Sobiq Urganch shahar hokimi 3 yilga qamaldi

Saqlash
20:09 / 06.07.2023 989 0

2018—2020-yillarda Urganch shahar hokimi lavozimida ishlagan Shuhrat Abdullayev 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati maʼlum qildi.

2023-yil 4-iyul kuni jinoyat ishlari boʻyicha Xiva tuman sudida sudlanuvchiga sud hukmi eʼlon qilingan. U JKning 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgani xabar qilinmoqda.

Unga 2 yilga muayyan huquqdan, yaʼni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida mansabdor va moddiy javobgar shaxs lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ushbu qarordan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Xorazm viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest bildirishga haqliligi maʼlum qilindi.

Eslatib oʻtamiz, 2018-yil oxirida Xorazm viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Shuhrat Abdullayev Urganch shahar hokimi etib tayinlangandi. Oradan ikki yil oʻtib u lavozimidan ozod etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//