Oʻzbekistondagi maktablarda maxsus ijtimoiy-emotsional oʻquv soatlari joriy etiladi

Saqlash
22:32 / 20.06.2023 1051 0

Oʻzbekistonda 19-iyunda imzolangan “Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qaroriga koʻra, maktablarda maxsus ijtimoiy-emotsional oʻquv soatlari joriy etiladi.

 

Hujjatga koʻra, maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda oʻquvchilarda oʻzini oʻzi boshqarish, murakkab hayotiy vaziyatlarni yengib oʻtish koʻnikmalarini shakllantirish, depressiya, xavotirli holatlar va suitsidlarning oldini olish boʻyicha maxsus ijtimoiy-emotsional oʻquv soatlari yoʻlga qoʻyiladi.

 

Social Emotional Learning, SEL umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida maktab dasturidagi mavjud fanlar va darsdan tashqari jarayonlar doirasida tashkillashtiriladi.

 

Shuningdek, birlamchi boʻgʻin tibbiyot muassasalarida 2023-yil yakuniga qadar Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining ruhiy holat buzilishlarida yordam koʻrsatish boʻyicha harakatlar dasturi amaliyotga joriy qilinadi.

 

Unga asosan:

 

ruhiy holat buzilishini tibbiyotning birlamchi boʻgʻinining oʻzida erta aniqlash va davolash choralari koʻriladi;

 

birlamchi boʻgʻin tibbiyot muassasalari shifokorlari va boshqa tibbiyot xodimlarining ruhiy holati buzilgan shaxslarni klinik baholash, davolash va kuzatib borish boʻyicha koʻnikmalari rivojlantiriladi va bilimlari oshiriladi.

 

Shuningdek, bolalarning ruhiy salomatligini mustahkamlash va bolalar psixonevrologik xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari koʻriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//