Shavkat Mirziyoyev Bobur haykali loyihalari bilan tanishdi

Saqlash
09:20 / 21.05.2026 27 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev turli sohalaridagi bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Shuningdek, Andijon viloyati Bobur shahrida barpo etiladigan me’moriy ansambl tarkibida Zahiriddin Muhammad Bobur haykalini o‘rnatish loyihasi ham taqdim etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Qayd qilinishicha, loyiha buyuk davlat arbobi, sarkarda va shoir Bobur xotirasini munosib ulug‘lash, uning ilmiy-adabiy merosi hamda davlatchilik tafakkurini yosh avlodga chuqur yetkazish maqsadida ishlab chiqilgan.

 

 

Davlat rahbariga bo‘lajak haykalning eskizlari, kompozitsion yechimlari va Bobur siymosini aks ettirish bo‘yicha ilmiy-badiiy yondashuvlar ko‘rsatib o‘tildi. Tarixiy obraz mahalliy va xorijiy olimlar hamkorligida olib borilgan tadqiqotlar, tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, miniatyuralar hamda madaniy meros namunalarini chuqur o‘rganish asosida yaratilayotgani ta’kidlandi.

 

Shu bilan birga, Prezidentning Pokistonga davlat tashrifi doirasida Islomobod shahridagi bog‘lardan biriga Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berilgan edi, taqdimotda mazkur bog‘da ham buyuk ajdod haykalini o‘rnatish loyihasi ko‘rib chiqildi.

 

 

Shavkat Mirziyoyev yodgorliklarda Bobur siymosini nafaqat adib va shoir, balki mohir sarkarda, qudratli davlat asoschisi va donishmand hukmdor sifatida teran ochib berish zarurligini ta’kidlagan. Haykalda uning irodasi, davlatchilik salohiyati va bunyodkorlik g‘oyalari yaqqol aks etishi lozimligi qayd etilgan.

 

Taqdimot davomida prezidentga Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatining moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, Buxoro shahrida turizm va transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda tumanlardagi madaniyat uylarini modernizatsiya qilishga oid loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.

 

Davlat rahbari barcha loyihalarni ilg‘or tajriba asosida yanada puxta ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//