Shavkat Mirziyoyev OFK rahbarini qabul qildi

Saqlash
14:49 / 27.04.2023 1075 0

Shavkat Mirziyoyev 26-aprel kuni Osiyo futbol konfederatsiyasi rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifani qabul qildi.

 

Davlat rahbari Salmon bin Ibrohim Al Xalifani qitʼa konfederatsiyasi prezidenti lavozimiga qayta saylangani bilan samimiy qutlab, Osiyoda ushbu sport turini ommalashtirishga qoʻshayotgan shaxsiy hissasini qayd etdi.

 

Mamlakat va konfederasiya oʻrtasida sermahsul hamkorlik olib borilayotganiga alohida mamnuniyat bildirildi. Futbolni rivojlantirish, unga yoshlarni keng jalb qilish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha qoʻshma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.

 

Al Xalifa Oʻzbekistonda havaskor va professional futbolni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy infratuzilma va oʻqitish bazasini barpo etish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlarni yuqori baholadi. Oʻzbekistonda yoshlar oʻrtasida Osiyo chempionatlari muvaffaqiyatli oʻtkazilgani va yaqinda milliy terma jamoa gʻalaba qozongani bilan tabrikladi.

 

Uchrashuv davomida Osiyo futbol konfederasiyasi bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, yirik tadbirlar, shu jumladan xotin-qizlar va yoshlar oʻrtasidagi birinchiliklarni tashkil etish va oʻtkazish, ushbu sport turini ommalashtirish, ilgʻor tajribani joriy qilish va metodologik yordam koʻrsatish, murabbiylarning malakasini oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//