Oʻzbekiston energetika tizimida ilk bor yirik gidro toʻplash elektr stansiyalar barpo etiladi

Saqlash
04:05 / 07.07.2023 1974 0

“Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan mamlakatdagi mavjud suv salohiyatidan samarali foydalanish hamda elektr energiyasi taqchilligi sharoitida uzluksiz elektr energiyasi ishlab chiqarish borasida GTESlarni ishga tushirish yuzasidan Xitoy Xalq Respublikasi kompaniyasi bilan anglashuv memorandumi imzolanishiga erishildi.

 

 “Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov hamda XXRning “China Southern Power Grid International (HK) Co., Ltd” kompaniyasi Boshqaruvi raisi Chjan Tanji tomonidan Yuqori Pskem GTES, Qarateren GTES, Yuqori Pskem GES loyihalari boʻyicha oʻzaro anglashuv Memorandumi imzolandi.

 

Xitoyning “China Southern Power Grid International (HK) Co., Ltd” kompaniyasi GTES qurish boʻyicha yuqori tajribaga ega hamda Xalqaro Fortune Global-500 reytingida 89-oʻrinda turadi.

 

Mazkur kompaniya yuqori darajadagi tajribaga ega hisoblanib, bir qator yirik gidro elektr stansiyalar barpo etgan, shu jumladan “Uch dara” (quvvati 22,5 GVt, oʻrtacha yillik ishlab chiqarishi 105 mlrd kVtꞏsoat elektr energiyasi) GES qurilishida ishtirok etgan.

 

Mazkur memorandumga asosan, Oʻzbekiston gidroenergetika sohasida davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida, xorijiy investitsiyalar hisobiga yuqori energetik salohiyatga ega, umumiy qiymati 1 mlrd 640 mln AQSH dollariga teng boʻlgan umumiy quvvati 820 MVt boʻlgan 3 ta loyiha: Yuqori Pskem GTES (quvvati 200 MVt), Qarateren GTES (500 MVt) hamda Yuqori Pskem GES (120 MVt) – gidroinshootlari quriladi. 

 

Memorandum doirasida dastlab oʻzbek-xitoy kompaniyalari tomonidan qoʻshma ishchi guruhi tarkibini shakllantirish borasida kelishib olindi. 

 

Joriy yilda tomonlar oʻrtasida tuzilgan qoʻshma ishchi guruhi tomonidan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda. Bu jarayonga xalqaro toifadagi ekspert-mutaxassislarni ham jalb etilishi koʻzda tutilgan.

 

Mazkur loyihalar toʻliq quvvatda 2030-yilga qadar ishga tushirilishi belgilangan. 

 

GTESlarning ishga tushirilishi natijasida yillik oʻrtacha 3 mlrd kVtꞏsoat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi natijasida 835 mln 655 ming m3 oʻrtacha yillik tabiiy gaz tejaladi. Shuningdek, atmosferaga chiquvchi zararli is gazi miqdori kamayishiga erishiladi. 

 

Ushbu loyihalar toʻliq quvvatda ishga tushirilgandan soʻng 500 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratiladi hamda 1 mln 600 mingdan ortiq aholi uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlanadi.

 

Buning natijasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlar chekka hududlaridagi aholisi sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlanadi. GAESlarning ishga tushirilishi natijasida isteʼmolning eng yuqori yuklama (tigʻiz) paytida, ayniqsa, sovuq va issiq mavsumda sodir boʻladigan elektr energiyasidagi uzilishlarning oldini olishga muhim hissa qoʻshadi.

 

Yuqori quvvatdagi mazkur loyihalarning ishga tushirilishi elektr taʼminotidagi muammoli hududlarga yoʻnaltiriladi. Bugungi kunda oʻsib borayotgan mamlakatimiz aholisini hisobga olgan holda, energiya isteʼmolining tobora ortib borishida yuzaga kelayotgan elektr energiyasi muammolariga ijobiy yechim boʻladi. 

 

Mazkur amaliy hamkorlik natijasida mamlakatimiz gidroenergetik salohiyati shaxdam qadamlar bilan yanada ortadi hamda koʻzda tutilgan yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali toza va arzon elektr energiya manbaini ishlab chiqarish hajmi keskin oshishiga erishiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//