Malayziyalik kinoijodkorlar O‘zbekiston haqida serial suratga oladi

Saqlash
15:02 / 19.05.2026 32 0

Foto: Dunyo AA

 

Malayziyaning “RTM” davlat teleradiokompaniyasi buyurtmasi asosida “Rubbertapper Production” O‘zbekistonda malay tilidagi 8 qismdan iborat “O‘zbekiston haqida muhabbat kundaligi” (“Dairi Cinta Uzbekistan”) nomli serial tasvirga olmoqda.

 

Xabarga ko‘ra, teleloyihani amalga oshirishda O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi, Madaniy meros agentligi hamda “Uzbekistan Airways” yaqin hamkorlik qilmoqda.

 

Suratga olish ishlari ijodiy jamoa tomonidan Toshkent shahri va Samarqand viloyatining qator noyob tarixiy-madaniy hamda turistik maskanlarida olib borilmoqda.

 

Loyiha doirasida Janubi-Sharqiy Osiyoda keng tanilgan malayziyalik aktyor va aktrisalar o‘z ijtimoiy tarmoqlari orqali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini faol targ‘ib qilmoqda. Ular tomonidan xalqaro aviachiptalar xaridi, zamonaviy ayeroport xizmatlari, qulay mehmonxonalar, mahalliy transport tizimi, milliy taomlar va yurtimizning diqqatga sazovor maskanlari haqida 100 ga yaqin post va videoroliklar e’lon qilingan. Bu materiallarda esa O‘zbekistonga sayohat qilishni rejalashtirayotgan xorijlik sayyohlar uchun foydali va batafsil ma’lumotlar taqdim etilmoqda.

 

Mutaxassislarning fikricha, ushbu media loyiha O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi hamda zamonaviy infratuzilmasini keng targ‘ib qilish orqali Malayziya va butun ASEAN mintaqasidan keluvchi sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.

 

Ma’lumot uchun, 1946-yilda tashkil etilgan “RTM” Janubi-Sharqiy Osiyodagi yirik va nufuzli mediatuzilmalardan biri hisoblanadi. Uning umumiy tomoshabinlar auditoriyasi qariyb 100 million kishini tashkil etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//