Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti sovgʻa qilgan elektromobilni haydab koʻrdi

Saqlash
20:45 / 13.04.2023 1189 0

Shavkat Mirziyoyev 12-aprel kuni Turkiya sanoat va texnologiyalar vaziri Mustafo Varank boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

 

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻonning topshirigʻiga binoan Oʻzbekistonga kelgan delegatsiya tashrifining maqsadi — Togg brendi ostida ishlab chiqarilgan birinchi milliy elektromobilni namoyish etish va topshirish.

 

Foto: Prezident matbuot xizmati

 

Davlat rahbari ikki tomonlama hamkorlikda bugungi jadal surʼatni, barcha darajalarda oʻzaro muloqot va almashinuvlar faollashganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi.

 

Foto: Prezident matbuot xizmati

 

Bunga misol tariqasida tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib borayotgani, ustuvor tarmoqlarda bir qator yirik investitsiya loyihalari birgalikda amalga oshirilayotgani, mamlakatlar oʻrtasida muntazam aviaqatnovlar koʻpaygani taʼkidlandi.

 

Turkiyaning yetakchi kompaniyalarini qoʻshma, shu jumladan, avtomobil sanoatidagi loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish orqali sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar borligi koʻrsatib oʻtildi.

 

Oliy darajadagi Strategik sheriklik kengashining navbatdagi yigʻilishiga puxta tayyorgarlik koʻrish, jumladan, istiqbolli loyihalar portfelini shakllantirish va uzoq muddatli sanoat dasturini qabul qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Uchrashuv yakunida Togg elektromobilining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Vazir Mustafo Varank avtotransport vositasining texnik koʻrsatkichlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berib, uning kalitini tantanali ravishda topshirdi.

 

Davlat rahbari Turkiyada birinchilardan boʻlib ishlab chiqarilgan ushbu elektromobil ruliga oʻtirib, uni haydab koʻrdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//