Abdulla Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti mansabdorlari 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘larni o‘zlashtirdi

Saqlash
01:33 / 20.07.2023 1507 0

Abdulla Avloniy nomidagi Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti mansabdor shaxslari katta miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirgani ma’lum bo‘ldi.

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berishicha, fevral oyida fuqaro N.O. tomonidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga qarashli Abdulla Avloniy nomidagi Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti mansabdor shaxslari xatti-harakatlari bo‘yicha agentlikka kelib tushgan murojaat ko‘rib chiqilgan.

 

O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, institut tomonidan vazirlikning “Zo‘r” (“Klass”) loyihasi doirasida 2021—2022-o‘quv yillarida hududlardagi maktab o‘quvchilariga rus tilini o‘rgatish uchun 150 nafar rossiyalik mutaxassisning tashrifi ko‘zda tutilgan hamda ularning uy ijarasi uchun Araks Trade Business MCHJ bilan 8 milliard 473,4 million so‘mlik shartnoma imzolangan. Ushbu shartnoma kompleks ekspertizadan o‘tkazilmagan va uni tuzishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan.

 

Araks Trade Business MCHJning 2013—2021-yillardagi taʼsischisi K.F. bo‘lib, u 2018-yildan buyon Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish bo‘yicha milliy tadqiqot institutida o‘quv-metodik ishlar bo‘yicha prorektor lavozimida ishlaydi.

 

Shartnomaga muvofiq, 149 ta uy-joy ijarasi va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haqiqatda sarflangan mablag‘lardan kelib chiqib, institut tomonidan xarajat qilingan summa 4 milliard 858 million so‘mni tashkil etgan. Biroq 2021-yil sentabr — 2022-yil iyun oylarida Rossiyadan amalda kelmagan 31 nafar o‘qituvchiga 4 oydan 10 oygacha yashamagan ijara uy-joylari uchun 569,4 million so‘m ortiqcha to‘langan. Shuningdek, uy-joy ijarasi va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun 4 milliard 858 million so‘m to‘lanishi lozim bo‘lsa-da, institut tomonidan 7 milliard 52 million so‘m mablag‘ o‘tkazib berilishi hisobiga Araks Trade Business MCHJga 2 milliard 194,2 million so‘m mablag‘ ortiqcha to‘lab berilgan va bu mablag‘ keyinchalik o‘zlashtirilgan.

 

Qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan hujjatlar asosida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijalari bo‘yicha Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan institut va Araks Trade Business MCHJning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ayni paytda holat bo‘yicha sud jarayonlari kechmoqda.

 

Oyina.uz'ni Telegramda oʻqing

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//