Fermerni rezina etik bilan urib, uni “choʻchqa” deb haqoratlagan Bandixon prokuroriga chora koʻrildi

Saqlash
20:44 / 13.07.2023 1798 0

Surxondaryoda fermerni rezina etik bilan urgan, uni “choʻchqa” deb haqorat qilgan prokurorga chora koʻrildi.

“Mushtum” jurnalining Bosh prokuratura axborot xizmatiga tayanib, maʼlumot berishicha, Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Bandixon tuman prokurori Soatmurod Mahmanovning xatti-harakatlari yuzasidan tekshirish oʻtkazilgan. Tekshirish natijasiga koʻra, Bandixon tumani prokuroriga nisbatan intizomiy jazo qoʻllanilgan.

Oʻzini Chori Pirimqulov deb tanishtirgan surxondaryolik fermer 2023-yilning 7-iyul kuni prokuror bilan qarama-qarshilik sodir boʻlganini aytgandi.
 

“Men tuman prokurori Saotmurod Mahmanovdan noroziman, bu kishining olib borayotgan siyosati, xalqqa hurmatsizligi ortiqcha boʻlyapti”, — deydi fermer tuman prokuroridan noroziligini aytar ekan.
 

 

Fermer xoʻjaligi rahbari tuman prokurori ikkinchi sektor hududidagi fermerlarga 2 juft etik va bir dona fonar olib kelishi kerakligini tayinlaganini bildirib, “Tuman prokurori aytgan yigʻilish “Shoh barakat” fermer xoʻjaligiga qarashli dala shiyponida boʻlishi kerak edi. Shu sabab shiyponga sakkizdan oʻn daqiqa oʻtganda bordim. Yigʻilish sakkizda boshlanishi aytilgandi. Lekin men etik topishga qiynalganim bois kechikdim. Shunda prokuror nega kechikding, deb soʻraganida saratonda rezina etik topish qiyin boʻlganini aytib, uzr soʻradim. Etikni olib kel, dedi. Olib borsam, meni “choʻchqa, choʻchqadan tarqagan” deya haqoratlab, “bu kiyilgan, eski etik ekan”, deb oʻsha etik bilan boshimga urdi. Yelkamga bir necha marotaba qoʻli bilan ham urdi. Shuningdek, “itdan tarqagan, chiqqan joyingga tiqib yuboraman”, deya haqoratladi”, — degandi.

Shuningdek, fermer tuman prokurorining kaltagi va haqorati sabab shaʼni toptalganini, barcha tanishlarining kulgisiga qolayotganini afsus bilan aytib bergandi.
 

“Prokurorning bu qilmishiga javoban unga yetarli darajada javob berishim mumkin edi, ammo prokuror formasi sabab bunga botinolmadim. Formaga xiyonat qilishni oʻzimga ep koʻrmadim”, — deydi voqea haqida jamoatchilikka bildirgan fermer.

 

Qayd etish kerak, Bandixon tumani prokurori Soatmurod Mahmanov tumandagi mahalla raislarini haqorat qilib, jamoatchilikka tanilgandi.

Oʻsha audioda prokuror tumandagi MFY raislariga “Erkakmisan sen ham? Xotinchalish, itdan tarqagan ekansan-da, boʻlmasa odamning ishini qilarding-da. Bor, borib itga oʻxshab vovulla koʻchada”, deganini, “Oʻlsang, bugun koʻmar edik”, “Itdan tarqaganmisan, odamdan tarqaganmisan?” deya haqorat qilganini eshitish mumkin.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov prokurorning harakati oʻrganilayotganini, tez orada oʻrganish natijalari haqida maʼlum qilishini bildirgandi. Biroq oʻrganish natijalari nima bilan yakunlangani haligacha jamoatchilikka nomaʼlum.

 

Oyina.uz'ni Telegramda o‘qing!

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//