Toshkentda ichida 11 kishi bo‘lgan liftning qulab tushish sababi ma‘lum qilindi

Saqlash
03:49 / 20.06.2023 1680 0

Toshkentda ichida 11 kishi bo‘lgan lift pastga tezlik bilan tushib ketgani haqida xabar berilgan edi. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi holat yuzasidan o‘rganish ishlari natijasini e‘lon qildi

 

Unga ko‘ra, holat sodir bo‘lgan Yangihayot tumani, “Yangi Darxon” MFYda joylashgan 17-sonli 16 qavatli uy 2023-yil aprel oyida foydalanishga topshirilgan. Mazkur holatni birlamchi o‘rganish davrida ko‘p qavatli uyda Turkiya korxonasi  tomonidan 2022-yilda ishlab chiqarilgan, yuk ko‘tarish quvvati 1 000 kg bo‘lgan lift 16-qavatdan 1-qavatga harakatga kelgach, tezlikni nazorat qiluvchi, yaʼni to‘xtash lozim bo‘lgan etajga yaqinlashganda lift kabinasini sekinlatuvchi (datchik zamedleniya) qurilmasi nosozligi sababli tezlik kamaymagani va 1-qavatga yaqinlashganda liftning avtomatik tormoz tizimi ishga tushib to‘xtagani hamda tezlik kamaymagani tufayli shaxtada o‘rnatilgan bufer qismiga kelib urilgani taxmin qilindi. 

 

Lift to‘xtagandan so‘ng mazkur mavzedagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi injenering kompaniyasi “Premium Promotion” MCHJning liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislari tomonidan eshikni ochib liftdan taxminan 11 kishini chiqarib olgan, bulardan 3 kishi turli xil sinishlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

 

Hozirda, Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan mazkur mavzedagi “dom”larga xizmat ko‘rsatuvchi injenering kompaniyasi “Premium Promotion” MCHJning rahbariyati tomonidan mazkur mavzedagi barcha liftlarni qayta navbatdan tashqari texnik ko‘rikdan o‘tkazish va liftlarning tezligini nazorat qiluvchi, yaʼni sekinlatuvchi (datchik zamedleniya) qurilmalarini qayta ko‘rikdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda.

 

Shuningdek, inspeksiya mutaxassislari tomonidan Toshkent shahri va viloyatlardagi ko‘p qavatli uylarda o‘rnatilgan lift qurilmalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish ishlari boshlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//