“Oʻzbekiston oʻz hududidan sanksiyalarni chetlab oʻtish uchun foydalanishga qarshi ekanidan minnatdormiz” – YI maxsus vakili

Saqlash
15:41 / 28.04.2023 1616 0

Yevropa Ittifoqining sanksiyalar boʻyicha maxsus vakili Devid OʼSallivan ikki kunlik tashrif bilan Oʻzbekistonga keldi. U davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvdan soʻng matbuot anjumani oʻtkazib, oʻz missiyasi vazifalari toʻgʻrisida soʻzlab berdi.

 

Tadbir avvalida maxsus vakil “Katta yettilik” davlatlari va AQSH tomonidan Rossiyaga qarshi ishlab chiqilgan sanksiyalar faqat bitta maqsad — uning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush olib borish qobiliyatiga putur yetkazishdan iborat ekanini eslatdi.

 

“Taʼkidlamoqchiman: biz uchinchi davlatlarga, xususan, Oʻzbekistonga nisbatan sanksiyalar qoʻllash niyatida emasmiz, shuningdek, Oʻzbekistonning rivojlanishiga, uning boshqa davlatlar, jumladan, Rossiya bilan savdo aloqalariga xalaqit berish istagi ham yoʻq”, — dedi Devid OʼSallivan.

 

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni uchinchi davlatlar orqali chetlab oʻtish imkoniyatidan xavotirda. “Soʻnggi paytlarda biz noodatiy savdo operatsiyalarini hamda YI mamlakatlarida ishlab chiqarilgan va sanksiyalar toifasiga mansub mahsulotlar uchinchi davlatlar hududi orqali Rossiya hududiga qandaydir tarzda kirib borishini kuzatdik”, — dedi maxsus vakil.

 

Uning taʼkidlashicha, bir qator mamlakatlarda YI davlatlarida sanksiya ostiga kiritilgan tovarlar importi koʻpayishi kuzatilmoqda. “Shu bois Oʻzbekistonga kelishimdan oldin BAA, Turkiya, Qozogʻistonda boʻldim. Gruziya, Armaniston va Serbiyaga borish niyatim ham bor. Yana bir bor taʼkidlaymanki, Oʻzbekiston biz oʻz missiyamiz bilan boradigan davlatlardan biri, xolos”, — dedi YI maxsus vakili.

 

Devid OʼSallivanning soʻzlariga koʻra, soʻnggi oylarda Yevroittifoq, xususan, moliyaviy masalalar boʻyicha Bojxona qoʻmitasi va Oʻzbekiston Markaziy banklari bilan samarali axborot almashdi. “Biz ushbu muloqotda baʼzi muammolarni ish tartibida hal qila oldik”, — dedi u.

 

“Biz Oʻzbekistonning [Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi masalasida] betaraf qolish istagini hurmat qilamiz va shunga qaramay, katta ishtiyoq va minnatdorchilik bilan Oʻzbekiston oʻz hududidan joriy qilingan sanksiyalarni chetlab oʻtish uchun foydalanishga qarshi ekanligiga ishonch hosil qildik. Bu davlatning siyosiy tanlovi ekanini tushunamiz”, — dedi Devid OʼSallivan.

 

Uning taʼkidlashicha, amaliy aloqalar chogʻida YI Oʻzbekiston tomoniga Yevroittifoqqa aʼzo davlatda ishlab chiqarilgan ikki tomonlama yoki harbiy maqsadlarda foydalanishga moʻljallangan hamda “Rossiya harbiy mashinasining Ukraina xalqiga qarshi qotillik urushini olib borish qobiliyatiga hissa qoʻshadigan mahsulotlar roʻyxatini topshirgan”.

 

Uning soʻzlariga koʻra, gap yuqori texnologiyali blok-sxemalar, mikrochiplar, qurol-yarogʻlar, boshqaruv tizimlari, artilleriya va qanotli raketalar uchun ishlatilishi mumkin boʻlgan optik jihozlar haqida ketmoqda. “Bu mahsulotlarni biz Rossiya harbiylaridan tortib olingan, qoʻlga kiritilgan harbiy texnikalarda topmoqdamiz. Bilamizki, ular ukrainaliklarni oʻldirish uchun bir qator mahsulotlar va qurol qismlaridan foydalanadilar. Va shuning uchun biz ushbu mahsulotlarni chegaralar orqali olib oʻtishga alohida eʼtibor berishni soʻradik”, deya tushuntirdi YI maxsus vakili. Uning qoʻshimcha qilishicha, gap Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan oʻxshash mahsulotlar haqida ketayotgani yoʻq.

 

“Biz oʻzbekistonlik hamkasblarimizdan [YIda ishlab chiqarilgan] mahsulotlar roʻyxatini Oʻzbekiston orqali olib oʻtish imkoniyatiga alohida eʼtibor qaratishlarini soʻradik, boisi yaqinda ushbu roʻyxatdagi tovarlarni Oʻzbekiston hududi orqali eksport qilish hajmi sezilarli darajada katta — 126 foizga oshganini kuzatdik”, — dedi Devid OʼSallivan.

