Ukrainadagi urushda Rossiya tomonidan 34 nafar oʻzbekistonlik halok boʻlgani aytilmoqda

Saqlash
15:34 / 15.06.2023 1118 0
Foto: DXX matbuot xizmati

Rossiya tomonidan Ukrainadagi urushda Markaziy Osiyo davlatlaridan eng kamida 93 kishi: Qirgʻizistondan 19 nafar, Oʻzbekistondan 34 nafar va Tojikistondan 40 nafar fuqaro halok boʻlgan. Bunday raqamlar BBC rus xizmatining “Kushxonadagi qullar kabi. Markaziy osiyolik migrantlar Baxmut ostonasiga qanday kelib qoldi?” surishtiruvida keltirilgan, deb yozadi “Gazeta.uz”.

 

“Baʼzida halok boʻlgan yollanma askarlarning oilalari ularning jasadlarini Rossiyadan uylariga olib ketishga muvaffaq boʻlishadi”, — deyiladi matnda.

 

BBC materiali urushga Rossiya qamoqxonalaridan kelgan va “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi tomonidan yollangan mehnat muhojirlariga bagʻishlangan. Unda bir necha qirgʻiz oilalari haqida hikoya qilinadi, ularning erkaklari turli jinoyatlar uchun Rossiyada sudlanib, qamoqxonalardan Ukrainaga borgan va vafot etgan.

 

Sudlarda migrantlarni himoya qiluvchi advokat Mirlan Akilbekovning aytishicha, 2022-yilning yozida u bilan aloqada boʻlgan vatandoshlaridan “Vagner” XHK ozodlikdan mahrum etish joylarida urushga askar yollanayotganini bilgan.

 

“Avvaliga ulardan faqat qatʼiyat bilan soʻrashgan”, deydi u. — Muddatidan oldin ozodlikka chiqishingiz, amnistiya olishingiz mumkin boʻlgan shartlar bor ekan. Va ular biz bilan maslahatlashishdi. Ammo 28-sentabrdan keyin ular ixtiyoriy-majburiy asosda [XHKga] yozila boshlandi. Oktabr oyi boshida mijozimiz qoʻngʻiroq qildi (u kredit karta topib olib, doʻkonga borgan va u bilan oziq-ovqat sotib olgan, shu aybi uchun oʻgʻirlikda ayblanib, 4 yilga hukm qilingan). U [qamoqxonadan] qoʻngʻiroq qilib, [yollovchilar kelganida] mahbuslar ajratilgani — barcha chetdan yelganlar — qirgʻizlar, oʻzbeklar, tojiklar ajratishgan, ularni alohida binoga joylashtirishgan va [shartnomaga] imzo qoʻyishni talab qilishgan. Argumentlari esa quyidagicha boʻlgan: “Mana, siz bu yerda bepul ovqatlanyapsiz, buni esa oqlashingiz kerak”. Qanday qilib oqlash mumkin? [Urushga] borishingiz kerak, qaytib kelgach, amnistiya qilamiz, ozod boʻlasiz”.

 

 

2022-yil oktabr oyidagi maʼlumotlarga koʻra, har kuni 10 dan ortiq Oʻzbekiston fuqarosi Rossiyada safarbarlik muammosiga duch kelgan.

 

Joriy yilning mart oyida Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpogʻistonning Ellikqalʼa tumanida yashovchi, Rossiyada qamoq muddatini oʻtagan fuqaro Ukrainada vafot etgani haqida xabar bergan edi. U RF tomonidan bosib olingan hududlarda qurilish ishlariga joʻnatilgan, u turgan joyga snaryad tushgan.

 

May oyida yana bir Oʻzbekiston fuqarosining Ukrainada vafot etgani maʼlum boʻldi. U Rossiya qamoqxonasidan “safarbar qilingan”. Onasining aytishicha, u urushga borishni istamagan, lekin majbur qilishgan.

 

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda xorijiy davlatlarda yollanish va harbiy xizmatni oʻtash jinoyat hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//