davlatlari taqdiri, ya’ni rivojlanishidagi yuksalish va inqirozlar u yoki bu yetakchi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Binobarin, hozirgi Markaziy Osiyoda, jumladan, O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan tarixiy voqealarni ham xuddi shu nuqtai nazardan baholash kerak. Bu esa shaxsning tarixiy jarayonlardagi o‘rni kabi masalani ilmiy tadqiq etish ahamiyatini belgilab beradi.
Shaxslarning Markaziy Osiyo tarixidagi o‘rni haqida
Tarixiy voqelik shuki, Markaziy Osiyo hatto qadimgi davrlarda ham Osiyoning yuragi sifatida alohida e’tiborga molik hudud bo‘lgan. U orqali, ayniqsa, jahon dengiz yo‘llari ochilgunga qadar Buyuk Ipak yo‘li va boshqa barcha xalqaro kommunikatsiyalar o‘tgan.
O‘sha paytlarda bu yerda butun insoniyat taraqqiyotining keyingi yo‘nalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan o‘ziga xos madaniy-tamadduniy markaz shakllangan. Ibn Sino va Al-Xorazmiy, Beruniy va Forobiy, Buxoriy va Termiziy, Zamaxshariy va Ulug‘bek kabi buyuk olimlar silsilasidan butun o‘rta asrlar dunyosi tibbiyot, matematika, astronomiya, hadisshunoslik va boshqa ilm-u fanlarni o‘rgangan.
Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, qadimda turli nomlar bilan atalgan zamonaviy Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi, madaniy va tarixiy merosi ming yillardan buyon shu tuproqda yashab kelayotgan xalqlarimizning umumboyligidir.
Ammo, adolat nuqtai nazaridan, o‘zbek xalqi hamisha Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining markazida bo‘lganini, bu borada hech kim inkor eta olmaydigan alohida tarixiy roli va o‘rni borligini aslo unutmaslik kerak. Mintaqa aholisining deyarli yarmi istiqomat qiladigan O‘zbekiston jo‘g‘rofiy joylashuviga ko‘ra, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari o‘rtasida bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘taydi. Bu maqomda o‘ziga xos markazlashtiruvchi rolni bajarib, mintaqani siyosiy, iqtisodiy, madaniy va diniy-mafkuraviy jihatdan birlashtirgan o‘zbek xalqi zimmasiga butun Markaziy Osiyoning tarixiy rivojlanishida alohida mas’uliyat yuklanadi.
Tariximiz Markaziy Osiyo xalqlari va davlatlari rivojiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan buyuk shaxslarga boy. Davlat arboblari orasida Amir Temur va temuriylar sulolasining O‘rta Osiyo chegaralaridan oshib, Hindistongacha bo‘lgan ulkan hududda buyuk imperiyalar barpo etgan tarixiy rolini alohida ta’kidlash mumkin. Amir Temurning beqiyos rolini aslo kamsitmagan holda, shuni ta’kidlamoqchimanki, o‘zbek xalqi va o‘zbek davlatchiligining kelib chiqishi tarixning chuqur qatlamlaridan boshlanadi. Ammo tarix fanimiz, siyosatshunosligimiz, publitsistikamiz, kinematografiyamiz va hatto badiiy adabiyotimizda ham qarluqlar, qoraxoniylar va somoniylar sulolalari hukmronligi davrida tarix maydonida yorqin iz qoldirgan bir qator buyuk shaxslarning faoliyati amalda ochilmagan va hamon yopiqligicha qolmoqda.
2016-yildan so‘nggina O‘zbekistonning yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tarixiy voqealar va shaxslarni yoritishdagi eskirgan aqidalarni buzishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada Xiva xonligining bosh vaziri Said Islomxo‘janing (1907–1913 yillar) ilg‘or rolini, shuningdek, anushteginlar sulolasidan bo‘lgan so‘nggi xorazmshoh (1220–1231) Jaloliddin Manguberdining tarixiy ahamiyatini ochib beruvchi filmlar yaratildi.
Shu o‘rinda o‘z davrida islom falsafiy tafakkuri va islom ma’rifati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Imom Abu Iso at-Termiziy va Imom al-Buxoriyning ijodi haqida suratga olingan filmlarni ham alohida ta’kidlash joiz. Lekin xalqimiz yana bir tarixiy shaxs – O‘zbekxon faoliyati bilan yaqindan tanishishni sabrsizlik bilan kutmoqda. Bu, albatta, tarixchilarga ishora. Ko‘pchilikning fikricha, O‘zbekxon o‘zbek xalqi va o‘zbek davlatchiligining shakllanishida o‘ziga xos iz qoldirgan. To‘g‘risi, shu nomni millat nomi sifatida qabul qilib, uning kelib chiqishiga qiziqmaslik yoki katta ehtimol bilan, bu tarixiy faktdan taysallash, uni yashirish nima uchun kerak bo‘lganini men hozirgacha tushunmayman.
Bilishimcha, (albatta, men professional tarixchi emasman) O‘zbekxon 1313-yilda Urganchdan kelib, Oltin O‘rda taxtini egallagan va o‘sha davrda hozirgi O‘zbekistonning bir qismi – Xorazm va Orolbo‘yi hududlari Oltin O‘rda tarkibiga kirgan. Uning islom dinini yoyishdagi betakror xizmatlarini ham inkor etib bo‘lmaydi. O‘zbekxon islomni o‘z imperiyasining, jumladan, Yevroosiyoning bepoyon kengliklarida istiqomat qilgan xalqlarning hukmron (dominant) diniga aylantirdi, islom sivilizatsiyasi maydonida birlashtirdi.
