Akvaparkdagi raqqosalardan OITS va OIV uchun tahlil olinmagan – IIV

Saqlash
03:25 / 23.06.2023 2145 0

Samarqandda akvaparkda ommaviy tadbir uyushtirish qoidalari buzilgani va u yerdagi raqqosalardan OITS va OIVga tekshirish uchun qon tahlillari olingani haqida xabar berilgandi. IIV matbuot kotibi jamoatchilik eʼtiroziga sabab boʻlgan ushbu holat yuzasidan maʼlumot berdi va raqqosalardan hech qanday tahlillar olinmaganini bildirdi.

 

Holat vazirlik tomonidan oʻrganilganda maʼlum boʻlishicha, choʻmilish havzasining ochilishida chindan ham 2000 dan ziyod fuqaro uchun ommaviy koʻngilochar marosim tashkil etilgan va bunda Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori talablari buzilgan.
 

Tadbir tashkilotchilari bilan profilaktik suhbat oʻtkazilib, kelgusida xavfsizlik choralari koʻrilishi zaruriyati haqida qatʼiy ogohlantirilgan.

 

“Xabarda aks etgan, tadbirda ishtirok etgan ayollarga nisbatan teri-tanosil kasalliklari koʻrigidan oʻtkazilgani va OITS/OIVga tekshirish uchun qon tahlillari olingani toʻgʻrisidagi maʼlumot viloyat IIB matbuot kotibi Jahongir Sagdullayev tomonidan shoshma-shosharlik bilan, vaziyatni toʻliq oʻrganmagan holda tayyorlangani aniqlandi”, – deyiladi vazirlik xabarida.

 

 

Taʼkidlanishicha, tadbir ishtirokchilarining, shu jumladan, ayollarning hech biri tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmagan va ularga nisbatan huquqiy taʼsir choralari qoʻllanmagan.

 

Hozirda vazirlik tomonidan viloyat IIB xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangani qoʻshimcha qilingan.

 

Avvalroq 16-iyun kuni Samarqand tumanidagi “Vavilon” choʻmilish havzasida fuqaro D.Nasimov “ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidasini qoʻpol ravishda buzib, 2000 ga yaqin fuqaro ishtirokida tadbir uyushtirgani” haqida xabar berilgandi.

 

Xabarda raqqosalar teri-tanosil kasalliklari koʻrigidan oʻtkazilib, OITS va OIVga tekshirish uchun qon tahlillari olinib, ular bilan tushuntirish ishlari olib borilgani ham qoʻshimcha qilingandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//