Endi pedagog kadrlar tayyorlash sifati test orqali baholanadi

Saqlash
11:50 / 21.05.2026 43 0

Endi pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar bilimlari tashqi diagnostika orqali baholanishi mumkin. Bu to‘g‘risidagi yangi nizom loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

 

Ta’kidlanishicha, mazkur tartib davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etiladi. Tashqi diagnostika orqali bo‘lajak o‘qituvchilarning bilim darajasi yagona metodologiya asosida tekshiriladi va har yili bahorgi semestrda o‘tkaziladi. Bunda pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalari ishtirok etadi. Qaysi akademik guruh testga jalb qilinishi maxsus ishchi guruh tomonidan tanlanadi.

 

Shuningdek, test sinovlari talabaning tahsil tilida tashkil etiladi va 50 ta savoldan iborat bo‘ladi. Jami 100 ball beriladi. Agar yo‘nalish bo‘yicha talabalarning o‘rtacha natijasi 56 ball va undan yuqori bo‘lsa, u “belgilangan talablarga javob beradigan” deb baholanadi. 55 ball yoki undan past ko‘rsatkich qayd etilsa, pedagogika ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha “belgilangan talablarga javob bermaydigan” deb topiladi.

 

Hujjatga ko‘ra, tashqi diagnostika natijalari talabalarning reyting bahosiga ta’sir qilmaydi. Biroq past natija qayd etilgan pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari navbatdan tashqari tekshiruvga tushishi mumkin.

 

Pedagog kadrlar tayyorlash sifatini tahlil qilish amalga oshiriladigan pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga quyidagilar kiradi: Pedagogika, Maktabgacha ta’lim, Maxsus pedagogika, Boshlang‘ich ta’lim, Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, Musiqa ta’limi, O‘zbek tili va adabiyoti, Ona tili va adabiyoti, Xorijiy til va adabiyoti, Chaqiriqqacha harbiy ta’lim, Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi, Jismoniy madaniyat, Texnologik ta’lim, Tarix, Filologiya va tillarni o‘qitish, Biologiya, Kimyo, Geografiya, Fizika, Astronomiya, Matematika, Amaliy matematika, Sport faoliyati, Adaptiv jismoniy tarbiya va sport. Ro‘yxatga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda o‘zgartirish kiritilishi mumkin.

 

 

Tashqi diagnostika — oliy ta’lim tashkilotida bakalavriat bosqichining pedagogika ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning bilimlarini pedagogika ta’lim yo‘nalishlarining ta’lim dasturlari mazmuniga muvofiq tuzilgan test topshiriqlari orqali baholash. 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//