Shuningdek, nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning o‘tmish taqdirida muhim rol o‘ynagan Muhammad Shayboniyxon va shayboniylar sulolasini ham alohida eslatib o‘tish lozim. Temuriylar saltanati tanazzulga yuz tutib, oxir-oqibat parchalangach, o‘lkamizni Eron hukmdori Ismoilshoh qo‘shinidan saqlab qolgan ham aynan shayboniylar bo‘ladi. Ehtimol, mard shayboniylar bo‘lmaganida, Turkiston allaqachon Fors imperiyasining shimoli-sharqiy viloyatiga aylanarmidi?
Qolaversa, Buxoro va Qo‘qon xonliklarida hukmronlik qilgan tarixiy shaxslarning o‘rni va faoliyati tarix fanimiz va publitsistikamizda hamon yoritilmay kelmoqda. Bu haqda gapirar ekanman, mintaqa tarixi unda yashayotgan barcha xalqlar tarixi ekanini yana bir bor ta’kidlamoqchiman. Shu oddiy sabab tufayli 1920-yillarga qadar Markaziy Osiyoda davlatlarni milliy tamoyilga ko‘ra bo‘lish odat tusiga kirmagan. Biz hammamiz turli nisbatlarda bu davlatlarning bir qismi bo‘lganmiz va umumiy nom bilan “turkistonliklar” deb atalganmiz.
Falsafada jamiyat va insoniyat spiralsimon rivojlanadi, degan nazariya bor. Shu haqda mulohaza qilar ekanman, qolaversa, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsadli va jadal xarakterini inobatga olib, kelgusi tarixda nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo insoniyat tarixida yo‘qotgan mavqeini qaytarib oladigan, yana o‘z qadr-qimmatini tiklaydigan davrlar yaqinlashayotganiga aslo shubha qilmayman.
Hozirgi bosqichning Markaziy Osiyodagi ahamiyati yoki Shavkat Mirziyoyev fenomenining ta’siri haqida
So‘nggi 150 yil davomida dastlab Rossiya, keyin Sovet imperiyasi tarkibida bo‘lgan Markaziy Osiyoning beshta respublikasi faqat 1991-yilga kelib, o‘z davlat mustaqilligiga erishdi. O‘shandan buyon 30 yildan ortiq vaqt o‘tdi va beixtiyor shunday savol tug‘iladi: Markaziy Osiyo davlatlari mustaqil taraqqiyotining o‘ttiz yillik tarixida qanday yutuqlarga erishdi? Bu savolga turlicha javob variantlari bor, albatta. Biroq tanlovning kengligiga qaramay, men ba’zilarni mintaqa davlatlariga nisbatan bir tomonlama fikr bildirmaslikka, o‘ta talabchan bo‘lmaslikka chaqiraman. Tabiiyki, buning sababi bor.
Sababki, bugun Markaziy Osiyo ulkan islohotlar va katta o‘zgarishlar jarayonini boshdan kechirmoqda. Bundan tashqari, 2016 va 2019-yillarda prezidentlar almashgan O‘zbekiston va Qozog‘istonda hokimiyat tepasiga siyosiy va iqtisodiy modernizatsiyani boshlagan rahbarlarning ikkinchi avlodi keldi. Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning yaqin tarixida innovatsiya, o‘zgarish hamda modernizatsiyaga intilish turli darajada namoyon bo‘ldi. Bu ham Markaziy Osiyoning muhim xususiyati.
Ana shunday bir sharoitda Shavkat Mirziyoyev 1990-yillarning oxiri va 2000-yillarning boshida O‘zbekistonning yopiqlik va o‘zini o‘zi izolyatsiya qilish siyosati sababli qo‘shni davlatlar bilan aloqalar uzilib qolganini, ushbu xatti-harakatlar Markaziy Osiyo davlatlarining tarqoqlashishiga hamda mintaqadagi vaziyatning chigallashishiga olib kelganini to‘g‘ri anglab yetdi. Shu bois 2016-yilda hokimiyat tepasiga kelgach, Markaziy Osiyo muammolarini hal etishni o‘z tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi deb e’lon qildi. Bu muhim qadam tufayli qo‘shnilar bilan bog‘liq barcha eski muammolar, kelishmovchilik va qiyinchiliklarga chek qo‘yildi. Qo‘shnilarimiz Toshkentni o‘zining eng yaqin va ishonchli hamkori, deb bilmoqda. Bu mintaqada o‘zaro ishonchga, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikka asoslangan yangi geosiyosiy vaziyatning vujudga kelishiga zamin yaratdi.
Mintaqaviy hamkorlikning madda boylagan barcha muammolarini ochiq muhokama qilish va bartaraf etish zarurligini chuqur his qilgan Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini muntazam ravishda o‘tkazib turish taklifi bilan chiqdi. Mintaqaning boshqa davlatlari, birinchi navbatda, Qozog‘iston O‘zbekiston rahbari tashabbusini ancha faol qo‘llab-quvvatladi. Nazarimda, bugun mintaqadagi eng muhim ikki davlat sifatida O‘zbekiston va Qozog‘iston tandemi tufayli Markaziy Osiyoda yangi integratsiya jarayonlari izchil rivojlanib bormoqda.
O‘zbekiston hamda Qozog‘istondagi islohotlar Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga bevosita ta’sir qilmasa-da, siyosat, iqtisodiyot va diplomatiyadagi salmog‘i tufayli bu ikki davlat butun mintaqa rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Umid qilamizki, mintaqadagi boshqa davlatlar ham bu jarayonga yanada salmoqli hissa qo‘shadilar. Jumladan, Turkmaniston bu masalaga ancha faol va oqilona yondasha boshladi.
Hozirgi bosqichda Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya va mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish borasida ulkan sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Uning fikricha, mintaqa xalqlari nafaqat umumiy tarix, balki umumiy istiqbolga ega ekanini anglab yetishlari kerak. Aynan shu bois ko‘plab siyosatshunoslar Markaziy Osiyo jahonda yagona mintaqa sifatida tan olinayotganini alohida ta’kidlashmoqda.
