Iyul oyida ham anomal issiq boʻladimi? “Oʻzgidromet” javob berdi

Saqlash
03:55 / 08.07.2023 2165 0

“Oʻzgidromet” iyul oyida qanday ob-havo kuzatilishi haqida maʼlumot berdi. Unga koʻra, ushbu oyda anomal issiq kutilmayapti.

Joriy yilning iyul oyi oʻrtacha issiq ob-havo bilan boshlandi. 3–4-iyul kunlari esa Qozogʻiston hududlaridan nisbatan salqin havo massasi kirib kelishi hisobiga issiq pasaya boshladi va haftaning katta qismida havo harorati 31–36 darajagacha tushdi. Ushbu kunlarda janubiy hududlarda ham kunduzgi harorat 39 darajadan oshmagan.

6–7-iyul kunlari respublikaning bir qator tumanlarida qisqa muddatli yomgʻir yogʻdi va momaqaldiroq kuzatildi.

Oʻzgidromet maʼlumotiga koʻra, 9–10-iyul kunlari Oʻzbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan issiq havo kirib keladi va harorat koʻtarila boshlaydi.

Issiq ob-havoning choʻqqisi 11–13-iyul kunlariga toʻgʻri keladi. Kunduzi havo harorati 39–42 darajagacha, janubda va choʻl hududlarda baʼzi joylarda 43–45 darajagacha koʻtariladi.

Biroq bu issiq davr uzoq boʻlmaydi. 13-iyuldan respublikaning shimoli-gʻarbiy hududlariga, 14-iyuldan barcha hududlarga, bu safar Kavkazdan salqinroq havo kirib kelishi kutilmoqda. Harorat foni 3–5 darajaga pasayadi. Haroratning eng sezilarli pasayishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida kuzatiladi, bu yerda havo harorati 5–7 darajaga pasayadi.
 

Soʻng iyul oyining oxirigacha haroratni qisqa muddatga koʻtarilishi kuzatiladi, lekin sinoptiklar ushbu oyda anomal issiq kutmayapti, deyiladi xabarda.
 

 

Maʼlumot oʻrnida, Toshkentda 1997-yil 18-iyul kuni havo haroratining mutlaq maksimumi kuzatildi, bunda harorat 44,6 darajani tashkil etdi. Bu qiymatga yaqin harorat 1881-yil 6-iyulda (44,1 daraja) va 1983-yil 30-iyulda (44,5 daraja) qayd etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//