Ekologiyani yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish davlat zimmasidagi vazifalardan biri – yangi Konstitutsiya

Saqlash
19:09 / 19.04.2023 1683 0

“Ma’naviyat festivali” doirasida o‘tkazilayotgan “Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari!” shiori ostidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlar targ‘ibotchilarining bir guruhi Qoraqalpog‘istonga yetib bordi.

 

 

Unda "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari filologiya fanlari nomzodi, professor Rahimboy Jumaniyozov, psixologiya fanlari doktori, dotsent Feruza Akramova, falsafa fanlari doktori Munira  Qahhorova, “Shuhrat” medali sohibi Alisher Ro‘zmetov, Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli xonandasi Rustam Mirminovlar ishtirok etdi.

 

 

 

Ishni Mo‘ynoq tumanidan boshlagan targ‘ibotchilar guruhi a’zolari avvalo “Orol dengizi tarixi” muzeyiga tashrif buyurib, ekologik falokatning foto, kartinalar va boshqa moddiy buyumlardagi tavsilotlari bilan tanishdilar. Muzey yaqinidagi temir kemalar qabristoni, shamol ko‘kka sovuradigan qum tepalar va borgan sari sohillari chekinib borayotgan majolsiz Orol kishida tabiatni asrash, undan oqilona foydalanib, kelajak avlod qo‘liga ham yetkazish uchun jamiyatda ekologik madaniyat va ekologik ongni rivojlantirish zarur ekaniga ishonch uyg‘otadi.

 

 

 

Muzey tashrifidan so‘ng Mo‘ynoq shahri Yoshlar saroyida “Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari!” shiori ostida tadbir uyushtirildi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangilanayotgan Konstitutsiyamizda zamonimizning eng muhim muammolardan biri – ekologiya masalalariga ham o‘rin ajratilganini ta’kidladilar. Xususan, davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlashi va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi norma sifatida bosh Qomusimiz sahifalaridan o‘rin olgani haqida ma’lumot berdilar.

 

 

 

Kegeyli tumanidagi 3-umumta’lim maktabida uyushtirilgan uchrashuv chog‘i so‘z olgan ma’ruzachilar tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi “Xalq – qonunlarning yagona manbai va muallifidir”, “Barcha muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot asosida va jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda qabul qilinadi”, degan tamoyillarga asoslansagina vujudga keladi, deya ta’kidladilar va aholining savollariga javob berdilar.

 

 

 

Tumanning yaqindagina foydalanishga topshirilgan va aholi orasida 500 ta odamni ish o‘rinli qilgan “Aqtuba tekstil group” korxonasiga bo‘lgan tashrif ham juda qiziqarli o‘tdi. Germaniya, Yaponiya va Turkiyadan keltirilgan zamonaviy uskunalarda sifatli tekstil mahsulotlari ishlab chiqarayotgan ishchilar targ‘ibotchilarga o‘zlari yaratgan kiyim-kechaklarni ko‘rsatdilar.

 

 

 

 

Xuddi shunday targ‘ibot tadbirlari Qo‘ng‘irot tumani Madaniyat saroyi hamda tuman Musiqa maktabida ham bo‘lib o‘tdi.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//