Bunday maqom mintaqaning geosiyosiy mavqeini mustahkamlabgina qolmay, xalqaro maydonda mintaqa manfaatlarini himoya qilishda katta imkoniyatlar eshigini ham ochadi. Shu asosda “5+1” formati vujudga keldi. Unda Markaziy Osiyoning beshta davlati hamda bitta xorijiy hamkor (AQSh, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston yoki boshqa davlatlardan biri) ishtirok etadi. E’tiborlisi, bu format, o‘z navbatida, Markaziy Osiyoning kollektiv o‘ziga xosligini shakllantirishga va mamlakatlar siyosiy elitasini birlashtirishga ham xizmat qilmoqda. Qolaversa, ko‘plab xorijiy davlatlar uchun yagona Markaziy Osiyo bilan hamkorlik qilish qulayroqdir.
Endilikda Markaziy Osiyo davlatlari 2022-yil 21-iyulda Cho‘lpon-Ota shahrida (Qirg‘iziston) Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomada aniq ifodalanganidek, tahdidlarni bartaraf etish, o‘z mustaqilligi va hududiy yaxlitligini saqlash uchun bir-birini qo‘llab-quvvatlash zarurligini yanada teranroq his etmoqdalar.
Ma’lumki, Osiyoning qoq markazida joylashgan mintaqamiz ko‘p asrlar davomida muhim savdo yo‘llaridan chetda, global jarayonlarga qo‘shila olmay, dunyodagi ishlab chiqarish va ilmiy-texnikaviy taraqqiyotdan tobora ortda qolib, har jihatdan qoloq mintaqaga aylanishga mahkum edi.
Markaziy Osiyoni transport bilan bog‘liq boshi berk ko‘chadan olib chiqish mintaqa miqyosidagi muhim vazifalardan biridir. Biroq yaqin-yaqingacha mintaqadagi biron-bir davlat bu boradagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish vazifasini o‘z zimmasiga olmagandi. Bu jarayon ham Markaziy Osiyoni Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq bozorlari bilan bog‘lovchi samarali transport-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish bo‘yicha mintaqa davlatlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish taklifi bilan chiqqan Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgach, yechimini topdi. U kelgusida mintaqani nafaqat muhim transport-logistika markaziga aylantirish, balki Markaziy va Janubiy Osiyoning geoiqtisodiy landshaftini ham o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Boshqa omillar qatori ularning amalga oshirilishi dunyoning mazkur hududida biznesni rivojlantirish hamda iqtisodiyotni tiklash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari bilan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” yo‘nalishi bo‘yicha 454 kilometr uzunlikdagi temiryo‘l liniyasi loyihasi ishga tushishi mahalliy iqtisodiyot rivojining o‘ziga xos harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi. Bu yo‘nalishda Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston temir yo‘llarini, so‘ngra Transkaspiy va Transkavkaz yo‘laklari bo‘ylab Yevropa temir yo‘l tarmog‘i bilan bog‘lanish nazarda tutilgan.
Markaziy Osiyo – Fors ko‘rfazi multimodal koridoridan, jumladan, 1996-yilda ishga tushirilgan “Tajan – Saraxs – Mashhad – Bandar-Abbos” temir yo‘l liniyasidan samarali foydalanish, shuningdek, ochiq ummonga chiqish imkoniyati bo‘lgan Chobahor portiga yana bir yo‘nalishni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi hamkorlik har qachongidan mustahkamlanmoqda.
2022-yil dekabrida Izmir portiga chiqadigan 4500 kilometr uzunlikdagi “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” yangi temir yo‘l yo‘nalishi ishga tushirildi. Bu O‘zbekiston mahsulotlarini eksport qilish uchun qo‘shimcha yo‘nalishga aylandi. Shuningdek, “O‘zbekiston – Ozarboyjon – Turkiya muloqoti” formati doirasida O‘zbekistonga Turkiyaning Mersin porti orqali O‘rta Yer dengiziga chiqish imkonini beradigan “Navoiy – Turkmanboshi – Boku – Tbilisi – Kars” temiryo‘l koridorining muhim salohiyati qayd etildi.
“Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” yo‘nalishi bo‘yicha uzunligi qariyb 600 kilometr bo‘lgan temir yo‘l qurilishi bilan Transafg‘on transport yo‘lagini qurish ham istiqbolli loyihalardandir. U Markaziy Osiyoni eng qisqa yo‘l orqali Pokiston, Hindiston va Yaqin Sharq bilan bog‘laydi. Loyiha Rossiya, Xitoy va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Misollarda aniq ko‘rib turganingizdek, bizning davrimizda ham birgina siyosiy yetakchi, ya’ni Shavkat Mirziyoyev ulkan hududdagi geoiqtisodiy landshaftni o‘zgartirishga qanday kuchli ta’sir ko‘rsata olishi mumkinligiga guvoh bo‘lib turibmiz.
Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston rahbari siyosiy kursining o‘ta ijobiy ta’sirini inobatga olib, uni “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” deya atay boshladilar. Va bu yangicha siyosiy sifatlov “Yangi O‘zbekiston” atamasi bilan bir qatorda, nafaqat mintaqa, balki xalqaro siyosat maydonlarida ham baralla yangray boshladi. Xususan, ayni atama siyosatchilarning Afg‘onistondagi voqealar atrofidagi munozaralarida ham keng qo‘llanila boshladi. Darhaqiqat, O‘zbekiston Prezidentining uzoqni ko‘zlagan siyosati Afg‘oniston haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirib, uning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik sifatidagi tarixiy rolini barchaga eslatdi.
