Dam olish kunlari kuchli shamol va yomgʻir yogʻishi kutilyapti

Saqlash
17:33 / 14.04.2023 1797 0

Dam olish kunlari ob-havoning keskin oʻzgarishi kutilmoqda. Respublika boʻylab kuchli shamol boʻladi, yomgʻir yogʻadi va havo salqinlashadi.

 

Bugun, 14-aprel kuni Oʻzbekistonning katta qismida quruq va juda iliq ob-havo saqlanib turadi. Faqat respublika shimoli-gʻarbiy hududlariga Turkmaniston orqali Kaspiy dengizidan salqin va nam havo massalari kirib keladi.

 

15-aprel sanasida salqin va nam havo massalari kirib kelishi sharq tomonga qarab harakatlanadi. Oʻzbekiston boʻyicha baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻladi, ayrim joylarda doʻl yogʻishi mumkin. Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida faqat kechasi va ertalab momaqaldiroqli yomgʻirlar saqlanib turadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo viloyatlarida yogʻingarchilik kuzatilmaydi. Kunduzgi havo harorati +20...+25 darajagacha pasayadi.

 

16-aprel, yakshanba kuni respublikada yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat Toshkent viloyati va Fargʻona vodiysi viloyatlari baʼzi joylarida yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Havo harorati kechasi +10...+15 darajani, kunduzi +20...+25 darajani tashkil etadi, shimolda kechasi +0...+5 darajagacha, kunduzi +7...+12 darajagacha pasayadi.

 

Respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, baʼzida esa 25-28 m/s gacha kuchayishi mumkin. Togʻoldi va togʻli hududlarida vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, dam olish kunlari baʼzi joylarda qorga aylanadi. Dam olish kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//