Yurtda baraka yoʻq. Savdo yoʻq. Qimmatchilik...

Saqlash
18:05 / 29.05.2023 1581 1

Qurilish qilib, bozorga bordim. Taxta bozor. Ustalar 5*3 “reyka” (qurilish taxtasi – tahr.) kerak”, dedi. Bozordan “reyka” qaradim.

 

Narxi 5500 soʻm ekan. Bir sotuvchi aytdi, “aka, sizga 5*3 kerakmi? Bular 5*3 degani bilan shuncha chiqmaydi, mana...”, deb oʻlchab berdi. Haqiqatan ham 4*2 ekan. 5*3 olish uchun 6*4 deganidan olish kerak ekan.

 

Rozi boʻlib, 6*4 oldim. Ustalar boʻyini 6 metrlik boʻlsin degan edi. 6 metrlik soʻradim. “Mana”, deb darrov yuklashni boshladi. Birdan kallaga fikr kelib qoldi, “uka, metrni oling”, dedim-da oʻlchadim. 6 metr deb sotilgan reyka 5*70 ekan. Ham enidan, ham boʻyidan....

 

Yurtda baraka yoʻq. Savdo yoʻq. Qimmatchilik....

 

Ustalar bilan gʻisht urishga shartnoma qildim. Gʻishtni urganidan emas, mashinada kelganidan sanar ekan.

 

Zilda kelgan gʻishtni erinmay, donalab sanadim. 2500 ta deyilgan gʻishtdan insofligi 200 ta, standarti 350 ta kam kelar ekan. Usta shuni bilgani uchun urganidan emas, kelganidan hisob olar ekan.

 

Ham mashinada kelganidan, ham ustadan olib yeysiz.

 

Yurtda baraka yoʻq. Savdo yoʻq. Qimmatchilik...

 

Ustalar hammasi oʻz manfaati bor qurilish materiallari sotadigan katta doʻkonlarga yetaklaydi.

 

Ustalar u yerdan karta ochib olgan. Plastikka oʻxshagan. Uyni egasi borib savdo qiladi. Usta kartasiga foiz pul kelib tushadi.

 

Yurtda baraka yoʻq. Qimmatchilik....

 

Bir aka antifriz chiqardilar. Antifriz qogʻozda yozilgani kabi -20 gradus va -40 graduslik chiqdi.

 

Bozordagi hamma mahalliy antifrizdan qimmat. Sababini tushunmay, hamma antifrizlarni olib kelib, -5 gradus xolodilnikka qoʻyilgan. Uch soatda hamma antifriz taxta boʻlib qolgan. Ishlab chiqaruvchilarga holat videoga olib yuborilgan. Hoji akalar parvoyiga ham olmagan.

 

Yurtda baraka yoʻq. Qimmatchilik... ekanini aytishadi.

 

Oʻrtogʻim benzin “zapravka”da ishlaydi. Eng insoflik zapravka oʻniga bir litr, qolganlari ikki litr “urar” ekan. “Meni bilganim urmaydigani yoʻq”, deydi. Hamma bilar ekan shundayligini.

 

Yurtda baraka yoʻq, hammayoq qimmatchilik emish.

 

Boshqa bir tanishimning ishi porasiz, “otkat”siz bitmas emish. Pora bermasa, davlat tashkilotlari olmas emish.

 

Aytishicha, yurtda baraka yoʻq. Avvalgiday savdo yoʻq emish.

 

Uyfurishlarga uyingizni sotmoqchi ekanligingizni aytasiz. Boʻldi, naqdga oʻzimiz olamiz, deb baholaydi.

 

Tabiiyki siz qimmatroq narx xohlaysiz. Uyogʻiga tuzogʻiga tushganingiz shu. Kanalida eʼlon beradi uyingiz sotilishi haqida. Siz mijoz kutasiz. Uyingizni olmoqchi boʻlgan xaridor uyfurishga telefon qiladi.

 

Uyfurish u uy sotilganini, istasa boshqa uy borligini aytadi. Sizga esa hamtovogʻini joʻnatadi.

 

Hamtovoq uyingizni koʻrib, dastlabki uyfurish aytgan narxdan ancha past baho aytadi. Shu tariqa uchinchisi, toʻrtinchisi kelib arzon narx aytaveradi. Toqatingiz toq boʻlib, birinchi aytgan narxingizga oʻzingiz olib qoʻya qoling, deysiz. Hoʻp, deydi deb oʻylaysizmi? Sodda boʻlmang. Endi uyingizni birov olmayotganini, boshida berganda, mayli deb olishini, hozir esa yana besh yuz yoki ming arzonga olib qolishini aytadi. Pul zarurligidan rozi boʻlib yuborasiz. Bu “priyom”ni hammaga ham qilmaydi. Pul zarur, “pojar” degan odamlar “yogʻli” kliyent.