E’tiborlisi, Shavkat Mirziyoyevning yangi tashabbuslaridan ta’sirlangan Pokiston ham Transafg‘on transport yo‘lagi orqali mintaqamiz bilan hamkorlik istiqbollarini ko‘rib, Markaziy Osiyo bilan faol aloqalarni yo‘lga qo‘ya boshladi.
O‘zbekistondagi bugungi voqelik va uning rivojida Prezident ta’siri
O‘z kuzatishlarim va hisob-kitoblarimga asoslanib, O‘zbekiston mustaqil taraqqiyotining bu qisqa davrini uch bosqichga bo‘lishni istardim: 1991–2000 yillar; 2000–2016 yillar; 2016–2030 yillar.
Birinchi bosqich 1991–2000 yillarni qamrab oladi
SSSR parchalanib ketgach, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga davom etayotgan geosiyosiy voqelikni anglab yetishlari uchun ma’lum vaqt kerak bo‘ldi. Suverenitet va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas choralar ko‘rish zarur edi. Birinchi navbatda, chegaralarni belgilash; yangi valyutani joriy etish; davlat boshqaruvining butun tizimini qayta tashkil qilish; o‘z armiyasi va kuch ishlatar tuzilmalarini yaratish; iqtisodiy rivojlanishning yangi modelini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish; giperinflyatsiyani va SSSR rejali iqtisodiyoti inqirozining boshqa salbiy oqibatlarini bartaraf qilish (chunki yagona Sovet iqtisodiyotining ishlab chiqarish tarmoqlari o‘rtasidagi barcha zanjirlari uzilgan edi) kabi muhim masalalar bilan shug‘ullanish kerak edi.
Shu bois ortga qarab, shuni aytishim mumkinki, jamiyatda jadal islohotlarga bo‘lgan talab yuqori ekaniga qaramay, Singapur yoki Janubiy Koreya kabi keskin o‘sishni tayyorgarliksiz olib borish va amalga oshirishning aslo iloji yo‘q edi. Buning uchun “Osiyo yo‘lbarslari” va Markaziy Osiyoning sobiq sho‘ro respublikalari butunlay o‘zgacha ekanini anglab yetish kerak. Menimcha, 1990-yillar boshlarida bozor iqtisodiyotiga o‘tishning o‘ziga xos modelini ishlab chiqqan O‘zbekiston o‘z mustaqil yo‘lini ancha yaxshi boshlagandek edi. Ko‘zga ko‘rinib turgan omillarga ko‘ra, mamlakatimizning jadal rivojlanish imkoniyatlari Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston, jumladan, fuqarolar urushi alanga olgan Tojikistondan ancha yaxshiroq edi. Shu bois O‘zbekiston mustaqil taraqqiyotining dastlabki o‘n yilini mintaqadagi eng yaxshi natija bilan yakunladi.
Esimda, o‘shanda bizga nafaqat qo‘shni davlatlar havas bilan qarashgan, balki Rossiya rahbarlari ham taraqqiyotning o‘tish bosqichida O‘zbekiston muvaffaqiyatini misol qilib ko‘rsatishgan edi.
Ikkinchi bosqichga 2000-2016 yillar kiradi
Mutaxassislar O‘zbekiston taraqqiyotidagi bu davrni siyosiy va iqtisodiy turg‘unlik davri sifatida tavsiflaydi. Nima uchun shunday bo‘ldi? Axir avvalgi bosqichda belgilab olingan taraqqiyot yo‘li yaxshiroq natijalarga umid qilishga asos berar edi-ku? Nazarimda, bu juda og‘ir va o‘ta og‘riqli savol, unga bitta maqola doirasida javob berish mushkul.
Umuman olganda, fikrimcha, bu savolga biryoqlama javob berishning ham imkoni yo‘q. Chunki hayotda, keng ma’noda va mavzu doirasida aytadigan bo‘lsak, butun boshli mamlakat hayoti yo tarixida hech narsa o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Har narsaning obyektiv va subyektiv sabablari va shart-sharoitlari bo‘ladi.
2000-yillar boshida ko‘pchilik xalqimizning bag‘oyat mehnatsevarligi va o‘ziga xos tadbirkorlik qobiliyatini hisobga olib, O‘zbekiston o‘z taraqqiyotida mintaqadagi qo‘shnilarini ancha ortda qoldirib, jadal sur’atlar bilan olg‘a borishini kutgan edi. Lekin butun dunyo buning aksiga guvoh bo‘ldi. Ya’ni O‘zbekistonda jadal o‘sishni ta’minlashga qaratilgan tizimli tub islohotlar to‘xtab qoldi. Bil’aks, mamlakat faqat biroz oldin – 90-yillarda erishilgan iqtisodiyotning nisbiy barqarorligini saqlab qolishga jiddu-jahd qildi.
Eng achinarlisi, mamlakatda tadbirkorlik faoliyatini butunlay barbod etgan bir qator nomaqbul qarorlar qabul qilindi. Jumladan, O‘zbekiston 2003-yil oktabrida XVF Nizomining VIII moddasi bo‘yicha hech qanday cheklovlarsiz joriy xalqaro operatsiyalar uchun valyuta konvertatsiyasini amalda qo‘llash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmadi. Mamlakat asta-sekin tashqi dunyoga yopildi, o‘zini izolyatsiya qilish siyosatini olib bordi, qattiq chegara va savdo cheklovlarini kiritdi. Buning fonida dastlab O‘zbekistonga katta ishtiyoq bilan kelgan xorijiy investorlar o‘z bizneslarini qo‘shni davlatlarga ko‘chira boshladilar. Esimda, 2000-yillar o‘rtalarida yuqori martabali qozog‘istonlik qadrdonlarimdan biri O‘zbekiston o‘z islohotlarini sekinlatib, Qozog‘istonga ko‘maklashgani, unga islohotlarni jadallashtirib, mintaqadagi eng qudratli iqtisodiyotga aylanishi uchun imkon bergani uchun “minnatdorlik” bildirgan edi.
