Jamiyat
Bugun Buxoro shahrida “Uchinchi Renessans – maʼrifatli jamiyat sari!” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻz ishini boshladi. Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan yuzdan ziyod maʼnaviyat fidoyilari – mamlakatimizning yetuk olimlari, taniqli ijodkorlar, milliy sanʼatimizning dargʻalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat Markazi rahbari, Oliy Majlis Senati aʼzosi Minhojiddin Mirzo konferensiyani ochib berdi. Ilmiy-amaliy anjumanning ahamiyati, Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini yaratish borasida oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, jumladan, shunday dedi: “Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” asarida taʼkidlanganidek, “Xalqlar tarixida oʻziga xos tub yangilanish davrlari borki, bunday zamonlarda muayyan millat dahosi, uning oʻz salohiyatini namoyon etishga intilishi, yaratuvchanlik faoliyati eng yuksak choʻqqilarga koʻtariladi. Nisbatan qisqa davrda erishilgan ulugʻ marralar jahon ahlini lol qoldiradi. Ayni bir xalq salohiyatining ulkan natijasi boʻlgan bu olamshumul yutuqlar esa, insoniyat tarixining yorqin sahifalariga aylanadi, dunyo sivilizatsiyasi taraqqiyotiga katta kuch va shiddat beradi. Yer yuzidagi baʼzi xalqlargagina nasib etadigan bunday yuksak koʻtarilish va taraqqiyot zamonlarning oʻziga xos uygʻonish, yaʼni Renessans davri, deb atalishining sababi ham ana shunda”. Darhaqiqat, bu davrlarning insonlarni bir maqsad yoʻlida birlashtiradigan va safarbar etadigan qudratli gʻoyasi, taraqqiyot tamoyillari boʻladi. Aynan Sharq Uygʻonish davri, ajdodlarimiz dahosi yer yuzida ilk bora inson tafakkuri uygʻonsa, u nafaqat ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat, meʼmorchilik va bunyodkorlik, adabiyot, sanʼat, dehqonchilik, balki, davlat boshqaruvida ham, jaholat ustidan maʼrifat ila muzaffarlik, inson erki, hurfikrlilik, dunyoviy goʻzallik bobida ham betimsol moʻjizalar yaratishi mumkinligini isbot etadi.
Maʼrifatli jamiyat – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining asosidir. Aynan maʼnaviyat va maʼrifat asosidagi milliy birlik va hamjihatlik tafakkurdagi tarqoqlikni bartaraf etib, xalqimizni hamjihat, yuksak iqtidorga, yaratuvchi kuchga, qudratli toʻlqinga aylantiradi. Biz bugun hayotimizda ana shu toʻlqin epkinlarini sezmoqdamiz, unga maʼnaviy-ruhiy kuch berish esa har birimizga bogʻliqdir. Anjuman oldidagi eng katta vazifalar mohiyati ham shunda koʻrinadi”.
Anjuman doirasida “Oʻzbekiston Qahramonlari” kitobi hamda konferensiya materiallari toʻplami taqdim etiladi. Shuningdek, ajdodlarimizning maʼnaviy-axloqiy hamda ijodiy merosi, milliy qadriyatlar, maʼrifatli jamiyatning oʻziga xos xususiyatlari, yangi maʼnaviy makon yaratish boʻyicha ziyolilar oldida turgan muhim vazifalar boʻyicha maʼruzalar oʻqiladi. Oliy taʼlim muassasalarida taniqli ziyolilar, shoir, yozuvchilar ishtirokida “Maʼrifat soatlari” darslarini tashkil etish ham nazarda tutilgan.
Buxoro viloyatdagi “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari hamda “Saxovat uylari”da yashayotgan nuroniylar holidan xabar olish, koʻmakka muhtoj oilalar va ularning farzandlarini maʼnaviy-ruhiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Mehr-muruvvat va saxovat” hamda “Maʼrifat tur” loyihalarini amalga oshirish ham anjuman dasturidan oʻrin olgan.
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q