Qurbon hayitida xodimlar necha kun dam oladi va bayram qanday nishonlanadi? Prezident tegishli qarorni imzoladi

Saqlash
01:59 / 20.06.2023 1535 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida“gi  qarorni imzoladi.

 

Qarorga keltirilishicha, joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 28-iyun – chorshanba kuniga toʻgʻri kelishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan qarorni inobatga olib, yurtimizda 2023-yil 28-iyun kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanadi.

 

Aholining Qurbon hayiti bayramini munosib saviyada oʻtkazishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi «2023-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida«gi PF-270-son Farmoni bilan ish haftasining turidan qatʼi nazar barcha xodimlar uchun 2023-yilning 29-30-iyun kunlari, olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 1-iyul kuni qoʻshimcha dam olish kuni sifatida belgilangan.

 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Qurbon hayiti xalqimizning milliy anʼana va qadriyatlariga mos ravishda oʻtkazilishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

 

Madaniyat va turizm vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Qurbon hayiti kunlarida moʻtabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//