Oʻzbekiston banklarining sof foydasi kamayib bormoqda

Saqlash
21:16 / 05.07.2023 1280 0

Oʻzbekiston banklari may oyida 798 milliard soʻm sof foyda koʻrdi. Bu banklarning oylik foydasi boʻyicha oxirgi 6 oydagi eng past koʻrsatkichdir.

Soʻnggi bor banklar 2022-yilning noyabr oyida hozirgidan kamroq foyda olgan — 724 milliard soʻm. May oyiga qadar tizimga boʻlgan talabning keskin oshishi natijasida mamlakatdagi banklar oyiga trillion soʻm atrofida foyda olayotgan edi, deb yozadi Telegramdagi “Bankir” kanali.

 

Banklar 2023-yilning 5 oyida jami 50,3 trillion soʻm daromad olgan. Bunda sof foyda 4,8 trillion soʻmni tashkil qilgan. Daromad 2022-yilning mos davriga nisbatan 29,9 foizga, foydasi esa 40,4 foizga oshgan.

Taʼkidlanishicha, solishtirilayotgan davrda foizsiz daromadlar 23,2 foizga oshganiga qaramasdan, foizli daromadlar ham 34,3 foizga koʻpaygan. Bu banklar xizmat koʻrsatishdan koʻra koʻproq kreditlash orqali daromad olishda davom etayotganini anglatadi.

Yanvar—may oylari davomida 1,3 trillion soʻm foyda soligʻi toʻlangan. Bu davrda 6,9 trillion soʻmlik operatsion xarajatlar (xodimlarga oylik va boshqalar) ham amalga oshirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//