Jamiyat
Alimentga oid 7 ta muhim savolga javob berib oʻtiladi.
1. Aliment toʻlamasa ham boʻladimi?
Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berishi shart. Voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrugʻiga asosan aliment undiriladi.
Shuningdek, voyaga yetmagan bolalariga aliment toʻlash va ularga taʼminot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.
Shu bilan birga, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish uchun aliment toʻlash tartibini oʻzaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar.
Maʼlumot uchun: bolalar 18 yoshgacha voyaga yetmagan hisoblanadi.
2. Bolalarga toʻlanadigan aliment miqdori qancha?
Agar voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish haqida ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, aliment sud tomonidan tayinlanadi va ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadidan quyidagi miqdorlarda undiriladi:
• bir bola uchun — toʻrtdan bir qismi;
• ikki bola uchun — uchdan bir qismi;
• uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi.
Bu toʻlovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa eʼtiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki koʻpaytirilishi mumkin.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam boʻlmasligi kerak.
3. Voyaga yetgan bolaga ham aliment toʻlanishi mumkinmi?
Albatta. Voyaga yetgan, ammo mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalari uchun ota-onadan aliment undiriladi. Bunda alimentning miqdori ota-onaning oilaviy va moddiy ahvoli hisobga olinib, har oyda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanadi.
4. Bolaga aliment puli yetmasa yoki kamlik qilsa-chi?
Qonunchilikka koʻra, bolalarning taʼminoti uchun qoʻshimcha mablagʻ talab qilinishi mumkin.
Ota-ona favqulodda holatlar (bolaning ogʻir shikastlanishi, kasal boʻlishi va boshqalar) tufayli kelib chiqqan, bolaning taʼminoti uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha xarajatlarda ishtirok etishi shart.
Qoʻshimcha xarajatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan ota (ona)dan sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib xarajatlarni undirishi mumkin.
5. Aliment toʻlovchi shaxsdan alimentni undirish imkoni boʻlmasa-chi?
Birinchi navbatda, bolaning manfaatlari yoʻlida voyaga yetmagan farzandini moddiy taʼminlamayotgan shaxsdan aliment undirish boʻyicha davlat ijrochisi barcha undirish choralarini koʻradi.
Barcha choralar natijasiz boʻlgandan soʻng, davlat ijrochisi tomonidan aliment toʻlovlarini qoplab berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Ikki ish kunidan kechiktirilmagan holda toʻlovlarni amalga oshirish uchun tizim orqali Jamgʻarmaga yuboradi.
Jamgʻarma aliment toʻlovlarini qoplab berish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan boshlab ikki ish kunidan kechiktirilmagan holda alimentni qoplab beradi. Agar Jamgʻarma mablagʻlari alimentni qoplash uchun yetarli boʻlmasa, mablagʻ kelib tushishi bilan qoplanadi. Qoplab berish qarorlarning kelib tushgani ketma-ketligida amalga oshiriladi.
6. Aliment toʻlovchi chet elga ishlagani ketmoqchi boʻlsa-chi?
Aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs doimiy yashash uchun yoki 3 oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotganida aliment oluvchilar bilan kelishuv tuzishi shart.
Kelishuvga erishilmagan taqdirda aliment oluvchi alimentni bir yoʻla toʻlash, aliment evaziga muayyan mol-mulkni berish yoxud alimentni boshqa usulda toʻlash talabi bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Alimentlar oldindan toʻlangan yoki garov shartnomasi tuzilgan boʻlsa, shaxs aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv tuzish majburiyatidan ozod etiladi.
7. Aliment toʻlash majburiyati qachon tugatiladi?
Kelishuvda belgilangan aliment majburiyatlari taraflardan birining oʻlimi, mazkur kelishuv muddatining oʻtishi yoki unda nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra tugaydi.
Sud tartibida undiriladigan aliment toʻlash quyidagi hollarda tugatiladi:
• bola voyaga yetganda yoki voyaga yetmasdan turib toʻla muomala layoqatiga ega boʻlganda;
• foydasiga aliment undirilayotgan bola farzandlikka olinganda;
• aliment oluvchining mehnatga layoqati tiklanganida yoki u yordamga muhtoj boʻlmay qolganida (sud shunday deb topganida);
• mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj aliment oluvchi sobiq er yoki xotin yangi nikohga kirganda;
• aliment oluvchi yoki aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs vafot etganda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q