“Pul qani, itdan tarqagan?” – Bandixon prokuroriga tegishliligi aytilayotgan haqoratli audio tarqaldi

Saqlash
20:20 / 21.06.2023 1531 0

Bandixon tumani prokurori Soatmurod Mahmanovning mahalla raislarini haqorat qilgani aytilayotgan audio tarqaldi.

 

Tuman prokuroriga tegishliligi aytilayotgan audioyozuvda mansabdor tumandagi MFY raislarini yigʻib, soliq tushumlari boʻyicha hisobot soʻragani va soliq tushumlarini bajarmagan mahalla raislarini kurakda turmaydigan soʻzlar bilan haqorat qilgani taʼkidlanmoqda.

 

 

Audioda eshitilishicha, tuman prokuror yigʻilishda hech bir mahalla raisiga toʻgʻri muomala qilmagan, barchasini uyatsiz soʻzlar bilan haqorat qilgan. Hatto ayol raislarni ham soʻkishlari bilan yaxshigina “siylagan”.

 

“Sen kecha nima vaʼda bergan eding, it? 2 mln soʻm tushirgansan? Nimani vaʼda berganding, kechagi pulni koʻtarib kelyapsan. Erkakmisan sen oʻzi? Xotinchalish. Itdan tarqagan ekansan-ku. Odamdan tarqaganingda odamning ishini qilarding-da. Bor, itning ishini qil, vovullab oʻtir koʻchada. Tur yoʻqol, iflos”, deya haqorat qilgan mahalla raislaridan birini prokuror.

 

Boshqa bir mahalla raisiga esa “Men tushunmayapman, bu tizim. Siz ... yeb oʻtiribsizmi, enangizniki bormi bu yerda?! Toʻrtta odamingizni yigʻa olmasangiz yoʻqoling” kabi soʻzlar bilan qoʻpollik qilingan.

 

“Bandixon qani? Qani ogʻayni, pul? 3 million? Enangnikiga tiqib qoʻy u 3 millionni. Kecha gapirgan gaping qani? Bor joyiga qoʻyib kel, maraz, itdan tarqagan! Obod turmush qani? Ha, opa, 500 ming soʻm tushgan. Qani? Boring, arizangizni yozingda yoʻqoling, ... bormi sizga bu yerda ishlab, davlatni, jamiyatni harom qilib”, deya davom etgan tuman prokurori Mahmanov.

 

Prokuror yana bir mahalla raisini “Enangnikiga bir boshingni tiqib ol, tuzaladi, oʻsha yerdan chiqqansan-ku”, deya haqorat qilgan. Bunga javoban mahalla raisi qoʻpollashmaslikni aytgan.

 

Haqorat qilganlik – shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganlik yoki beodoblik bilan qasddan tahqirlaganlik uchun qonunchilikda maʼmuriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

 

Jumladan, Jinoyat kodeksining 140-moddasiga koʻra, haqorat qilish shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

 

Agar audiodagi ovoz haqiqatan ham Bandixon tumani prokurori Soatmurod Mahmanovga tegishli ekanligi tasdiqlansa, u haqorat qilish bilan bir qatorda majburiy mehnatga jalb qilganligi uchun ham javob berishiga toʻgʻri keladi. 

 

Chunki soliq tushumlarini tushirish mahalla raisining vazifasiga kirmaydi. Prezidentning tegishli farmoni bilan esa fuqarolar yigʻinlari xodimlarini ularning vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari bilan bogʻliq boʻlmagan yigʻilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli boʻlmagan vazifalarni yuklash taqiqlanadi.

 

Surxondaryo viloyati prokuraturasi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Unda yozilishicha, 2023-yil 20-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Bandixon tumani prokurori Mahmanovga tegishliligi taʼkidlanib, tarqatilgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan oʻrganilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//