 

Uning qoʻshimcha qilishicha, YI sanksiyalar biznes uchun siyosiy omillar tufayli xavotirlarni keltirib chiqarishi mumkinligini tushunib, hukumat tashkilotlari va xususiy sektor uchun ushbu sanksiyalarning mohiyatini yetkazib berish maqsadida “odamlar nima haqida qaygʻurish va nimadan xavotirlanish kerakligini bilishlari uchun” ikki kunlik seminar oʻtkazmoqda.

 

“Biz bu muloqotni kelajakda davom ettirishga umid qilamiz, chunki, afsuski, bu sanksiyalar uzoq vaqt, koʻp yillar davom etadi, deb oʻylaymiz. Ukraina hududidagi jangovar harakatlar keyingi oyda tugaydi, deb hisoblasak ham (bu haqda bizda hech qanday dalil yoʻq), hal qilinishi lozim boʻlgan qator masalalar paydo boʻladi. Xususan, bu urush jinoyatlarini tekshirish, tovon toʻlash masalalari, Ukrainaning vayron qilingan infratuzilmasini tiklash masalalari. Boshqacha qilib aytganda, ushbu sanksiyalar ostida yashashni oʻrganishimiz kerak. Shuning uchun bu masala Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar yoʻlida toʻsiq boʻlishini istamaymiz, biz bunga katta ilhom va umid bilan qaraymiz”, — deya taʼkidladi Devid OʼSallivan.

 

Oʻzbek biznesining Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar doirasiga tushib qolishi ehtimoli haqidagi savolga javob berar ekan, maxsus vakil bu holat faqatgina yuqorida qayd etilgan Yevropa mahsulotlari Rossiyaga noqonuniy ravishda qayta eksport qilingan taqdirda roʻy berishi mumkinligini taʼkidladi.

 

“Agar qonunga xilof bitimlar boʻlsa, aytaylik, bunda Oʻzbekistonning ayrim xoʻjalik subyektlari ishtirok etganini koʻrsak, albatta, ular sanksiyalar doirasiga tushadi. Lekin, takror aytaman, bizning maqsadimiz Oʻzbekiston iqtisodiyotiga nisbatan sanksiyalar qoʻllash emas. Biz faqat joriy qilingan sanksiyalarni chetlab oʻtishga yordam beradigan noqonuniy operatsiyalar haqida gapiramiz. Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar esa bu ikki davlatning ichki ishi”, — dedi YI maxsus vakili.

 

U yana bir bor Yevroittifoq eʼtirozini keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan holatlarga toʻxtalib oʻtdi: “Agar sanksiyalar roʻyxatidagi mahsulotlar Oʻzbekistonda ishlab chiqarilsa va Rossiyaga yetkazilsa, bu borada muammo boʻlmaydi. Agar ular uchinchi davlatlardan (Yevropa Ittifoqidan tashqari — tahr.) eksport qilinsa va yana Rossiyaga reeksport qilinsa, bu borada ham muammo yoʻq. Yevropa Ittifoqi tomonidan ishlab chiqarilgan ushbu roʻyxatdagi sanksiyalangan mahsulotlar YI hududidan olib kirilib, Oʻzbekiston hududi orqali Rossiyaga kirganda muammo yuzaga keladi. Bu joriy qilingan sanksiyalarni noqonuniy aylanib oʻtishdir”.

 

Devid OʼSallivan “Oʻzbekistonda moliyaviy oqimlarni va savdoni nazorat qilish sohasida mavjud boʻlgan monitoring tizimidan katta taassurot qoldirganini” aytdi. “Ishonchim komilki, Oʻzbekiston hukumati sanksiyalar roʻyxatidagi ushbu mahsulotlarning ehtimoliy qayta eksportini samarali nazorat qilish yoʻlini topadi”, — deya qoʻshimcha qildi u.

 

Maxsus vakil Yevropa Ittifoqi insonlar hayotiga zomin boʻlayotgan harbiy amaliyotlar haqida gap ketayotgani uchun Oʻzbekiston hukumatidan faqat bunday mahsulotlar ustidan nazoratni kuchaytirishni soʻragani, shuningdek, bu choralar mamlakat tomonidan qanday yoʻllar bilan amalga oshirilayotgani uning ichki ishi ekani, YI esa nazorat choralarini imkon qadar tezroq joriy qilish kerakligini tushuntirishini taʼkidladi.

 

“Biz tushuntirishlarni eshitamiz va buni amalga oshirish yoʻllarini muhokama qilamiz. Umid qilamizki, oʻz missiyamiz natijasida tez orada bu koʻrsatkichlar, yuqoridagi roʻyxatdagi tovarlarning reeksporti boʻyicha statistik maʼlumotlarning kamayishiga guvoh boʻlamiz”, — deya xulosa qildi Yevropa Ittifoqi maxsus vakili.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//