 

Ha, aytgancha, juma kuni makler akalarimiz ishlashmaydi. Dam olish kuni.

 

Bozorda kabelchilar bor. Davlat muassasalariga, qurilish obyektlariga sim sotishadi. Ulgurji.

 

Zavoddan kabelni olib, choʻzishadi. Xato eshitmadingiz. Eshiladi. 2*2.5 kabel, 2*2 yoki undan ham kamroqqa, metri koʻproqqa aylanadi. Zavodni upakovkasini qaytadan qilib, sizga berishadi. Butun boshli katta zavodlar qurib, kabel sotib yotishibdi. Sexda qilingan, birortasi aytilgan talabga javob bermaydigan kabellar. Lekin tonnalab, navbatga qoʻyib sotishadi. “Otkat” bor ekan, kabel sotilaveradi.

 

Lekin avvalgiday savdo yoʻq. Baraka yoʻq ekan.

 

Bu kabi ishlarni sanogʻi yoʻq. Oddiy soda bor. Sovet davridan beri 500 grammlik qadoqda boʻlar edi. Grammi kamayib, kamayib, 250 grammga tushgan. Bilmagan “haqiqiysi falonchida qimmat ekan, mana bu arzon sotadi”, deb olaveradi. Ichi toʻla boʻladigan gugurt yarim boʻlib qolgan. Santimetrlab, milligrammlab urilaveradi. Kamayaveradi.

 

Sementga qum qoʻshayotganlar, sutga suv qoʻshayotganlar hech kimga sir boʻlmay qolgan.

 

Mashina bozorga chiqsangiz, hamma mashinani doktor yoki oʻqituvchi mingan. Ishga borib kelgan boʻladi. Uch marta dumalagan mashinada ozgina “petno” boʻladi. Bozorda dumalagan, qattiq zarba yegan mashina yoʻq. Siz yoʻllarda koʻrgan dumalab ketgan, pachaqlanib, majaqlanib ketgan mashinalar bozorga kirmaydi. Metallolomga ketadi.

 

Eʼlon berish mumkin boʻlgan saytlar savdoni oʻldirganmish. Baraka yoʻq emish.

 

Qoʻqonda mashhur “zapchast” bozor bor. Bozorga chiqib, ulgurji sotadiganlardan narx soʻrasangiz, begonaga narx aytmay qoʻyibdi. Tanishimdan sababiga qiziqdim. “Menga konkurentlarim odam yuborib, narx soʻrayapti. Narxni aytsam, Xitoyga borib, xuddi shu narsani sifati past, lekin narxi arzon qilib chiqarib kelib, tagimdan qoʻyyapti”, deyapti.

 

“Zapchast”da ham avvalgiday baraka yoʻq emish. Savdo oʻlgan emish.

 

Monopoliya qilib olib, soqqani qilayotgan hoji aka yoki boy akalarga qulluq qilib, havas qilamiz.

 

Monopolistga xizmat qilib, soqqani qiladiganlar adolat istaydi. Nolib qoʻyadi.

 

Sanaganlarim organ, prokuratura, DXX, IIV, bojxona, soliq kabi tashkilotlardagi haromxoʻrliklar emas. Yurt ichidagi oddiy odamlarning ishlari. Bir birimizga boʻlgan munosabat.

 

Men burnimni tiqmagan, yuqorida keltirmagan ishlarni, sohalarni siz yaxshi bilasiz.

 

Hamma menga oʻxshab farishta boʻlsa, yuqoridagi ishlarni qaysi ola boʻji qilyapti?

 

Sayyid ISLOM

1 Izoh

Олмагул Якупова

06:01 / 01.01.1970

Гуруч курмаксиз бўлмаганидек, айтилган гаплар тўғри ёзилган. Лекин бугунги кунда анча мунча одамлар инсофга келиб қолди деб ўйлайман. Негаки, бозорда нарса харид қиладиган бўлсангиз виждони бори сизга эринмасдан товарларини таққослаб беради. Бу фалон давлатники фалон сўм, бу бошқасиники ва ҳоказо, ўртасидаги фарқини тушунтиради. Чўнтагингиз кўтарганини олишни тавсия қилади. Мазза қилиб ўқидим, баъзи жойлари ичимдаги гаплар бўлибди дегандек. ОЙИНА доим шундай ишласа, виждонлилар кўпайса, юртга барака келса қандай яхши. Мақола муаллифига биттагина таклифча, шу муаммоларни бартараф қилиш учун нималар қилиш кераклигини ҳам келтирса нур устига аъло нур бўларди.

Izoh qoldirish