Mushukni tiriklayin yoqib yuborgan quvasoyliklar 3 sutkadan 7 sutkagacha qamaldi

Saqlash
00:36 / 22.06.2023 1290 0

Fargʻona viloyatida mushukni qafasga qamab, tiriklayin yoqib yuborgan va jarayonni tasvirga tushirgan uch nafar erkak Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish) bilan BHMning 3 baravari miqdorida (990 000 soʻm) jarimaga tortilgandi.

 

““Mehr va oqibat” hayvonlar huquqlarini himoya qilish jamiyati muhofaza qiluvchi xodimlarga tezkorliklari uchun oʻz minnatdorligini bildirgan, biroq shaxslarning dahshatli harakatlari notoʻgʻri baholangan, deb hisoblagan. “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 111-moddasi 2-qismiga koʻra, hayvonlarning oʻlimiga yoki jarohatlanishiga sabab boʻlgan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi”, — deyilgandi jamiyat xabarida.

 

 

Shundan soʻng Quvasoy shahri prokurorining protesti bilan sud qarori bekor qilingan. Bosh prokuratura huquqbuzarlarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 111-moddasi 2-qismi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish) hamda 189−1-moddasi (Tazyiqni, zoʻravonlikni yoki shafqatsizlikni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) bilan rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnoma mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilishi taʼminlanganini maʼlum qilgandi.

 

Oliy sud axborot xizmatiga koʻra, 21-iyun kuni jinoyat ishlari boʻyicha Quvasoy shahri sudida 1983-yilda tugʻilgan M.A., 1995-yilda tugʻilgan A.A. va 2005-yilda tugʻilgan A.A.ga oid maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqildi.

 

Sud qaroriga koʻra, M.A. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 111-moddasi 2-qismi va 189−1-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilib, unga ushbu kodeksning 34-moddasi (Bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun maʼmuriy jazo qoʻllanish)ga asosan 7 sutka maʼmuriy qamoq jazosi, A.A.ga 5 sutka, A.A.ga 3 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//