Namanganda ro‘mol o‘ragan o‘quvchi qizni haqorat qilgan maktab direktori ishdan bo‘shatildi

Saqlash
21:15 / 19.07.2023 1327 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Namanganda maktab direktori o‘quvchi qiz ro‘mol o‘rab kelgani sabab uni haqoratli so‘zlar bilan so‘kkani aks etgan video tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘ldi.

 

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi voqeaga munosabat bildirdi. Unga ko'ra, ishchi guruhi tomonidan holat o‘rganilgan. O‘rganishlar davomida videoda aks etgan holat 2022-yil sentabr oyida Mingbuloq tumanidagi 43-umumiy o‘rta taʼlim maktabida sodir bo‘lgani aniqlangan. Video esa 2023-yil iyul oyida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.

 

O‘rganish yakuniga ko‘ra, maktab direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

 

2021-yilda sobiq Xalq ta’limi vazirligi o‘quvchi qizlarning maktabga hijobda borishlari mumkinligi haqidagi savollarga munosabat bildirib, xalq ta’limi vazirining 2020-yil 28-maydagi 131-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan maktablarning ichki tartib va odob-axloq qoidalarining 8-bandiga ko‘ra o‘quvchilar belgilangan maktab formasida kelishlari shartligini eslatgandi.

 

Oradan ko‘p o‘tmay xalq ta’limi vaziri lavozimida ishlagan Sherzod Shermatov umumta’lim maktablari direktorlari, o‘qituvchilar va ota-onalar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazilgan edi. Muloqot davomida milliy qadriyatlarni inobatga olgan holda, qizlarga istisno tariqasida maktabda oq va ochiq ranglarda milliy ro‘mol (boshning orqa tomoniga o‘ralgan holatda) va do‘ppida bo‘lishlariga ruxsat etilishi ma’lum qilingan.

 

Oyina.uz'ni Telegramda oʻqing

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//