Toshkent viloyatida IIO xodimi “dacha”da 13 yoshli qizchani zoʻrlaganlikda gumonlanmoqda

Saqlash
03:27 / 07.07.2023 2019 1

Toshkent viloyatida ichki ishlar xodimi 13 yoshli qizchani zoʻrlaganlikda gumonlanmoqda, deb xabar berdi Oʻzbekistonda zoʻravonlikka qarshi faoliyat olib boruvchi Sukut saqlama (Nemolchi.uz) loyihasi. Loyihaga jabrlanuvchining onasi murojaat bilan chiqqan.
 

“Jinoyat may oyining oxirida sodir boʻlgan. 13 yoshli qizcha dugonasi bilan koʻchada oʻynab yurgandi, shunda ularning qoʻshnisi mashinadagi oʻrtogʻining oldiga oʻtirish va aylantirib kelishni taklif qilgan. Qizcha qoʻshnisini yaxshi taniganligi bois yomon xayolga bormagan ham. Keyin qizchalarni ijaraga olingan dala hovliga olib borishgan va oʻsha “doʻsti” qizchani zoʻrlagan”, — deyiladi xabarda.
 

 

Voqeadan soʻng qizcha tund holga tushib qolgan va oʻzini odamlardan uzoqroq tuta boshlagan. Uydagilari oradan bir hafta oʻtgachgina voqea haqida bilib qolishgan va qizchaning onasi ichki ishlarga ariza yozgan. “Ekspertiza ham yana bir hafta oʻtgach tayinlangan, natijasi haqida esa uzoq vaqtgacha aytishmagan”, — deya qayd etdi Nemolchi.uz.

Qizchalarni olib ketishganini koʻrgan guvohlar va dala hovli egasi ham koʻrsatma bergan. Gumondor Toshkent shahri Yashnobod tumanida ishlovchi, Muzaffar ismli profilaktika inspektori ekanligi aniqlandi.
 

“Mening qizim hammaning oldida uni tanidi, u esa turgan holatda ustimizdan kuldi”, — dedi qizchaning onasi.
 

 

Onaning soʻzlariga koʻra, gumondor va uning qarindoshlari unga va uning oilasiga tahdid qilishgan. Tahdidlar bir necha bor takrorlangan, hattoki ichki ishlar organlari va prokuratura xodimlari guvohligida ham davom etgan. Ayol tahdid holati boʻyicha ham ariza yozgan. Biroq hozircha bu murojaat yuzasidan biror harakat amalga oshirilmagan.

Jabrlanuvchining onasi, gumondorga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish — 15 yildan 20 yilgacha qamoq bilan jazolanadi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Loyihaning maʼlum qilishicha, gumondor hozir sudga qadar hibsga olingan va lavozimidan boʻshatilgan.

Tuman prokuraturasi rahbarining oʻrinbosari bu ishni oʻz nazoratiga olgani aytilmoqda.

1 Izoh

Нодира

07:07 / 07.07.2023

Нимага одамлар инсофсиз, қабих бўлиб кетмоқда. Ўзини қизи йўқми

Izoh qoldirish

//