Turkiyaning O‘rtahisor shaharchasida "Xiva bobo" yodgorligi o‘rnatildi

Saqlash
11:08 / 12.08.2021 1467 0


O‘zbekiston Mustaqilligining  30 yilligi arafasida "Xiva shahri — turkiy dunyo madaniy poytaxti" dasturi doirasida Turkiyaning Nevshehir viloyati hududida joylashgan O‘rtahisor (Kapadokiya) shaharchasida "Xiva bobo" yodgorligi o‘rnatildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" Axborot agentligi.

Manba: Dunyo AA


Yodgorlikning aynan ushbu shaharda o‘rnatilishi bejiz emas. Chunki mahalliy xalq orasidagi rivoyatlarga ko‘ra, O‘rtahisor aholisi ajdodlarining ildizlari Xorazmning Xiva shahriga borib taqaladi. XII asrda Markaziy Osiyodan Onado‘liga turkiy qavmlarning ko‘chishi keng kuzatilgan bir davrda asli xivalik Xiva bobo o‘zining sakkizta ukasi bilan O‘rtahisorga kelib qolgan. Keyinchalik ular atrofdagi yerlarni obodonlashtirib, hozirgi O‘rtahisorni barpo etgan. Vaqt o‘tishi bilan "Xiva bobo" qisman o‘zgarib, "Xiba bobo" shaklida talaffuz etila boshlangan. O‘rtahisorning bugungi kundagi aholisining asosiy qismi Xiba bobo va uning sakkiz birodari avlodlari ekaniga ishoniladi.

Mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi, "Turksoy" xalqaro tashkiloti hamda O‘rtahisor hokimiyati hamkorligida "Xiva shahri — turkiy dunyo madaniy poytaxti" dasturi doirasida shaharchada "Xiva bobo" yodgorligining ochilish marosimi o‘tkazildi.

O‘rtahisor hokimi Mustafa Atesh yodgorlikning bunyod etilishidan asosiy maqsad so‘nggi besh yilda jadallik bilan taraqqiy etib borayotgan O‘zbekiston-Turkiya munosabatlariga kamtarona hissa qo‘shish ekanini bildirdi.

— Biz o‘rtahisorliklarning ota yurtimiz O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridan biri — Xiva bilan alohida bog‘liqligimiz mavjud, — dedi u. — Qariyb ming yil oldin Xiva bobo Xorazmdan kelib, bizga go‘zal vatan barpo etgan. Bizlar Xiva boboning farzandlarimiz. Binobarin, bugungi yodgorlik bizning o‘zligimizning timsolidir.

Turk haykaltaroshi Ensar Shahin tomonidan yaratilgan ushbu yodgorlikning old tomonida Xiva boboning timsoli joy olgan. Asarning o‘ng va chap tomonlarida esa ramziy eshiklar ishlangan bo‘lib, ular O‘rtahisorga kirish yo‘li Xiva bobo tomonidan ochib berilganiga ishora qiladi. Yodgorlikda Xorazm vohasiga xos bo‘lgan va O‘rtahisordagi qadimgi osori atiqalarda ham saqlanib qolgan naqshlarga ham o‘rin berilgan.

Tantanali marosim ishtirokchilari va O‘rtahisor aholisiga "O‘zbekiston istiqlolining 30 yilligi" mavzusidagi fotoko‘rgazma tashkil etildi hamda Xorazm viloyatidan kelgan san’atkorlar ijrosida milliy o‘zbek kuy va qo‘shiqlari, Xorazm raqslari taqdim etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish