Harbiy xizmatga oid qonun loyihasi rad etildi

Saqlash
12:37 / 19.05.2026 13 0

Senatning yalpi majlisida “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi qonun ko‘rib chiqildi.

 

Mazkur normada harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar to‘g‘risidagi axborotni real vaqt rejimida idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali almashish, harbiy ro‘yxatga olish tizimini takomillashtirish hamda serjantlar tarkibi uchun yangi harbiy unvonlarni joriy etish nazarda tutilgan.

 

Xabarga ko‘ra, bu kabi ko‘plab ijobiy jihatlariga qaramasdan, senatorlar, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari hamda ekspertlar qonunning ayrim normalari amaldagi qonunchilik hujjatlari talablari va huquqni qo‘llash amaliyotiga to‘liq muvofiq emasligini qayd etgan.

 

Xususan, davlat organlarining vakolatlari, harbiy ro‘yxatni yuritish tartibi, idoralararo axborot almashinuvi hamda fuqarolar huquqlariga daxldor ayrim normalarni qayta ishlash zarurligi ta’kidlangan.

 

Shuningdek, qonun qabul qilinishi munosabati bilan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilishi lozim bo‘lgan o‘zgartish va qo‘shimchalar yetarlicha tahlil qilinmagani bildirilgan.

 

Senatorlar bu kabi holatlar normativ-huquqiy hujjatlar barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, huquqni qo‘llash amaliyotida qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkinligiga e’tibor qaratgan.

 

Yakunda qonunni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//