Nachora, fakt faktligicha qoladi: bunday sharoitda o‘zbekistonliklar Xitoy, Malayziya va hatto qo‘shni Qozog‘istondagi muvaffaqiyatlarni faqat tomosha qilishlari va olqishlashlari mumkin edi. Bugun ko‘pchilik siyosatchi va iqtisodchilarning “O‘zbekiston 2000-yillarda islohotlar jarayonini to‘xtatish bilan o‘ta muhim qisqa davrni qo‘ldan boy berdi” degan tahliliy qarorlarini tasdiqlashdan o‘zga imkon topolmayman.
So‘zlarim asossiz bo‘lmasligi uchun chet el tadqiqotidan bir dalil keltiraman. 2004-yil 11-martda qarorgohi Bryusselda joylashgan Xalqaro Inqiroz Guruhi (International Crisis Group) “O‘zbekistondagi islohotlar omadsizligi: xalqaro hamjamiyat uchun keyingi qadamlar” nomli tahliliy hisobotini e’lon qildi. Unda “XVF ma’lumotlariga ko‘ra, 2003-yilda mamlakat iqtisodiyoti atigi 0,3 foizga o‘sgan, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot esa 1998-yildan buyon har yili pasayib, 2003-yilda atigi 350 dollarni tashkil etgani qayd etilgan. Chet el sarmoyasi kam, mamlakat xomashyo, asosan oltin va paxta eksporti evaziga kun kechirmoqda” deyilgan edi.
Hujjatda, shuningdek, O‘zbekiston og‘ir iqtisodiy turg‘unlikni boshidan kechirishda davom etayotgani, ishsizlik ko‘payayotgani va turmush darajasi pasayayotgani, aholining 80 foizi qashshoqlikda yashayotgani ta’kidlangandi. Xullas, xorijlik ekspertlar O‘zbekiston o‘zi uchun muhim bo‘lgan islohotlardan juda ortda qolayotgani haqida o‘sha kezlardayoq bong ura boshlashgan. Shuningdek, ular “Iqtisodiy inqirozdan chiqishning yagona yo‘li uzoq muddatli tarkibiy islohotlarni amalga oshirishdir”, deya ta’kidlashgan.
O‘sha kezlarda O‘zbekistonda bunday tavsiyalarga quloq soladiganlarni topish amrimahol edi, albatta. Vaholanki, o‘z qobig‘iga o‘ralib olish, mamlakatni har qanday “ta’sirlar”dan himoyalash yoki hatto bu haqda o‘ylash ham bugungi globallashuv davrida bema’nilikdir.
To‘g‘risini aytsam, bugun men atigi 7 yil avval ham mavjud bo‘lgan o‘sha og‘ir vaziyatni eslashni istamayman: yopiq jamiyatdagi baxtsiz insonlarning ma’yus qiyofasi, mamlakatning tashqi dunyodan uzilib qolishi, qo‘shni davlatlar bilan taranglashgan va qat’iy viza rejimi, savdo to‘siqlari va qo‘shni davlatlar bilan chegaralardagi minalar tufayli tinch aholining halok bo‘lishi, narigi tomondagi qarindoshlarini ko‘rish uchun oddiy imkoniyat ham yaratilmagani... Qay birini aytasiz?
Mamlakat ichida esa iqtisodiy turg‘unlik, total senzura, huquq-tartibot idoralari hukmronligi, diniy sohadagi qat’iy taqiqlar, tadbirkorlarga zug‘um, konvertatsiya yo‘qligi, butun jamiyatning og‘ziga qopqoq urishga bo‘lgan Don Kixotcha harakatlar va hokazolar... Bularning barchasi yo‘l qo‘yilgan boshqa xatolar qatorida O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy obro‘siga jiddiy putur yetkazdi.
Menimcha, boshqa hech bir jihat devorlar va to‘siqlar barpo qilishchalik o‘sha davr tabiati-xarakterini aniq ochib berolmasa kerak. Nafaqat markaziy davlat organlari va hududiy ma’muriy idoralar, huquq-tartibot idoralari, balki xalq bilan, xalq orasida ishlashi kerak bo‘lgan mahalliy organlar ham binolarini xalqdan ajratib, temir panjaralar bilan o‘rab oldi. Hatto Toshkentning markaziy ko‘chalari ham temir-beton panjaralar bilan to‘sib qo‘yildi. Shuningdek, tumanlar va viloyatlar o‘rtasidagi chegaralarda ko‘plab nazorat punktlari, yo‘l harakati xavfsizligi postlari va boshqa xizmatlar barpo etildi. Buni haqli ma’noda, davlatning jamiyatdan shubhalanishi, uni o‘ziga nisbatan xavf o‘rnida ko‘rishi, deya baholash mumkin edi.
Tasavvur qila olasizmi, surxondaryolik yoki samarqandlik oddiy cho‘pon yo dehqon Toshkentga kirguncha qancha tekshiruvlardan o‘tishi kerak edi?! Bularning barchasini tasvirlashga so‘z ojiz. Buni – o‘z xalqini tahqirlashdan boshqa yana nima, deb atash mumkin?!
Shuni aytmoqchimanki, siyosatdan nafaqat norozi bo‘lganlar, hatto ikkilanganlar ham unchalik xushlanmasdi. Ularni ta’qib qilishar (qora ro‘yxatlar shu kayfiyat mevasi bo‘lsa kerak) yoki tizimdan siqib chiqarishardi. Qanchadan-qancha g‘ayratli, iste’dodli, intellektual salohiyati yuqori insonlar hukmron tuzumning bir chekkasida qolib, hatto o‘z yurti taraqqiyotiga xizmat qilish imkoniyatidan ham mahrum bo‘lgan edilar.
