Oʻsha zamonlarda ham “zapal”lar boʻlgan ekan – tarixiy yoʻnalishdagi insta-vayn muhokamalarga sabab boʻldi

Saqlash
05:09 / 14.07.2023 8506 2

Internet foydalanuvchilari orasida insta-vayn janri ishqibozlari talaygina. Ushbu yo‘nalishdagi ijodkorlar soni ham tobora ortib bormoqda. Oʻz-oʻzidan raqobat muhiti shakllangan bir vaqtda “yeb ketadigan”, “trendga chiqadigan” vaynlar olish oson emas. Afsuski, bunday vaziyatda axloq va mantiq chegaralarini buzayotganlar, sunʼiy ravishda kuldirish uchun vulgarizmdan foydalanayotganlar ham talaygina.

 

Bir necha kun oldin Mominlive taxallusi bilan tanilgan Moʻmin Ibrohimov, Asqar Hikmatov, Oʻtkir Shodmonov, Nilufar Ikromova kabi yumoristlar ishtirokida “Oʻsha zamonlarda ham “zapal”lar boʻlgan ekan” nomi bilan vayn eʼlon qilindi. Video mazmuniga koʻra, malika Mohlaroyim begona yigit bilan oʻz saroyida uchrashib yuradi, ularning ishqiy munosabatlariga “toʻshak” mavzusi ham aralashgan. Malikaning otasi esa bu ikki yoshni “tutib oladi”.

 

Mazkur vaynga munosabatlar ikkiga boʻlinib qolgan. Bachkana va axloqsiz videolarni koʻraverib beti qotgan Instagram “ahli” vaynni olqishlagan boʻlsa, birmuncha ziyoli kuzatuvchilar makoni – Facebook'da qattiq tanqidlarga uchradi.

 

Masalan, bir guruh yoshlar Instagram'da ijodkorlarni “yangicha yoʻnalish mualliflari” deya baholab, dil izhorlarini yashirib oʻtirmagan. Alisher Uzoqov, Shohjahon Joʻrayev kabi taniqli sanʼatkorlar ham hazilomuz izohlar qoldirgan.

 

Aytganimizdek, Facebook'dagi vaziyat bu qadar pozitiv emas. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, taniqli shoir Botir Ergashev shaxsiy sahifasida videoni ulashib, keskin salbiy munosabat bildirgan:

 

Gapimga kular ekan, deb bir toʻp bachkana, uyati yoʻqlar Mohlaroyim va uning oilasi obrazida chiqib, judayam sharmandali video ishlashibdi.

 

Allohdan bu uyatsizlarga insof tilayman. Xalqning betini qotirib, oʻzlariga oʻxshatib boʻlishdiki, hech kim bu “arts”larning mushugini pisht, demayapti. Ular esa bundan notoʻgʻri xulosa qilib, istagan uyatsizligini qilyapti”.

 

Tabiiyki, munosabat ostida bir qancha jamoatchilik faollari shoir fikriga “qoʻshimcha” qilgan.

 

Tan olib aytish kerak, yuqorida nomlari sanalgan yumoristlarning iqtidori oʻziga xos. Ularning vaynlari orasida haqiqatdan sifatlilari koʻp. Oʻylaymizki, tarixiy shaxslar va milliy qadriyatlarni mazaxlamasdan turib ham obunachilarni kuldira olishadi. Shunday ekan, bugungi kun vaynerlari mavzu va yondashuvni tanlashda eʼtiborliroq boʻlsa maqsadga muvofiq.

 

Oyina.uz'ni Telegramda oʻqing!

2 Izohlar

Munojatxon Rejavaliyeva

01:07 / 16.07.2023

Men bu chiqishni koʻrmadimku,lekin hozirgi kundagi barcha " Dizayn" chi,"Million" chi," Bravo" chilarni ham koʻrib boʻlmaydi.Ayniqsa farzandlaringiz ,oilangiz davrasida.

Asal

09:07 / 15.07.2023

Tarixdagi insonlarni hazil qilib yosh avlodning tariximizga bo'lgan hurmatini, fikrlarini o'zgartirib yuborish menimcha yaxshi emas. Rostdan ham ular iqtidorli, haqiqatdan ham boshqa yo'nalishda xalqni kayfiyatini ko'tara olishadi. Menimcha bunday mavzular bilan yoshlarning fikrlarini chalkashtirish yaxshi emas. Tariximiznj hurmat qilaylik🙌🫶

Izoh qoldirish

//