Oʻzbekiston Yevropa va Osiyo bozorlarini bog‘lovchi ko‘prikka aylanmoqda

Saqlash
16:39 / 25.10.2025 36 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov mamlakatning tashqi siyosatini davlat rahbarining Bryusselga tashrifi misolida tahlil qildi.

 

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning tashqi siyosati izchillik va tizimlilikka asoslangan. Uning mazmun-mohiyati – Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va ishonch muhitini mustahkamlashdan tortib, Rossiya, Xitoy, AQSH, Yevropa Ittifoqi kabi jahon markazlari hamda boshqa ittifoqdosh va hamkorlar bilan strategik sheriklikni rivojlantirishdir.

 

Unga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev xalqaro munosabatlarni xalqning milliy manfaatlari va ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda shakllantirayotgani asosiy tamoyil sifatida qoladi.

 

Tashqi siyosatdagi har bir qadam fuqarolar farovonligini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va yurtimiz imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilayotgani qayd etiladi.

 

Ta’kidlanishicha, davlat rahbarining Bryusselga tashrifi bu siyosatning navbatdagi amaliy ifodasi bo‘lib, Yevropa Ittifoqi komissari Marta Kos Prezidentga “O‘zbekiston yangilanishlar sur’atini belgilayapti” deya mamlakat rahbariga “Siz – azmu shijoatli insonsiz” deya murojaat qilgan.

 

Asadov bu so‘zlar shunchaki diplomatik iltifot emas, balki islohotlar natijasiga berilayotgan haqiqiy baho, O‘zbekistonning jahon siyosatidagi yangi rolining e’tirofi ekanini aytadi. Unga ko‘ra, tashrif formatining o‘ziyoq, bir vaqtning o‘zida Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan muzokaralar o‘tkazilgani muloqotning strategik darajasini va Prezidentimizga bo‘lgan yuksak ishonchni yaqqol namoyon etgan.

 

Tashrifning asosiy natijasi O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi bo‘ldi. Ushbu hujjat ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asosini yangilab, siyosat, savdo, investitsiyalar, ta’lim, innovatsiyalar, iqlim masalalari hamda inson huquqlari borasidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. 10 milliard yevrodan ortiq qiymatdagi kelishuvlarga erishildi, qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli esa 40 milliard yevrodan oshdi. Bu mamlakatimiz uchun yangi investitsiyalar, zamonaviy texnologiyalar, minglab ish o‘rinlari va inson kapitalining rivojlanishi demakdir.

 

Asadov shuningdek, O‘zbekiston o‘z geografik joylashuvini murakkab masaladan ustunlikka aylantirayotganini qayd etadi. Prezident tashabbusi bilan O‘zbekiston “land-locked”, ya’ni dengiz portlariga chiqish imkoniyati cheklangan mamlakatdan bosqichma-bosqich “land-linked” davlatga, ya’ni Yevropa va Osiyo bozorlarini bog‘lovchi ko‘prikka aylanmoqda. Transport yo‘laklari, sanoat va logistika zanjirlari, raqamli integratsiyani rivojlantirish orqali Yevroosiyo makonidagi asosiy chorrahalardan biri sifatida sahnaga chiqmoqda. Qolaversa, Yevropa Ittifoqi bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar ham yakunlandi. Bu O‘zbekistonning barqaror va ishonchli xalqaro iqtisodiy sherik sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlaydi.

 

“Izchillik, ochiqlik va natijadorlik – Prezidentimiz tashqi siyosatining asosiy tamoyillaridir. Har bir kelishuv, har bir tashrif, har bir qaror yagona maqsad – O‘zbekiston xalqining manfaatlarini himoya qilish va uning xalqaro maydondagi obro‘sini yanada oshirishga xizmat qiladi”.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//