Klassik siyosiy iqtisodda bazis va ustqurma kabi kategoriyalarning o‘zaro munosabati va ta’siri to‘g‘risidagi ta’limot mavjud. Unga ko‘ra, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish jarayonida mamlakatlar bir vaqtning o‘zida o‘z siyosiy tizimini o‘zgartirib, uni demokratlashtirishi va xalq oldidagi hisobdorligini oshirishlari shart. Jamiyat bilan konstruktiv muloqotgina siyosiy yetakchiga kelajakdagi rivojlanish yo‘nalishlarini to‘g‘ri belgilash imkonini beradi. Qolaversa, bunda yetakchining innovatsion g‘oyalarini o‘zlashtirgan ommaning o‘zi islohotchiga aylanadi. Bugun o‘tmishga qarab, shuni ta’kidlash kerakki, o‘sha davrda O‘zbekistonda bularning hech biri amalga oshmagan edi.
Shaxsan o‘zim o‘zbek mualliflarining o‘sha davrdagi mamlakatimiz taraqqiyotini atroflicha tahlil qilgan biron-bir materialini uchratmadim. Biroq, menga yana shu narsa ham ayonki, ilgari bunday formatda davlat va jamiyatda kechayotgan jarayonlarni tahlilga tortishning imkoni ham yo‘q edi...
Uchinchi bosqich 2016-yildan 2030-yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi
2016-yildan buyon o‘tgan qisqa davr O‘zbekiston uchun ko‘plab tarixiy voqealarga boy bo‘ldi. Yetti yil ichida mamlakatda oldingi chorak asrdagiga qaraganda ko‘proq ishlar qilindi desam, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Ba’zan menga shunday tuyuladiki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda ro‘y bergan o‘zgarishlar bizni shu qadar esankiratib qo‘ydiki, xalqimiz biz boshdan kechirayotgan davr mohiyatini, burilish nuqtasini anglab yetishga ulgurmay qolyapti!
Ingliz publitsisti va diplomati Genri Bolingbrok (1678–1751) “Tarix bizni misollar orqali o‘rgatuvchi falsafadir”, deya ta’kidlagan. Ushbu hikmatni yaxshiroq anglash uchun, keling, 2016-yil arafasida sayyoramizni tark etgan oddiy O‘zbekiston fuqarosi shu kunlarda bu yerga qaytganini tasavvur qilib ko‘raylik.
Nazarimda, u qisqa vaqt ichida mamlakat siyosiy va iqtisodiy hayotida ro‘y bergan ulkan o‘zgarishlarni ko‘rib, hayratda qolishi aniq.
Yangi Prezident xalqning hokimiyatga bo‘lgan ishonchini tiklash masalasini o‘zining eng asosiy vazifalaridan biri etib belgiladi. Chunki rivojlanmagan jamiyat bilan kuchli davlat qurib bo‘lmaydi. Xalqning ishtirokisiz amalga oshirilgan har qanday islohot halokatga mahkum. Odamlarning dunyoqarashini o‘zgartirmay turib, jamiyatni yangilab bo‘lmasligi ham kundek ravshan.
Nazarimda, Shavkat Miromonovichning fikr va so‘z erkinligiga yo‘l ochib, bu ishni pastdan, oddiy xalq orasidan boshlashga qaror qilganining asosiy sababi ham aynan shu edi. Bundan tashqari, Prezident davlat va xalq o‘rtasidagi deyarli yo‘qolgan aloqani tiklash maqsadida mansabdor shaxslarni kabinetlarini tark etib, xalq oldiga borishga majbur qilgan Xalq qabulxonalari tizimini o‘rnatdi. Shuningdek, o‘sha mash’um metall to‘siqlar va temir-beton devorlarni zudlik bilan olib tashlash, viloyat va tumanlar o‘rtasidagi ko‘plab nazorat-o‘tkazish punktlarini tugatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib, avvalgi davrning siyosiy “qadriyat”ga aylangan atributlarini parchaladi. Bunda o‘ziga xos ramziy ma’no bor.
Shavkat Mirziyoyev ilk qadamlaridanoq o‘z siyosatining ochiqligi va xalqchilligini namoyon etib, eng avvalo, mamlakat ichidagi repressiv tuzumni tugatdi.
Davlat rahbarining o‘ta mushkul, bir paytlar hatto hayot-mamot tamoyili darajasiga ko‘tarilgan yuz yillardan buyon davom etib kelayotgan muammolarni ham tez va oson hal etganiga ko‘p bor guvoh bo‘lib, hayratda qolganman. Men shu o‘rinda paxta yakkahokimligi tugatilganini, qishloq xo‘jaligi sohasidagi paxta qulligi va bolalarning majburiy mehnatiga barham berilganini nazarda tutyapman.
Qolaversa, to‘qimachilik sanoatining jadal rivojlanishi tufayli O‘zbekiston 7 yildan so‘ng paxta xomashyosini eksport qiluvchi davlatdan tom ma’nodagi paxtani import qiluvchi davlatga aylanadi, deb kim ham o‘ylabdi? Ko‘rinib turibdiki, bunday ta’sirchan o‘zgarishlar yangi rahbarning mamlakatni yangilashdagi beqiyos rolidan darak beradi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev valyutaning erkin konvertatsiyasini yo‘lga qo‘yib, darhol pul-kredit va soliq-budjet siyosatini liberallashtirishga erishdi. Tashqi savdo va bojxona tariflari rejimi ham yumshatildi. Bugun ishbilarmonlar faolligining tez sur’atlarda ortib borayotgani, sarmoyadorlarning mamlakatimizga qaytayotgani bu qarorlar naqadar to‘g‘ri ekanini ko‘rsatmoqda.
