Alkogol isteʼmoli boʻyicha dunyo reytingi eʼlon qilindi. Oʻzbekiston unda nechanchi oʻrinda?

Saqlash
19:34 / 06.07.2023 1125 0

AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) aholi jon boshiga spirtli ichimliklar isteʼmoli boʻyicha dunyo mamlakatlari reytingini eʼlon qildi.

Reytingni tuzishda dunyoning 189 ta davlatida 2019-yildagi alkogolli ichimliklar isteʼmoli boʻyicha maʼlumotlar tahlil qilingan. Oʻzbekiston alkogol isteʼmoli boʻyicha 124-oʻrinda qayd etilgan. Bunda aholi jon boshiga yiliga oʻrtacha 2,45 litr alkogol toʻgʻri keladi.

Reytingda 1-oʻrinni Kuk orollari egallagan. Bu yerda aholi jon boshiga yiliga oʻrtacha 12,97 litr alkogol ichiladi. Dastlabki oʻnlikka Latviya (12,90 litr), Chexiya (12,73 litr), Litva (11,93 litr), Avstriya (11,90 litr), Antigua va Barbuda (11,88 litr) Estoniya (11,65 litr), Fransiya (11,44 litr), Bolgariya (11,18 litr) Sloveniya (11,05 litr) davlatlari kiritilgan.

AQSH aholisi yiliga oʻrtacha 8,93 litr alkogol isteʼmol qilish darajasi bilan 35-oʻrinni egallagan, Rossiyada bu koʻrsatkich 7,29 litrga (56-oʻrin) tengligi aytilgan.

Reytingda Qozogʻiston 3,73 litr alkogol isteʼmoli bilan 100-oʻrin, Belarus 18-oʻrin (10,57 litr), Qirgʻiziston 96-oʻrin (4,02 litr), Ozarboyjon 142-oʻrin (1,38 litr), Tojikiston 156-oʻrin (0,85 litr), Turkmaniston 117-oʻrindan (2,88 litr) joy olgan.

Spirtli ichimliklar savdosi cheklangan islomiy davlatlar — Somali, Saudiya Arabistoni, Mavritaniya, Kuvayt va Bangladesh esa alkogoldan xoli deb hisoblagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//