Yangi tahrirdagi Konstitutsiya qariyb 65 foizga o‘zgaradi

Saqlash
17:09 / 14.04.2023 1978 0

“Ma’naviyat festivali” doirasidagi ”Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari!” shiori ostidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlar Jizzax viloyati farzandi, atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov haykali poyiga gulchambar qo‘yish bilan boshlandi.

 

 

 

Viloyatda o‘tkazilayotgan Konstitutsiyaning yangi tahrirdagi moddalari mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi Abduhalil  Mavrulov boshchiligidagi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari: falsafa fanlari doktori Munira  Qahhorova, siyosiy fanlar doktori, dotsent Davron Muyitov, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Sharq yulduzi” jurnali Bosh muharriri, shoir Sirojiddin Raupov, Toshkent viloyati kengashi deputati, jurnalist Gulnora Ahmedova va “Shuhrat” medali sohibi, xonanda Alisher Ro‘zmetovlar qatnashdilar.

 

 

 

“Ma’naviyat festivali” doirasida Jizzax gornizonidagi 524-SChR bataloni harbiy xizmatchilari va safarbarlik chaqiruv rezervi xizmatchilari uchun ham targ‘ibot tadbiri uyushtirildi. Bunda ularning ma’naviy savodxonligi va siyosiy-huquqiy bilim darajasini yanada oshirish maqsadida yangi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi bosh Qomusimizning moddalari 128 tadan 155 taga, uning normalari esa 275 tadan 434 taga ko‘payishi, ya’ni Konstitutsiya qariyb 65 foizga yangilanishi xabar qilindi.

 

 

 

 

Baxmal tumanining 7-umuta’lim maktabida uyushtirilgan tadbirda yangilanayotgan Konstitutsiyaning bosh tamoyili inson ekaniga urg‘u berildi. Bu bilan mamlakatning eng kichik qismi, ta’bir joiz bo‘lsa, hujayrasi – fuqarolar ekani, bu “hujayra” o‘z-o‘zida a’zo – jamiyatni tashkil qilishi, jamiyat esa davlatga o‘sib borishi sodda va tushunarli suhbatlarda anglatildi.

 

 

 

Shundan so‘ng targ‘ibot guruhi a’zolari tumanda joylashgan  Novqa ota ziyoratgohida bo‘ldilar, O‘zbekiston qahramoni Parda ota Ziyotov va “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Dilbar Saidovalar bilan ko‘rishib suhbatlashdilar.

 

 

 

 

Xuddi shunday targ‘ibot tadbirlari viloyatning Do‘stlik va Gʻallaorol tumanlari ta’lim maskanlarida ham o‘tkazildi va fuqarolar murojaatiga ko‘ra yangi Konstitutsiyaga kiritilayotgan ijtimoiy huquq va burchlar haqidagi savollarga atroflicha javob berildi. Bundan tashqari “Mehr-muruvvat va saxovat” loyihasi bo‘yicha ayrim oilalar holidan xabar olindi.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//