Toshkentdagi mahalla aholisi 18 ming daraxt kesilishidan xavotirda. Holatga Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev munosabat bildirdi

Saqlash
04:20 / 13.07.2023 1425 0

Prezidentning 2023-yil 24-fevraldagi qarori hamda 6-iyundagi farmoniga asosan Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi huzuridagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti Toshkentdan Andijonning Marhamat tumaniga koʻchirilmoqda. Institut joylashgan hudud — Shayxontohur tumanidagi “Ipakchi” MFY aholisi muassasa atrofidagi 18 mingga yaqin daraxtning keyingi taqdiridan xavotirda.

“Ipakchi” MFY fuqarosi Abdulla Azimovning “Gazeta.uz”ga aytishicha, institut hududi Shayxontohur, Chilonzor va Olmazor tumanlarining kislorod manbai hisoblanadi.
 

“Bu yerda ipakchilikka moslashgan tutlar, manzarali daraxtlar [bor], bu — yashil makon. Havosi juda toza. Eshitishimizga qaraganda, bu Ipakchilik instituti Andijonga koʻchirilmoqda. Har xil gaplar yuribdi, [institut binosi oʻrnida] zavod va boshqa narsalar [qurilarkan], biz bunga qarshimiz. [Bu hududda yashaydigan] kelajak avlodga, millatga kislorod kerak, toza havo kerak. Yashil makonligicha qolishi zarur. Koʻrib, bilib turib, bor daraxtlarni yoʻqotamizmi? Bu manqurtlik emasmi? Shuncha [daraxtlarni] yoʻqotganimiz kammi? Hozir bitta daraxt kesilsa, necha millionlab jarima solinyapti. Shuncha qilayotgan xatolarimizning yoniga yana xato qoʻshilmasin”, — deydi u.
 

 

 

72 yashar mahalla faolining qayd etishicha, minglab daraxtlarni saqlab qolib, hududni milliy bogʻga aylantirish kerak.
 

“Ertaga [bu hududga] zavod tushsa yoki boshqa boʻlsa, koʻz oʻngimizda bu daraxtlar kesilib ketib, yoʻq boʻladi. Shuning uchun bularni saqlab qolish, chiroyli bogʻ qilish kerak. Bu hudud 19−20 gektarni tashkil qiladi. Xalq shu yerdagi kisloroddan nafas olsin. Shu atrofdagi mahallalarda suv muammo boʻlib qoldi. Mazkur institut ham suv yoʻqligi uchun koʻchirilmoqda. Shuncha joylar hovlilar qurish uchun berib yuborilgan. Natijada odamlar uyidan suv oʻtmasligini xohlab, ariqlarni toʻsib tashlagan”, — deydi Abdulla Azimov.

 

 

Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Shuhrat Abdulazizovning soʻzlariga koʻra, institut binosi 60-yillarda qurilgan. “Oldin hudud 100 gektar boʻlgan. Yillar davomida aholining koʻchib kelishi, hovli uylar va boshqa inshootlar qurilishi natijasida institut hududi qisqargan. Ayni paytda hudud 19 gektardan ziyodni tashkil qiladi”, — deydi u.

 

Uning maʼlum qilishicha, Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutining Andijonga koʻchirilishining ikkita sababi bor.

 

“Birinchidan, aholining tigʻizligi va turar joylar koʻpligi bois irrigatsiya tarmoqlari yopilgan, yaʼni institutga qarashli tutzorlarga suv kelmaydi, bu muammoga aylangan. Shuningdek, ipakchilik sohasini yanada rivojlantirish uchun institutga Andijonning Marhamat tumanidan 9,5 gektardan iborat katta kompleks hamda maqsadli foydalanish uchun 14 gektar maydon ajratildi. Hozirgi kunda koʻchish va Marhamat tumanidagi kompleksga joylashish ishlari ketyapti”, — deydi Shuhrat Abdulazizov.

 

 

U institut binosining keyingi taqdiri haqida gapirarkan, “Bu haqda bizda maʼlumot yoʻq. Lekin prezident farmoniga koʻra, mazkur binolar bugungi kunda davlat mulkini tasarruf qiladigan tashkilotga oʻtkazib beriladi. Keyin oʻsha tashkilot hukumatning yuqori tashkilotlari bilan kelishgan holda ish olib borishi koʻrsatib oʻtilgan. Menimcha, keyingi bosqichda ham bu daraxtlarga hech qanday zarar yetkazmaslik maqsad qilingan”, — deydi u.

 

 

Institutga qarashli 19 gektarning aksariyat qismi tutzorlardan iborat. Noyob tutlar kolleksiya, ozuqa va tajriba tutzorlari mavjud. Binolar atrofida esa turli manzarali daraxtlar — archa, chinorlar ekilgan.
 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev Telegram kanalida vazirlik masʼullari tomonidan hudud va plantatsiyasidagi daraxtlar holati oʻrganilganini maʼlum qildi.

 

“Daraxtlarni saqlab qolish va muhofaza qilish maqsadida ertadan boshlab Institut hududidagi barcha daraxtlar qayta xatlovdan oʻtkazish belgilandi. Biz ushbu hududdagi mavjud daraxtlar saqlab qolingan holdagina boshqa loyihalarni amalga oshirish mumkin, deb hisoblaymiz. Va aholining daraxtlarni saqlab qolish boʻyicha harakatlarini qoʻllab-quvvatlaymiz”, — deya yozadi Kusherbayev.

 

 

Shu bois, kelgusida bu yerdagi birorta ham daraxt kesilishiga yoʻl qoʻymaymiz, deya qoʻshimcha qilgan vazir maslahatchisi.

 

Oyina.uz'ni Telegramda o‘qing!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//