Faktlarni izohlashga hojat yo‘q. HSBC global banki (Jahon 2050-yil hisoboti) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston yaqin o‘n yilliklarda dunyoning iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan davlatlaridan biri deb topildi. “Ochiq eshiklar” siyosati mamlakatga 2019-yildan boshlab dunyoning eng tez rivojlanayotgan va jozibador sayyohlik yo‘nalishlari beshligidan mustahkam o‘rin olish imkonini berdi.
Hozirda O‘zbekiston dunyoning qoloq mamlakatlari toifasidan (ilgari aholi jon boshiga YaIM darajasi 350–400 dollarni tashkil etgan) o‘rtacha daromadli mamlakatlar (hozir 2250 dollar) qatoriga o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Endigi maqsad 2030-yilda o‘rtachadan yuqori daromadli mamlakatlar darajasiga erishishdir.
Shavkat Mirziyoyev 2020-yilning boshidayoq 2025-yilga borib, mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini ikki barobarga oshirish, uning hajmini 58 milliard dollardan 100 milliard dollarga yetkazish (bu ko‘rsatkich hozirning o‘zidayoq 82 milliard dollarlik dovondan oshdi), to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning yillik hajmini 10 milliard dollarga (bu ko‘rsatkichga erishildi), eksport hajmini esa 30 milliard dollarga yetkazish (o‘tgan yilgi eksport hajmi 25 mlrd. dollarga yetdi) vazifasini qo‘ydi.
O‘zbekiston iqtisodiyotini isloh qilish borasidagi muvaffaqiyatlar 2021-yil aprel oyida O‘zbekistonni Yevropa Ittifoqiga 6200 turdagi tovarlarni bojsiz eksport qilish imkonini beruvchi GSP+ imtiyozlar tizimiga qo‘shgan Yevropa Ittifoqida ham qayd etildi. Natijada birgina 2023-yil boshidan buyon YeI bilan savdo hajmi 70 foizga oshdi.
Shu tariqa yetti yil ichida O‘zbekiston yo‘qotgan mavqeini tiklab oldi, mintaqada asosiy figuraga aylandi. Yaqin kelajakdagi vazifa – O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning moliyaviy markazi va samarali biznes xabiga aylantirishdan iborat. Bularning barchasi Shavkat Mirziyoyevning mintaqaviy strategiyasi samarasidir.
O‘zbekistoning rivojlangan mamlakatlar safiga o‘tishi uchun mustahkam poydevor aynan bugun yaratilmoqda. Prezident 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki baravarga oshirib, 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini 4 ming dollarga, umumiy eksport hajmini ikki barobarga oshirib, 45 milliard dollarga yetkazish, 250 milliard dollarlik sarmoya jalb etish vazifasini qo‘ydi.
O‘zbekiston 2030-yildan rivojlanishning to‘rtinchi bosqichiga qadam qo‘yishi mumkin. Biroq, shubhasiz, 2030-yildan keyin amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan islohotlar o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi. Avvalgi va hozirgi bosqichlarda iqtisodiy o‘sishni tabiiy resurslardan foydalanish, investitsiyalarni jalb qilish va mehnat resurslarini oqilona taqsimlash hisobiga ta’minlash mumkin edi. Mamlakatning keyingi taraqqiyoti uchun texnologik jihatdan yuksalish suv va havodek zarur. Masalan, bugungi davr yetakchi mamlakatlarning “to‘rtinchi sanoat inqilobi”, shuningdek, “aqlli yoki innovatsion iqtisodiyot”ga o‘tishi bilan tavsiflanyapti. Xususan, axborot texnologiyalaridan (IT) ma’lumotlar texnologiyasiga (Data technology, DT) bosqichma-bosqich o‘tish kuzatilmoqda.
Biroq texnologik jihatdan yuksalish, birinchi navbatda, taraqqiyotning yuqori texnologiyali darajasiga o‘tishning zarur sharti o‘laroq, inson kapitali sifatini oshirishni talab qiladi. Aks holda, mamlakat yana 20–30 yil davomida o‘rtacha rivojlanish darajasida qolib ketishi mumkin.
Shu bois Shavkat Mirziyoyev mamlakatda inson kapitalini oshirishga xizmat qiladigan sohalarda keng ko‘lamli islohotlarni boshlagani bejiz emas. Xususan, Prezident 2020-yilning sentabr oyida O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan ma’ruzasida mamlakatimiz oldiga “Uchinchi Renessans davri poydevorini yaratish va uni milliy g‘oya sifatida ko‘rishni strategik vazifa” etib belgiladi (ma’lumki, Markaziy Osiyoda musulmon renessansi deb ham ataladigan Birinchi Renessans davri IX–XII asrlarda bo‘lib o‘tgan, Ikkinchi Renessans davri esa temuriylar saltanatida san’at va fanning gullab-yashnagan davrida boshlanib, XIV-XVI asrlarda kuzatilgan).
Maqolaning ushbu qismini shunday xulosa bilan yakunlamoqchiman: Uchinchi Renessans davri bo‘sag‘asida turgan O‘zbekiston yana Markaziy Osiyoda mintaqaviy taraqqiyot markaziga aylanishi zarur. Buning uchun maktabgacha ta’lim, maktab, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimini eng yuqori sifat darajasiga ko‘tarish, yangi Renessans davri shakllanishida ilmiy muassasalarni “o‘zaro bog‘liq bo‘lgan to‘rtta bo‘g‘in”ga aylantirish maqsadida ularni modernizatsiya qilish kerak, degan fikrni ilgari surdi davlatimiz rahbari.
