Shavkat Mirziyoyev Xitoyga boradi

Saqlash
15:02 / 13.04.2023 1075 0

Shavkat Mirziyoyev 12-aprel kuni Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sin Ganni qabul qildi.

 

Prezident matbuot xizmatiga koʻra, davlat kengashi aʼzosi Afgʻonistonga qoʻshni mamlakatlar tashqi siyosiy idoralari rahbarlarining navbatdagi uchrashuvida ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga kelgan.

 

Uchrashuvda Oʻzbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqilgan.

 

Dastlab tashqi ishlar vaziri Sin Gan davlatimiz rahbariga XXR raisi Si Szinpinning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Uchrashuv davomida siyosiy iroda va birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli ikki tomonlama munosabatlar misli koʻrilmagan yuksak darajaga koʻtarilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

 

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash ikki barobar, qoʻshma korxona va loyihalar soni uch barobar koʻpaydi, Xitoydan 11 milliard dollarlik investitsiyalar jalb qilindi. Pandemiyadan soʻng muntazam aviaqatnovlar tiklangach, hududlararo aloqalar, taʼlim va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi.

 

Oʻzbekiston yetakchisi Xitoyga boʻlajak davlat tashrifi va Markaziy Osiyo—XXR sammitiga puxta tayyorgarlik koʻrish muhimligini taʼkidladi. Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

 

Bugungi kunda texnik hujjatlari tayyorlanayotgan Oʻzbekiston—Qirgʻiziston—Xitoy temir yoʻlini qurish loyihasini tez fursatda amalga oshirish ahamiyati qayd etildi. Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish va ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga amaliy koʻmaklashish borasidagi yaqindan muvofiqlashuvni davom ettirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//