Surxondaryolik otaxon Haj ziyoratiga jamgʻargan puliga yangi koʻprik qurdi

Saqlash
21:27 / 06.07.2023 1615 0

Surxondaryo viloyati Boysun tumanida otaxon Haj ziyoratiga jamgʻargan mablagʻi hisobidan yangi koʻprik qurdi.

Tuman hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, “Inkobod” mahallasi “Omonxona” qishlogʻi Kamari aziz koʻchasida yashovchi fuqaro Rahmat Eshboyev Haj safari uchun jamgʻargan mablagʻini oʻzi yashab turgan qishloq aholisi uchun zamonaviy koʻprik qurilishiga sarflagan.

 

 

 

Koʻprikka hokimlik homiyligi asosida mustahkam temir-beton materiali yetkazib berilgan. Natijada soy ustida yogʻin-sochinli kunlarda nafaqat piyodalar, balki ogʻir yuk mashinalari ham xavfsiz harakatlanadigan keng, mustahkam koʻprik barpo etildi.
 

“Ikki tomonni bogʻlovchi ushbu koʻprik “Inkobod” mahallasi “Omonxona” qishlogʻi Kamari aziz koʻchasida istiqomat qilib kelayotgan 20 ga yaqin xoʻjalikning azaliy orzusi edi. Tuman hokimi, “Omonxona” qishlogʻi faollari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etgan tantanali tadbirda ushbu savobli va xayrli ishlarga oʻz hissasini qoʻshgan barcha insonlar haqida iliq soʻzlar va rahmatlar bildirildi. Bu kabi qurilishlar odamlarning mushkulini oson, manzilini yaqin qilgani bilan ham ahamiyatlidir”, — deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//