So‘ngso‘z o‘rnida
Maqolaning yakuniy qismini men beixtiyor Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatidagi ilk uchrashuvlaridan birida O‘zbekiston qanday ayanchli ahvolga tushib qolganini ta’kidlab, real statistik ma’lumotlarni keltirgani haqidagi xotiralardan boshlamoqchi edim. Davlatimiz rahbari mamlakat taraqqiyotining istiqbollari haqidagi qarashlarini bayon etar ekan, avval to‘xtatilgan barcha tizimli islohotlarni zudlik bilan amalga oshirish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar qilishga da’vat etdi. Yangi Prezident ko‘zlari yonib, bizni “O‘zbekiston iqtisodiy qoloqlik zonasidan chiqib ketishiga umid qilishning yagona yo‘li” shu ekaniga ishontirdi. Aks holda, O‘zbekiston yanada rivojlangan davlatlar uchun qashshoq va qoloq xomashyo bazasi mavqeiga chidab yashashga majbur bo‘lishi haqida ogohlantirdi.
To‘g‘risini aytsam, O‘zbekistonning yangi Prezidentini diqqat bilan tinglar ekanman, o‘sha kezlar vaziyat mamlakat uchun qanchalik jiddiy va halokatli ekanini yaxshi anglamagandim. Oradan 7 yil o‘tdi. Uning bashoratlari, fikr-mulohazalari qanchalik to‘g‘ri ekanini tarix ko‘rsatib berdi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida mamlakat iqtisodiy bo‘hrondan uzoqlashdi.
Bundan 7 yil avval O‘zbekiston barcha qo‘shnilari bilan amalda e’lon qilinmagan savdo-iqtisodiy, chegaraviy, bojxona va axborot urushi holatida bo‘lganini ham unutmaylik. Agar Prezidentning mintaqadagi vaziyatni sog‘lomlashtirish va yaxshilash borasidagi faol harakatlari bo‘lmaganida, mintaqada qanday mojarolar avj olishi mumkinligini hatto tasavvur ham qilib bo‘lmas edi. Shu nuqtai nazardan, ishonch bilan ayta olamanki, o‘tgan vaqt mobaynida nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning kelajak taqdiri uzil-kesil hal bo‘ldi. O‘zbekiston rahbarining tarixiy o‘rni aynan shu masalada amaliy ifodasini topdi. Qolaversa, hozir xalqaro siyosatda bu jarayon “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” sifatida ham tan olindi.
Ha, 2016-yilda O‘zbekistonning yangi rahbari va uning jamoasi rivojlanishning zarur ustuvor yo‘nalishlarini to‘g‘ri belgilab, samarali start olishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq hozirda O‘zbekistonning o‘z maqsadlaridan adashib ketmasligi nihoyatda muhim masaladir.
Ishoning, bunday xavf doimo mavjud bo‘lgan va bo‘ladi. Ayniqsa, bu masala dunyoda yangi qutblanish vujudga kelayotgan, bozorlar, resurslar uchun kurash kuchaygan, kuchli davlatlarning zaif mamlakatlar ustidan hukmronlik qilish istagi paydo bo‘lgan, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy harakatlarga o‘xshash o‘ta shafqatsiz, ya’ni harbiy qarama-qarshilik yoqasidagi manfaatlar himoyasi namoyon bo‘layotgan bir pallada juda dolzarbdir.
Shu bois 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari Prezident saylovida O‘zbekiston xalqi o‘zi boshlagan islohotlarni oxiriga yetkazish uchun Shavkat Mirziyoyevga yana bir bor ishonch bildirgani bejiz emas.
Xulosa o‘rnida ta’kidlamoqchimanki, O‘zbekiston o‘z uyimiz, barchamizning Vatanimiz. Undan o‘zga Vatan yo‘q! Demak, Shavkat Mirziyoyev taklif qilganidek, Yangi O‘zbekistonimizni hammamiz birgalikda qurishimiz kerak!
Bu maqsadni amalga oshirish uchun aholi farovonligini ta’minlash, kambag‘allikni bartaraf etish, ma’muriy va texnik qoloqlikdan qutulish, shuningdek, siyosiy tizimimizni yanada shaffoflashtirishga va demokratlashtirishga intilishimiz zarur. Darvoqe, Konstitutsiyaning yaqinda qabul qilingan yangi tahriri ham ana shu muammoni hal etishga qaratilgan.
Menimcha, jamiyat ijtimoiy-siyosiy jihatdan loqayd bo‘lmasdan, yangi islohotlarga nisbatan o‘z pozitsiyasini aniq belgilab olsagina, bu muammolarni samarali hal etish mumkin. Zero, falsafa klassiklari ta’kidlaganidek, “g‘oyalar keng omma tomonidan o‘zlashtirilsagina, amalga oshadi”.
Bu – butun xalq davlatimiz rahbari atrofida jipslashishi va birlashtirishi zarurligini anglatadi. Shundagina umumiy sa’y-harakatlar bilan iqtisodiy yuksalish va ijtimoiy taraqqiyotni birgalikda ta’minlay olamiz.
Bugun Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni taraqqiyot yo‘lidan dadil olib bormoqda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyodagi qo‘shnilarni umumiy farovonlik yo‘lida birlashtirishga harakat qilmoqda. Zero, u mintaqa barcha xalqlarning umumiy uyi ekanini chuqur anglaydi. Markaziy Osiyo kelajagi va yuksalishi uchun hamjihatlik zarur.
Endi o‘zingiz ayting, buyuk jadidchi bobolarimiz bundan 100 yil avval orzu qilgan niyatlari aynan shu emasmidi, shu emasmidiki, millatparvar va vatanparvar oydinlarimizni siyosiy sahnaga olib chiqqan ulug‘ G‘OYA?!
Bugun o‘sha muborak orzu yana kun tartibiga chiqarildi. Muhimi, endilikda bu o‘lkaning uni amalga oshirishga jasorati yetadigan, buni jon-jonidan istaydigan, kerak bo‘lsa, borlig‘ini tikadigan yovqur o‘g‘lonlari bor.
Biz uni ko‘rib turibmiz!
Qudratilla RAFIQOV,
siyosatshunos
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q